Zuhriddin Isomiddinov. “Kaminaning nomlari...”





“Maftuningman” kinofilmidagi bir quvnoq qo‘shiq shu so‘zlar bilan boshlanadi. Unda Alijon ismli sartarosh do‘konida raqs tushib qo‘shiq aytadi. Bu ustaga farqi yo‘q: “Qir!” desa, bas, keksami-yoshmi, darrov barchaning sochini qirib-qirtishlab qo‘yishga shay.

Sochni tap-taqir qilib olib tashlash hammaning qo‘lidan keladi. Ammo undan ­boshqasini uddalash qiyin. Har bir el kishisining soch o‘stirib, soqol-mo‘ylov qo‘yishida bir talay o‘ziga xosliklar bo‘ladi va shuning uchun ham uni shu millat vakilidan chiqqan sartarosh ko‘ngildagiday qilib kuzaydi, boshqaniki — boshqacha. Chunonchi, o‘zbek ­qizlari do‘ppi tikadi, ularga “Kel endi, shapka tik”, deb topshiriq berish o‘rinsiz.

Bir o‘quvchilar saroyida adabiyot to‘garagini boshqarayotgan shoirning: “Men bu ishni tashladim. Sababi, bu yerning rahbarlari she’r to‘qish bilan paypoq to‘qishning farqi oz, deb bilisharkan”, deb yozgani esimda. Keyinroq o‘zim ham shunday muammoga duch keldim. Bir institutda tarjima amaliyotidan dars berar ekanmiz, shu dargohning mutasaddilaridan biri: “Hozirgacha rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girishni o‘rgatdingiz, bo‘ldi, yetarli. Endi o‘zbekchadan rus tiliga tarjima qilishdan saboq bersangiz, chunki studentlarimiz ikkala tilni ham yaxshi bilishadi”, deb qolsa bo‘ladimi! U kishiga: “Ruschadan o‘zbek tiliga tarjima qiladigan odam buning aksini qila olmaydi, basharti bunga qo‘l ursa, bekorga ovora bo‘ladi”, deb uqtirishga urindim, ammo so‘zim havoga ketdi.

Bu gaplarni aytishdan murod — badiiy tarjima to‘lig‘icha badiiy ijod, hech kami yo‘q, degan fikrni ta’kidlashdir. Axir, o‘zingiz o‘ylang, birovga “Sen italyan shoiri bo‘lsang-da, inglizchani ham yaxshi o‘rgangansan, endi ingliz tiliga tarjima qilaver”, deb bo‘lmaydi-ku?

Ammo o‘n-o‘n besh yildan beri bir talay adiblarimiz qachon tarjima haqida maqola yozsalar, yo majlis-ma’rakada “chiqish” qilsalar, pirovardida yakkash: “Hozir ko‘p oliy o‘quv yurtlarida talabalar chet til o‘rganyapti, rus, ingliz, olmon va frantsuzchadan tashqari, yapon, xitoy, koreys, hind, arab, urdu tillari ham o‘rgatilyapti, demak, bu yoshlar hademay o‘zbek adabiyoti namunalarini ana shu tillarga o‘girishga ham kirishadilar, negaki bu davr talabi...” kabi ilinj-tilaklarni bot-bot izhor etishadigan bo‘lib qoldi.

Darvoqe, kimlarningdir o‘zbek tiliga tishi o‘tmagani bois, ne-ne asarlarimiz o‘sha tillarga tarjima qilinmayotgan bo‘lsa, ruslarning “Tog‘ payg‘ambar oldiga kelmasa, payg‘ambar tog‘ning oldiga boradi”, degan maqolidagi kabi ularga asarlarimizni o‘zimiz tarjima qilib bersak nima qipti? Shu orada o‘zbek milliy hayotiga oid o‘ziga xosliklar buzilmay, to‘g‘ri aks etadi va hokazo va hokazo...

Bu tushunarli holat — ijod ahli borki, e’tirof etilishni istaydi. Shu sabablimikan, Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Tarjima kengashining diqqat-e’tibori ham keyingi yillarda asosan shu masalaga qaratilyapti.

Ijodkorlarimizning asarlari boshqa tillarda ham yangrab, nomlari olamga taralishini faqat ularning o‘zlarigina emas, biz ham orzu qilamiz.

Ammo... odam bir tilni bilsa, shu tilda bahuzur ijod qila beradimi? Boshqa millat tilini qo‘yaturaylik, duch kelgan bir o‘zbekka, sen o‘zbekchani bilasan-ku, kel endi, hikoya yo she’r yoz, asakang ketmaydi desak, qandoq bo‘larkan? Hatto o‘z ona tilida to‘rt qator she’r yo to‘rt enlik qatra yozib ko‘rmagan, bor-yo‘g‘i u yoki bu chet tilini bir qadar o‘rgangan bola boshqa bir tilda qanday qilib badiiy asar yaratsin? Yetti iqlim naridagi bir xalqning tilini endigina o‘rganib, fikrini o‘sha millat kishisiga ozdir-ko‘pdir tushuntira boshlagan yigit yo qizga biron hikoya yo dostonni o‘sha tilda badiiy qayta tiklashni yuklab bo‘ladimi?

To‘g‘ri, biron seyalkani ishlatish tartibi bayon etilgan yo‘riqnoma matnini qaysidir chet tilni yaxshi biladigan odamga tarjima uchun topshirish mumkin — mazmuni to‘g‘ri aks etsa kifoya. Ammo bir talabaga Muqimiy g‘azallarini ispanchaga, boshqasiga Cho‘lpon she’rlarini yaponchaga o‘girishni yuklash-chi? Ehtimol topshirsangiz, bola bir amallab tarjima qilar ham, ammo uni birov badiiy asar sifatida o‘qimaydi. Chunki tarjimonlik o‘ta milliy va... sartaroshlikka qaraganda ming chandon teranroq narsa, u faqat shu millat kishisining badiiy tafakkuri mevasi bo‘lib yuzaga chiqadi.

Badiiyat o‘ta milliy narsa ekaniga dalil shuki, u yoki bu millat vakillarining aql-zakovati, ilm-bilimi, dunyoqarashini boshqa tilda ifodalash mumkin, ammo milliy hayot tarzi, his-tuyg‘ularini o‘zga tilda hatto xiraroq holda ham aks ettirish amri mahol, boz bu his-tuyg‘ular adabiy-badiiy ifoda topgan bo‘lsa — imkondan xorij bir narsadir.

...Yaqin-yaqingacha Toshkent aeroportiga ketaverishda, yo‘l yoqasidagi to‘qqiz qavatli bir uyning yon devorida rangli koshinlar yopishtirib yasalgan ulkan bir mozaika bo‘lar edi. Unda salla o‘ragan bir o‘zbek chol qiyofasi aks etgan. O‘ta milliy tasvirga o‘xshaydi. Lekin ajabki, cholning ko‘zi o‘zbekning ko‘ziga o‘xshamas, yevropalik kishilarga xos edi. Demak, o‘ris rassom, ming urinmasin, o‘zbek kishisini tasvirlay olmas ekan.

Yozuvchilikda esa inchunin. Boshqa millat kishisining ko‘zini ham bir amallab asliga muvofiq qilib tasvirlasa bo‘lar, ammo uning ko‘ngil kechinmalarini, voqelikka munosabatini, xatti-harakatini, milliy urf-odatlarini shu millat adibi singari his etish amri mahol. Hatto bir umr ruscha muhitda o‘sgan (tug‘ilganida onasidan alla o‘rniga “bayu-bayushki” eshitib ruhi shakllangan, ruscha yasli va det-sadda kamol topib, ruscha maktab va institutlarda bilim olgan, oilada faqat ruscha gaplashib, hozirda bir necha nevaraga “dedulya” bo‘lib yurgan, hatto tushi ham o‘rischa bo‘ladigan) uzbeklar ham rus tilida ijod qilishga qodir emas — o‘ta nozik va benihoya tabiiy o‘rischa nimadir yetishmaydi ularga.

Shu fikrni dalillash uchun yana bir misol.

Rus yozuvchisi Leonid Solovyovning Sharqqa mehri bo‘lakcha edi. Shu tavajjuh izhori sifatida u “Nasriddin afandi Buxoroda” nomli qissa yozgan (hatto shu qissa sabab bo‘lib, Nasriddinning vatani Buxoro, degan tushuncha ham shakllangan – Afandiga aynan shu shaharda haykal qo‘yilishida bu qissaning ta’siri katta).

Shu asarda kulol cholning yolg‘iz farzandi, sohibjamol bir qiz obrazi bor. Ammo bu qiz tushmagurning qiliqlari g‘alati: har kun ertalab hovlidagi bir necha daraxt shoxlariga turli rangli lenta osib chiqadi. Ertasiga yana boshqa alvon lentalar. Bilmadim, ehtimol rus tilli o‘quvchi (va yozuvchi) uchun bu behad go‘zal bir hol bo‘lib tuyilar, ammo biz falonchining bo‘y yetgan bir qizi shunaqa qilib o‘ynar ekan, deb eshitsak, uni jinniga chiqaramiz, chunki o‘zbeklarda telbadan bo‘lak odam bunaqa qilmaydi. Ayniqsa, qissa voqealari kechadigan zamonlarda.

Qissaning yana bir o‘rnida mamlakat podshohi bo‘lmag‘ur bir she’r yozib, uni saroy ahliga o‘qib beradi. Eshitgan vazirlar dod solib yoqa yirtadilar, ba’zi a’yonlar azbaroyi zavqdan behush bo‘lib yiqilishadi... Asarda boshdan-oyoq shunaqa almoyi-aljoyi manzaralar qatorlashib kela beradiki, natijada, ajnabiy o‘quvchi “o‘zbeklar dumbulroq odamlar bo‘lishar ekan”, degan fikrga kelib qoladi. Faqat Afandi dono va tadbirkor, uning bir necha labbaygo‘y jo‘ralari sal “normalniy”, qolgan bari haligiday. Shuning uchun ham bu asar bizda ommalashmadi, o‘zbeklar uni qabul qilmadi. Demak, o‘zga millat adibi qahramonlarga o‘zbekcha chopon kiydirib, ming urinmasin, ularning “ko‘zi” yevropacha chiqib qolishi bor gap ekan.

