Zuhriddin Isomiddinov. Suv nafaqat tiriklik manbai, balki hayotning eng ulug‘ mo‘jizasidir
Odamning fikr-o‘yi, niyati va qilmishlari pok bo‘lishi uchun uning xalqumi toza bo‘lishi kerak, deydilar. Xalqum poklanishi uchun esa suv pokiza bo‘lsin. Sog‘lig‘imiz ham, umrimizning uzoq bo‘lishi ham, avvalo, ichar suvimizning sifatiga bog‘liq.
Din odam tuproqdan yaratilgan, deb aytadi. Ammo quruq tuproqdan emas, loydan, albatta. Zero, Alloh taolo “...barcha jonli mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?!” deb aytadi (Anbiyo surasi, 30-oyat). Rabg‘o‘ziyning yozishicha, Alloh Odam ato loyini qorib, ustiga o‘tiz to‘qqiz yil achchiq va sho‘r bir yil esa chuchuk yomg‘ir yog‘dirgan ekan (shuning uchun ham inson hayotining ko‘pi g‘amli, ozrog‘i quvonchli bo‘larkan). Qirq yil yoqqan yomg‘irdan badanimiz suvga xo‘p bo‘kkan ko‘rinadi — inson tanasining 65-66 foizi, uning eng oliy uzvi bo‘lmish bosh miyaning esa 80-82 foizi suvdan iborat.
Tanamizning uchdan ikki qismi suv bo‘lsa, demak biz avvalo suv ekanmiz-da! Boz, odam va umuman barcha tirik organizm iste’mol qilib yutadigan ozuqaning ham sakson-to‘qson foizi suvdan iborat bo‘ladi.
Odamning fikr-o‘yi, niyati va qilmishlari pok bo‘lishi uchun uning xalqumi toza bo‘lishi kerak, deydilar. Xalqum poklanishi uchun esa suv pokiza bo‘lsin. Sog‘lig‘imiz ham, umrimizning uzoq bo‘lishi ham, avvalo, ichar suvimizning sifatiga bog‘liq. Ibn Sinodan tortib jami tabiblar suvga alohida e’tibor bergan: rang-tusi, tuzi, ta’mi, hidi, daryo suvimi yoki quduq suvi, hovuzning, ariqning katta-kichikligiga qadar birma-bir tafsillashgan.
Hammaga ayonki, suv qattiq (muz), suyuq (suv) va gaz (bug‘) holatida bo‘ladi. Bular fizikaga tegishli. Ammo bundan tashqari, har qanday suv yo tirik, yo o‘lik holda bo‘ladi; o‘lik suvning xossasi bilan tirik suvning xususiyati boshqa-boshqa. Ularning ta’mi ham bo‘lakcha. Xo‘sh, tirik suv nimayu o‘lik suv nima?
Osmondan yoqqan qor-yomg‘ir, havoning tunda sovushidan paydo bo‘lgan shabnamu qirov, muzliklarning erib suv holiga kelayotgan, daryo-soylarda oqayotgan holati — tirik suv, qizigan, qaynagan, yo qaynab bug‘ga aylanayotgan suv — o‘lik suvdir. Tabiatdagi suv aylanish tsiklida ushbu biologik holatlar mudom almashinib turadi: dengizu ko‘llardagi suv qizib, asta-sekin o‘lik suvga aylana boradi, uning bir qismi bug‘lanish tufayli osmonga ko‘tarilib, bulut bo‘ladi, qor-yomg‘ir bo‘lib yerga yog‘adi — yana tirik suvga aylanadi. Demak, bug‘-bulutning atmosferada sovish orqali to‘yinishi (uning oqibatida bug‘ suv-qor bo‘lib yana yerga qaytib tushadi) tabiatdagi eng mo‘’jizali va mo‘jizakor hodisa — tiriklik ana shu hodisadan boshlanadi, u tufayligina davom etadi.
