ZOOLOGIYA INSTITUTI
ZOOLOGIYA INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti — hayvonot olamining xilma-xilligi, ekologiyasi, biologiyasi, ahamiyatini o’rganib, ulardan oqilona foydalanish, noyob, yo’qolib ketish xavfi tug’ilgan turlarni muhofaza qilish, zararkunandalarga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish bo’yicha ilmiy asoslar yaratuvchi va muvofiqlashtiruvchi Markaziy ilmiy muassasa. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika va zoologiya institutidan 1950 yilda mustaqil bo’lib ajralib chiqqan. Institutda O’zbekiston hayvonot olamining biologik xilma-xilligi, sistematikasi, ekologiyasi, xo’jalik ahamiyatiga molik umurtqali va umurtqasiz hayvonlar biologiyasi hamda rivojlanish tsikli tadqiq etiladi; respublikadagi biologik resurslardan oqilona foydalanish, ovchilik va baliqchilikni rivojlantirishga oid tavsiyanomalar; yovvoyi hayvonlarning noyob va kamayib borayotgan turlarini tutqinlikda ko’paytirish usullari ishlab chiqiladi; inson faoliyati tufayli tabiatda ro’y berayotgan o’zgarishlarning hayvonot olamiga ta’siri o’rganiladi hamda hayvonlarning biologik xilma-xilligini saklab qolish bilan shug’ullaniladi; turli hududlarda chorva hamda yovvoyi hayvonlarda uchraydigan ektova endoparazitlar ekologiyasi hamda biologiyasi, ularning zarari o’rganiladi; qishloq xo’jalik hayvonlari va ekinlari zararkunandalari hamda ularga qarshi kurashning nazariy va amaliy asoslari va boshqa masalalar ishlab chiqiladi. Institutda 5 bo’lim (umumiy entomologiya va araxnologiya, umumiy parazitologiya, suv zoologiyasi, quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar, evolyutsion morfologiya va hujayra biologiyasi), 11 laboratoriya (hasharotlar ekologiyasi va sistematikasi, hasharotlarni biologik nazorat qilish, araxnologiya va tuproq zoologiyasi, parazitologiya, gelmintologiya, ixtiologiya va suv umurtqasizlari, gerpetologiya, ornitologiya, teriologiya, ekologik fiziologiya va hujayra biologiyasi, morfologik qiyoslash va hayvonlar toksikologiyasi) hamda insektariy va zaharli ilonlar pitomnigi faoliyat ko’rsatadi. Institutning fondida 34 mingga yaqin hayvonlar kollektsiyasi to’plangan. 60 dan ortiq monografiya, 60 ga yaqin ilmiy to’plam, 100 ga yaqin takdimnoma va metodik qo’llanmalar, 40 dan ortiq ilmiy ommabop risolalar nashr etilgan. Bular orasida T. 3. Zohidovning 4 jildli “Zoologiya entsiklopediyasi” Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan. Jaloliddin Azimov. Elmurod Shernazarov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz