Zunnunova Saida
Saida Zunnunova — shoira va yozuvchi, yangi zamon ayollar o‘zbek adabiyotining asoschilaridan biri.
Saida Zunnunova 1926 yili Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. O‘rta maktabni bitirgach, Andijon pedagogika institutiga o‘qishga kiradi, so‘ngra, O‘rta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga topshiradi. O‘qishni tamomlab, Saida Zunnunova har xil vaqtlarda “Gulxan” oynomasi, “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi nashriyotida va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida maslahatchi bo‘lib ishlaydi.
Saida Zunnunovaning ilk she’ri 1945 yili Andijon viloyati “Paxta fronti” gazetasida bosilgan. “Qizingiz yozdi” (1948), “Yangi she’rlar” (1950), “Gullar vodiysi” (1954), “Qizlarjon” (1962), “She’rlar” (1964), “Bir yil uylari” (1967), “Nilufar” (1972) she’riy to‘plamlari muntazam nashrdan chiqadi. Shuningdek, Saida Zunnunova o‘zini iqtidorli nasrnafis sifatida ham namoyon etadi, har xil davrlarda uning “Gulbahor” (1956), “Yangi direktor” (1957), “Gulxan” (1958), “Olov” (1962), “Odamlar orasida” (1964), “Oydin ko‘chalar” (1965), “Sen bilan zavqlanaman” (1972), “Direktor” kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari chop etiladi. Saida Zunnunova nasri mehnat va oila hayotidan so‘zlab, ulardagi bosh qahramon ayol timsolida gavdalanadi.
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi kotibiyatining majlislaridan birida “xalq dushmani ayoli” Saida Zunnunovani Uyushma a’zoligidan chetlatish masalasi ko‘tariladi.
Rais Saidani o‘rnidan turg‘izib, uni so‘roqqa tuta boshlaydi, go‘yoki, u tergovchi:
— Nima uchun siz hanuz xalq dushmani bo‘lmish o‘z eringizdan voz kechmadingiz? Siz yozuvchilar sha’niga dog‘ tushiryapsiz. Kotibiyat a’zolari eringizdan voz kechishingizni talab chilishyapti.
— Men bunday yo‘l tuta olmayman! - deya javob qildi Saida. — Siz mendan erimdan voz kechishimni so‘rayapsiz, meni Uyushmadan chiqarib tashlayvering. Men ham o‘z shartimni ilgari suraman. Agar unga ko‘nsangiz, erimdan voz kechaman.
— Gapiring, qanday shart ekan? — so‘radi rais.
— Erimni ko‘rmoqchiman. Xalq dushmani ekanligini o‘zi aytsin. Shundagina men undan voz kechaman.
— Buning imkoni yo‘q.
Saida qaddini rostlab,
— Hech qanday tashkilot, hech bir inson bunga aralashish huquqiga ega emas...
Saida majlisni tark etdi. Pochtaga bordi va rais nomiga alamga to‘la xat yozdi. Boshqa konvertga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan berilgan ruhsatnomani solib, kadrlar bo‘limiga yubordi.
Ehtimol, taqdirning o‘zi ularni chiroyli muhabbat tarixi uchun tanlagan, garchi, hammasi juda oddiygina boshlangan bo‘lsa-da. Said Ahmadning xotiralaridan: “Men Katta Farg‘ona kanali qurilishi davrida Yoshlar gazetasida muxbir bo‘lib ishlardim. Bir kuni andijonlik yosh shoira Saida Zunnunova bilan uchrashib qoldik. U mendan bir nechta kitob so‘radi. Menda ular yo‘q edi, lekin do‘stimdan oldim va Saidaga berib yubordim. Kitoblar shu bo‘yi unda qolib ketdi... Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, uyimdagilar Saidaning yaqinlari bilan ko‘rishishdi va to‘yimiz 1949 yilning 28 noyabr sanasiga belgilandi...”
Biroq, ularning baxti uzoqqa cho‘zilmadi. Said Ahmadning eslashicha, juda og‘ir kunlarni boshdan kechirgan kezlari Saida opa ko‘pincha bir narsani takrorlar edi: “Aftidan, men mashaqqatlarni ko‘tarish uchun yaralganman...” Va hatto, to‘y kuni ham oqshom ko‘ylagini aza ko‘ylagiga almashtirgan: 1949 yilning 28 noyabr kuni kelinning suyukli ukasi Nasibjon 17 yoshida vafot etadi. Va uning onasi Sabohatxon aya qizining to‘yida davron surish o‘rniga, Andijonga, o‘g‘lining dafn marosimini o‘tkazish uchun qaytib keladi.
Saida Zunnunova feruza rangini yaxshi ko‘rgan. Mehmondorchilikka borganida ham, feruza toshli zirak taqqan ayollarni ko‘rsa, ularning oldiga o‘tirishga harakat qilgan. Ba’zan qo‘lidagi feruza toshli uzukka qarab, jim bo‘lib qolar edi. Shunday damlarda yangi she’r yoki hikoya yaralar edi.
Saida opaning aytishicha, feruza rang ularga yoshlikni, uy tomida o‘tirib, zavq ila tomosha qilgan moviy osmonni eslatar edi.
Saidaxon otasi bilan erta vidolashadi, shu sababli, kichik ukalariga g‘amxo‘rlik qilib, yoshlik go‘zalligini tushunib yeta olmagan. Saboxon aya qizlar uyga kelishi bilan, ularni chorsi (belga bog‘lanadigan to‘rtburchak ro‘molcha), do‘ppi tikish bilan mashg‘ul qilar edi. Ular bu orqali ro‘zg‘or uchun pul topishar edi...
Saidaxon Andijon pedagogika institutini tamomlab, Izboskan tumanining To‘rtko‘l qishloq maktabida dars berishni boshlagan. U har hafta yigirma kilometr yo‘l bosib o‘tib, topgan pulini uyiga olib borar edi. Ehtimol, shu sababli Saida turmushga chiqqanidan so‘ng ham erining pulini ortiqcha sarflashga ko‘nika olmagan.
Er va xotin — bir-birining ilhom parisi
Said Ahmadning xotirasidan: “Saida ish stoli ustida biror narsa yozganini eslay olmayman. U bir qo‘li bilan qozonda ovqat pishirishi, boshqa qo‘lida she’r yozishi mumkin edi yoki bir qo‘lida beshik tebratib, tizzisiga daftar qo‘ygancha, yozardi va yozardi...Uyda bir emas, uchta yozuv stoli bor edi, u esa duch kelgan yerda yozib ketardi - to deraza ostida yoki dazmol stolida. Ba’zi she’rlarini u oynoma muqovasida yozishni boshlagan va telefon daftarida davom ettirgan. So‘ngra, ularni barini to‘plab, ikki nusxada bosma moshinada terib chiqqan”. Yozuvchining o‘zi esa faqat kechasi ijod qilgan. Ishlarini tahrirlamaguniga qadar xotinining o‘qishini istamagan, shu sababli eshikka: “Saida Zunnunova, hikoya tugadi. O‘qimay turing!”, deb yozib, keyingina dam olgani ketardi. Ertasi kuni tahrirlab, keyingina Saida opaga o‘qib berar edi.
“Men allaqachon o‘qib bo‘ldim. Yaxshi hikoya”, derdi u. Shundan buyon Said aka tahrirlanmagan ishlarini uxlashga ketishdan oldin berkitishni odat qilgan.
Axir, uydagi barcha teshiklardan boxabar bo‘lmagan ayol bormi? Saida opa tahrirlanmagan asarlarini o‘qishda davom etar edi...
Said Ahmad tanqidni ko‘tara olmasdi va kimdur uning ishini tanqid qilishi bilan, u oylab hech narsa yozmasligi mumkin edi. Maqtov esa uning ruhini ko‘tarar edi. Saida opa buni bilib, ko‘chadan har xil “yangiliklar” olib kelardi:
— Men Oybek akani ko‘rdim. Ular sizning hikoyalaringizni xush ko‘rarkanlar. Nima uchun yozishdan to‘xtab qolganingizni so‘radilar.
Said aka bu yolg‘on bo‘lishi mumkin deb o‘ylab qolib, “Bu rost bo‘lsa-chi?”, deb o‘ylanib qolar edi. Oybek akanining ko‘nglini qoldirish mumkin emas, deya yanada yaxshiroq yozishga harakat qilar edi.
Saida opa ertasi kuni G‘ofur G‘ulomdan yangilik olib kelar edi, keyin Abdulla akadan va shu yo‘sinda turmush o‘rtog‘ining ishga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otib turar edi.
1965 yil “Sharq yulduzi” oynomasida chiqqan “Ufq” romanining ilk kitobiga bo‘lgan tanqidni ko‘rib, shu zahotiyoq bu betlarni yulib tashlagan. Aynan shu davrlarda Said Ahmad romanning ikkinchi bobini yoza boshlagan - tanqidni ko‘rgudak bo‘lsa, u ishini davom ettira olmas edi.
Er-xotin har doim bir-birini asrar, ilhomlantirar edi va deyarli, o‘ttiz yil birga turmush qurishdi...
Jiyda gullaganini ko‘rish umidida
Saida Zunnunova gullagan jiyda iforini yaxshi ko‘rgan. Said Ahmadning xotiralaridan: “Jiyda gullaganida, uyimizdan uch hovli narida biz har kecha sayrga chiqardik, uning ifori esa butun ko‘chani egallardi. Bizga boshqa qo‘shni ayollar ham qo‘shilishdi va hammamiz birgalikda jiyda daraxti tagida o‘tirardik. Uyga kirishdan oldin bir dona xushbo‘y jiyda shoxini yulib kirib, suv solingan bonkaga qo‘yar edik. Butun hovlimiz uning ifori bilan burkanardi. Bunday kunlar Saidaxon yarim tungacha, qo‘lida biror kitob bilan hovlida o‘tirar edi, so‘ngra, qo‘liga daftar olib, she’r yozishni boshlardi. Uning ko‘p she’rlari aynan jiyda gullagan davrga to‘g‘ri keladi”.
Jiyda gulining umri qisqa. Bir necha kunga atrofni o‘zining muattar ifori ila to‘yintirib, bu dunyoni “tark etadi”. Uning iforiga to‘ymay, Saidaxon ham keyingi bahorni kuta, “ungacha yetib boramanmi?”, deya yashadi.
Said Ahmadning xotiralaridan: “Bu 1977 yilning bahorida bo‘lgan. Martning o‘rtalarida o‘rik gulladi. Men o‘rikning gullagan shoxidan birini uzdim, olcha tagida gullagan binafshalarni terdim va endigina bosmadan chiqqan “Saralangan asarlar”ning ikkinchi bobi bilan Saidaxonning oldiga kasalxonaga bordim. U avval, nashriyot siyohining isi hali tarqamagan ikkinchi bobni varaqladi. So‘ngra, binafshalarni hidladi. Undan keyingina o‘rik shoxidagi gullarga qaradi.
— Bu hovlimizdagi o‘rikning gullarimi? - so‘radi u.
— Ha, deya javob berdim.
— Marg‘ubaning darvozasidagi jiyda hali gullamadimi? - so‘radi.
— Bir oydan so‘ng gullaydi, deya javob berdim.
— Men esa kasalxonadaligimda gullab qo‘ymasmikin, deya havotirlandim. Yaxshiyamki, u gullaganda men uyda bo‘laman...
Jiyda gullaganda Saidaxon olamdan ko‘z yumgandi... Bir oydan so‘ng gullagan jiyda shoxini yuldim va uning qabri ustiga qo‘ydim”. Saida Zunnunova 1977 yil 51 yoshni qarshi olib, dunyodan ko‘z yumdi.
Said Ahmaddan rafiqasining o‘limidan so‘ng ko‘pincha: “Nima uchun siz Saida opaning o‘limidan so‘ng uylanmadingiz?”, deya ko‘p so‘rashardi. Said aka: “Men uning oldiga yorug‘ yuz bilan bormoqchiman”, deya javob berardi. Yozuvchi rafiqasidan 30 yil ko‘proq umr ko‘rdi! Axir, qachonlardir Saida opa ham erini qamashgan vaqti sadoqatini namoyon etgan.
Oilasi
Turmush o‘rtog‘i — Said Ahmad, o‘zbek sovеt yozuvchisi, dramaturg, qizi - Nodira Husanxo‘jayeva.
Xotira
2013 yilning 10 iyun kuni Toshkentdagi O‘zbekiston milliy bog‘ida Saida Zunnunova va Said Ahmadlarning haykali barpo etilgan.
Mukofotlari
“Hurmat belgisi” nishoni.
Manba: arboblar.uz
Uzpedia.uz