Aytishlaricha, har bitta tomchi yomg‘ir va qor zarrasini osmondan yerga bir farishta olib tushar ekan. Shuning uchun ham qor va yomg‘ir “obi rahmat”, ya’ni Allohning rahmat yog‘dirgan suvi deyiladi. Farishtalar soni shunchalik ko‘p emishki, Yer yuzi yaralganda yoqqan birinchi yomg‘irning dastlabki tomchisini olib tushgan farishtaga ikkinchi bir bor navbat kelishi qiyomatgacha dushvor ekan. Tasavvur qiling — Kurrai zamin yaralganidan boshlab oxiratga qadar har yili barcha qit’ayu ummonlarga yog‘adigan behisob yomg‘ir, qor, do‘l donasining miqdorini! Aytaylik, biron gektar joyga besh-o‘n daqiqa yomg‘ir yog‘ib o‘tadigan bo‘lsa ham, aniqki, shu joyga shuncha vaqt ichida milliardlab tomchi yomg‘ir tushadi. Bu naql farishtalar ko‘pligini ko‘rsatish uchun aytilgan albatta, ammo boshqa bir haqiqat ham bor: osmondan tushgan har bir tomchi yo zarra — hayotbaxsh tirik suv, tiriklik suvi, bu bir Yaratganning mo‘’jizasi. Tirik suv shoirlar obihayot deb ta’riflaydigan, ilk bahorda daryolarda shovush hosil qilib to‘lib-toshib, anhorlarda pishqirib, bo‘tana bo‘lib oqadigan, jami dov-daraxt va o‘t-alafning tomiriga jon suvi bo‘lib yetib boradigan suvdir.
To‘g‘ri, o‘lik suvni ham ichsa bo‘ladi, ekin sug‘orish mumkin, ammo ta’siri tirik suv kabi emas. O‘lik suv, nari borsa, kimyoviy tilda aytsak H2O, xolos. Jami o‘simlik va dov-daraxtlarning hayoti tirik suv bilan bog‘liq: yer yuzida hayot paydo bo‘lganidan beri tog‘lar, o‘rmonlar, yaylovlarga yomg‘iru qor — tirik suv yog‘adi. Jon-jonivorlar ham tirik suvni ichadi.
Ilgari odamlarning eng ko‘p ichadigani ham choy yoki kofe emas, suv edi (choyning yurtimizga kirib kelganiga hali ikki asr ham bo‘lmagan). Ariq, soy va daryodan, ular yo‘q joyda esa buloq, quduq, koriz kabi yer osti suvidan ichimlik sifatida foydalanilgan. Bularning barchasi yog‘in sifatida tog‘lar, cho‘llar va tekisliklarga tushgan tirik suv edi. Tog‘lardan kelgan soylar oqsuv, buloqlardan hosil bo‘lgan daryolar qorasuv deb atalgan. Tirik suv organizm uchun foydali, ammo o‘lik suv aksar odamlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bunga ishonch hosil qilish uchun bir misol kifoya: nozikta’b, zakiy odamlar ilgari bir qaynagan suvni yana qaynatib choy damlashni yoqtirmaydi, chunki bu choyning ta’mi aynigan, bemaza. Shuning uchun har gal choy suvini yangilaymiz; o‘lik suvni to‘kib tashlab, qumg‘onga tirik suv quyamiz. Tabiblarning aytishicha, nafaqat ichish, balki cho‘milish uchun ham tirik suv durust. Chunonchi, yoz chillasida tomir kengayishi tufayli bo‘shashib, lohas bo‘lgan odam faqat oqar suvda cho‘milsa, tetiklashib, o‘ziga keladi.
Ammo hozir ko‘p yirik shaharlar (qishloqlarning ham) aholisi tobora chala o‘lik suvni iste’mol qilishga majbur bo‘layotir. Ekin-tikin, chorva ham ko‘proq chala o‘lik suvni ichadi. Bunday suv bizga suv omborlaridan keladi.
Katta shaharlar daryolar yoqasida, irrigatsion qulay maskanda bino bo‘lgan. Toshkent — Chirchiq daryosi bo‘yida qad rostlagan, Samarqand — Siyobdan suv ichgan va hokazo. Ularga tog‘ irmoqlaridan hosil bo‘lgan daryolardan tirik suv oqib kelgan. Shahar o‘z iste’moli uchun kerakli suvni olgan, daryo o‘z o‘zanida yana oqib ketavergan.
Endilikda ko‘p shaharlar yelkasida suv ombori qurilgan. Toshkent sharqida Chorvoq suv ombori, Andijon kunchiqarida Kampirravot, O‘sh janubida Popon suv ombori...
Aksar suv omborlarining sathi sayoz, ya’ni to‘plangan suv keng maydonda yoyilib yotadi. Chunki bu suv havzalari chuqur emas — biron daraning torroq joyiga to‘g‘on solinib, daryo o‘zanidan tabiiy chuqurlik sifatida foydalaniladi. O‘zbekistondagi eng katta Tuyamo‘yin suv omborida qariyb sakkiz milliard kub metr suv saqlanadi (bu to‘rtta Andijon yoki to‘rtta Chorvoq suv omboridagi suvga teng degani), ammo to‘g‘onining balandligi bor-yo‘g‘i 28 metr. Boshqa aksar suv omborlaridagi holat ham shunga yaqin. Sayoz joyda to‘plangan juda ko‘p suv Turonning qaynoq quyoshi ostida qiziydi, oylar davomida bir joyda harakatsiz, tinch turishi tufayli biologik faolligi pasayib, ayniydi. Ahyon-ahyonda undan ko‘proq suv oqizib yuboriladigan bo‘lsa, tevarakni ko‘lmak suvning yoqimsiz hidi tutib ketishi ham shundan. Har mavsumda suv omborlarida tirik jonning salomatligi uchun zararli juda ko‘p suv zaxirasi to‘planib qoladi. Shaharning suvquvur tarmoqlari aholi uchun suvni ana shu ulkan tarelkalardan — necha yuz million kub metrlab suv turg‘un saqlanadigan suv omborlaridan (yoki ulardan daryoning quyi o‘zaniga tashlanadigan suvdan) oladi. Biz garchi zararsizlantirish va tozalash-filtrlash inshootlaridan o‘tgan bo‘lsa-da, ta’mi aynigan, uzoq muddat davomida harakatsiz turgan, sayoz havzalarda mudom qizib-sovugani bois, tiriklik xossasini anchagina yo‘qotgan, o‘liklikka moyil — tiriklik xosiyatini deyarli yo‘qotgan shu suvni ichamiz, ovqat pishiramiz. To‘g‘ri, bu suv tip-tiniq, ammo bu uning ekologik toza ekanligini ko‘rsatmaydi. Faqat daryo va tabiiy ko‘l suvigina o‘z tiriklik xususiyatini yaxshi saqlaydi.
Toshkent suvining ta’mi hatto Markaziy Osiyodagi ko‘p joylarnikidan yaxshi. Choyi shirin. Chunki Toshkent qaynoq cho‘llar oralab yetib keladigan daryolardan emas, shaharning shundoq yelkasidagi Chotqol, Ugom, Piskom, Ko‘ksuv tizmalaridan paydo bo‘ladigan Chirchiq daryosidan suv ichib kelgan. Hozir esa Toshkent shahri Chorvoq suv omboridan oqib chiqadigan Bo‘zsuv kanali suvini tozalab ichadi. To‘g‘ri, suv tindiriladi, filtrlanadi, tozalanadi... Ammo pok bo‘lib qoladimi? Kimyoviy jihatdan balkim “toza”dir, ammo ma’naviy jihatdan-chi? Suv yetti yumalasa halol deydilar. To‘g‘ri, ammo gap bu “yumalayotgan”, ya’ni oqar suv haqida aytilgan. Chunki oqar suv tozarishga moyil bo‘ladi, uni nopok qiladigan jismlar suv yo‘lida qolib ketaveradi. Lekin... hamisha ham shundaymi? Bizningcha, suvda ifloslantiradigan, makruh qiladigan biron nopok narsa yotganini ko‘rsagu, olib tashlamasak, suv har qancha yumalasa ham halol bo‘lmaydi.
Binobarin, biz ichimlik suvi deb berilayotgan suvning ham tibbiy, ham ma’nan juda pok bo‘lishini talab qilishga haqli bo‘la boramiz. Bu talabni qondirish uchun yurtimizda suv manbalarini pokiza asrashga harakat qilishimiz lozim.
Mutaxassislarning aytishicha, suvning rangi, ta’mi va hidi uning tarkibida qanaqa mikroflora hamda mikrofauna (mikroskopik o‘simlik va jonivorlar) ko‘proq tarqalganligiga bog‘liq. Chindan ham, daryo suvidan bir tomchi olib, mikroskop orqali kuzatsangiz, shu bir qatra suvda o‘nga yaqin turli suv o‘tlari o‘sib turganiga va o‘nlab antiqa jonivorlar yashayotganiga ishonch hosil qilasiz (suv qiziganida bularning barchasi halok bo‘ladi. Qaynagan suvning “o‘lik” deb, muzdan tushib, yana hayot kechirish uchun yaroqli holga kelgan suvning “tirik” deb atalishiga sabab, ehtimol, shudir?).
Odamlar “falon daryoning suvi shirin, anov soyning suvi badxo‘r” degan gaplarni bekorga aytmaydi. Chunki har bir ariq yo anhor bo‘lak yerdan oqib o‘tadi, shunga qarab tuz, yod... nisbatiga ega bo‘ladi, mikroflora va mikrofaunasi ham o‘zgacha bo‘ladi. Demak, sinchiklab tekshirilsa, Chirchiq daryosini hosil etadigan Chotqol, Ugom, Piskom, Oqsuv kabi soylar suvi ham bir-biridan ozdir-ko‘pdir, farq qilishini aniqlash mumkin. Bunda ulardan qay birining tarkibi iste’mol uchun eng maqbulligini belgilash qiyin emas.
Bizning taklifimiz — gidrolog va biolog olimlar, tibbiyot xodimlari xulosalari asosida iste’mol uchun eng maqbul bo‘lgan daryo suvini aniqlab, uni Toshkent shahri yaqinidagi tindirgichga yetkazib berish durustligini hal etish mumkin emasmi? So‘ng shu daryoning bosh irmog‘idan etagiga qadar butun gidrografik muhit yaxshilanishi — chorva mollaridan ihotalanib, tabiiy biosfera muhiti tiklanishi, va, nihoyat, shu manbaning suvi quvurlarga olinib, boshqa suvlarga qo‘shilmagan holda Toshkent vodoprovodiga suv olinadigan yer osti sizgichlariga yopiq holda yetkazilsa. Albatta, buning uchun texnik va iqtisodiy jihatdan yechimi topilsa, bu quvur metall emas, keramika bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Bu... xiyla katta mablag‘ni tashkil etadi-ku, deyishlari mumkin.
Ichimlik suvning tozaligi tufayli erishiladigan salomatlik va undan keladigan iqtisodiy-ijtimoiy manfaat esa hazilakam bo‘lmaydi!
Birov bir validan «Siz avliyo bo‘lsangiz, mo‘’jiza ko‘rsating, biz ishonaylik» desa, vali uni qo‘lidan ushlab, “Atrofinga qara, mo‘’jiza bo‘lmagan narsani menga ko‘rsat” degan ekan. Ha, Alloh shu muazzam dunyoni boshdan-oyoq mo‘’jiza qilib yaratgan. Ammo ular ichida ham eng tabarrugi — suv...
O‘zbeklar suvni ”hayotiy muhim modda yo “resurs” deb emas, ulug‘ qadriyat deb e’zozlaydi. Uvolidan qo‘rqadi. Zero, suv nonday, balki nondan ham aziz, muqaddas bir ne’mat. Hatto har bir mo‘’minning so‘nggi nasibasi ham og‘ziga tomiziladigan bir necha tomchi suv... Uni pok saqlash har bir insofli odamning, har bir musulmonning va har bir fidoyi o‘zbekning vijdon ishiga aylanishi lozim.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).
Uzpedia.uz