Bilasiz, har qanday tarjimon oldiga uchta shart qo‘yiladi. Bular — asliyat tilini, o‘z ona tilini va o‘girilayotgan asar materialini yaxshi bilish. Ammo mendan, shu uch talabning ichida ham eng muhimi qaysi, deb so‘rasalar, o‘z ona tilini chuqur bilish, deb javob bergan bo‘lar edim. Chunki til ko‘ngilga – dilga qaraganda ham milliyroq narsa. Kishi shuuridan har turli fikr va tuyg‘ular kechsa-da, uning shakl-shamoyilini aniq-tiniq belgilash mushkul. Ammo tilga ko‘chgan hamma narsa, hatto matematik teoremalarning bayoni ham, sof milliy tusda bo‘lishi shart. Busiz uni tushunish, qabul qilish qiyin kechadi. Asar tili milliyligi esa faqat shu millat kishisining qalami sharofati bilan ro‘yobga chiqadi.

Gruzin adabiyoti klassigi Nikolaz Baratashvilining “Merani” degan mashhur bir she’ri bor. Bu asar gurji xalqiga jon qadar yaqin. Shundan bo‘lsa kerak, ular ayni she’rning dunyodagi barcha xalqlarning tillariga qoyilmaqom tarjima bo‘lishini, dunyo bo‘ylab yangrashini istaydilar, shunga urinadilar. Chunonchi, hozirga qadar bu she’r rus tiliga ikki yuz oltmish martadan ortiqroq o‘girilgan. Ammo gurjilar... hamon qoniqmaydilar. Yanada ajablanarlisi shuki, bu she’rni ruschaga tarjima qilishgan uringan shu ikki yuz oltmish nafar mutarjim orasida ellikka yaqini gruzin shoirlari bo‘lib... eng nursiz, eng shirasiz tarjimalar aynan ularniki bo‘lib chiqqan. Ha, o‘zga tilda ijod qilish, uni harchand egallagan bo‘lmaylik, amri mahol. Xo‘p, endi o‘sha “Merani”ni o‘girgan gurji adiblarining ruschani bilish darajasi o‘zbek talabalarining ispan tili bo‘yicha mahoratidan salgina bo‘lsa ham yuqori bo‘lgandir, haytovur? O‘shalarki ellik martalab urinib, eplay olmaptimi...

Har bir millat o‘ziga nima kerak bo‘lsa, tarjima qilib oladi. Boshqalarga nima kerak ekanini belgilab, uni “etkazib berish”ga urinish shart emas. Dunyo adabiy jarayonida o‘z milliy adabiyoti asarlarini “eksport” qilish tajribasi juda siyrak uchraydi va har gal, gurjilarning anov tajribasi singari, muvaffaqiyatsiz yakun topadi.

Chunki har bir til — bir dunyo. O‘z tog‘ va ummonlari, daryoyu ko‘llari, sahro va bo‘stonlari, tikonu gullari, hid va bo‘ylari, boshqasiga hech o‘xshamaydigan, faqat o‘ziga xos nuru soyalari, shovqin va saslari bor uning.

Buning ustiga, barcha xorijiy filologiya fakultetlarida o‘sha til grammatikasidan dars berish saboqning asosiy qismini tashkil etadi, ya’ni bolalar to‘rt yil davomida, aytaylik, olmon tili fonetikasi, morfologiyasi, sintaksisi va uslubiyotini hijjalab xatm qiladi. Ammo o‘zbek tili qonun-qoidalarini yodlash uni yaxshi bilish kafolati bo‘lmagani kabi olmon grammatikasini suv qilib ichib yuborish ham olmon tilini qoyilmaqom qilib o‘rganish degani emas. Chunki har bir til — jonli, tirik bir organizm, uni “ega”yu “kesim”ga, “olmosh” va “ravish”ga parchalab emas, avvalo, ilohiy mo‘‘jiza sifatida amaliy o‘rganish darkor.

Va nihoyat, chet tili fakultetlarida to‘rt yil davomida xorijiy adabiyot soatlari o‘sha til grammatikasiga ajratilgan dars soatlarining o‘ndan birini ham tashkil etmasligiga nima deysiz? Faqat til xatm qilinib, adabiyotga qariyb e’tibor berilmasa, aytaylik, xitoy adabiyotini (tarixini, g‘oya va oqimlarini, tendentsiya va an’analarini, bugungi holatini, badiiyati va hokazolarni) yaxshilab o‘rganmagan va asli boshqa xalq vakili bo‘lgan odam qanday qilib xitoy tilida badiiy ijod bilan shug‘ullanib, tarjima qilsin? Bu, bir anoyi odamning terak uchiga qumg‘on osib, choy qaynatish uchun yerda olov yoqib o‘tirishiga o‘xshamaydimi?

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 26-son






Uzpedia.uz