ZULUKLAR



ZULUKLAR (Hirudinea) — halqali chuvalchanglar tipining sinfi. Tanasining uzunligi bir necha santimetrdan 15 santimetrgacha, ba’zan undan ham uzunroq. Tanasi orqa va qorin tomondan yassilashgan, ba’zan tsilindrsimon, 33 ta tashqi halqadan iborat. Zuluklar tanasining tashki halqalari soni ichki halqalari soniga teng bo’lmaydi, odatda, har bir ichki halqaga 3-5 ta tashqi (ikkilamchi) halqa to’g’ri keladi. 400 ga yaqin turi chuchuk suv havzalari va dengizlarda tarqalgan. Ko’pchilik Zuluklarning 2 so’rg’ichi bo’lib, ulardan biri tanasining oldingi, ikkinchisi keyingi qismida joylashgan. Og’iz teshigi so’rg’ich yoki Xartum bilan o’ralgan. Zuluklar yirtqich (xartumli Zuluklar) yoki parazit (jag’li Zuluklar) hayot kechiradi. Yirtqich Zuluklar mayda umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi, parazit Zuluklar turli umurtqali hayvonlar va odam qonini so’radi. Jag’li Zuluklar ichagining yon tomonidagi juda keng xaltalariga ko’p qon so’rib oladi. Zuluklar so’lagi tarkibidagi girudin qonni ivitmaydi. Zuluklar terisi orqali nafas oladi. Ayirish sistemasi — metanefridiylar. Jag’li Zuluklarning qon aylanish sistemasi kon tomirlari devori epiteliysi bo’lmasligi bilan boshqa halqali chuvalchanglardan farq qiladi, qon tomiri tana bo’shlig’i qoldig’idan hosil bo’ladi. Zuluklar germafrodit, urug’langan tuxumlarini pilla ichiga qo’yadi. Lichinkasi pilla ichida o’zgarishsiz rivojlanadi. 2 kenja sinf: qadimgi (Archihirudinea) va haqiqiy Zuluklar (Euhirudinea) ga bo’linadi. Haqiqiy Zuluklar xartumli (Rhynchobdellida) va jag’li Zuluklar (Gnatobdellida) turkumlariga bo’linadi. Tibbiyot Zuluklar (Hiruda medicinalis) dan tromb hosil bo’lishi bilan bog’liq qon tomirlari kasalliklari (gipertoniya, sklerozning boshlang’ich davrlari, insult va boshqalar) ni davolashda foydalaniladi. Tibbiyot Zuluklar maxsus zavodlarda ko’paytiriladi. Ayrim Zuluklar baliqlarga jiddiy zarar yetkazadi. O’rta Osiyo suv xavzalarida chig’anoqli Zuluklar (Glossiphoniacomplanata), soxta ot Zuluklar (Haemopis sanguisida), Turkiston Zuluklari (Limnatus turkistanica) uchraydi. Tseylon va zond arxipelagi tropik o’rmonlarida quruqlikda yashovchi Zuluklar (Haemodipsaceylomca) odam va sut emizuvchilar qonini so’radi. Ad.: Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1995.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz