ZOOGIGIENA



ZOOGIGIENA, hayvonlar gigienasi — hayvonlar sog’lig’ini saqlash to’g’risidagi fan. Hayvon organizmi bilan tashki muhitning o’zaro ta’sirini, hayvonlar sog’lig’ini himoya qilish, ularni boqish va parvarish etish, ulardan foydalanish, sog’lom nasl olish sharoitlarini hamda chorva mahsuldorligini oshirish yo’llarini o’rganadi. Tashqi muhitning noqulay ta’sirini kamaytirish yoki yo’qotish usullarini ishlab chiqish, yuqori sanitariya sifatlariga ega bo’lgan chorvachilik mahsulotlari olish, tashqi muhitni oqova suvlar, ferma va chorvachilik komplekslarining ishlab chiqarish chiqindilari bilan ifloslanishidan muhofaza qilish ham Zoogigiena vazifalariga kiradi. Zoogigiena odamni zooantroponozlardan va kasb kasalliklaridan muhofaza qilishga ham bevosita aloqador. Zoogigiena kasalliklarning oldini olish to’g’risidagi fan sifatida veterinariya fanlariga kiradi va hayvonlar fiziologiyasi, zootexniya, toksikologiya, mikrobiologiya, qishloq xo’jalik iqtisodiyoti va boshqa fanlar bilan bog’liq. Zoogigiena umumiy va xususiy Zoogigienaga bo’linadi. Umumiy Zoogigiena havo va tuproq muhiti, suv va sug’orish, ozuqalar va oziqlan-tirish gigienasi, chorvachilik binolari mikroiqlimi masalalarini, shuningdek, mollarni yayratish, yoz va qishda boqish, saqlash rejimlarini o’rganadi; chorvachilik binolari, veterinariya va veterinariya-sanitariya ob’yektlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish, ferma va chorvachilik komplekslarida infektsion kasalliklar tarqalmasligi talablarini belgilaydi. Xususiy Zoogigiena umumiy Zoogigiena vazifalari va talablarini mamlakatning iqlim zonalarini hisobga olgan holda hayvonlarni saqlash va oziqlantirish sharoitlari masalalarini hayvonlarning turi, yoshi, jinsi, yo’nalishiga qarab o’rganadi. Zoogigiena o’z vazifalarini bajarishda statistik, sanitariya tekshiruvi, klinik fiziologiya tadqiqot usullaridan foydalanadi. O’zbekistonda chorva mollarini boqish va parvarishlash, davolash va kasalliklardan himoya qilish ishlari uzoq tarixga ega bo’lsada, Zoogigiena fan sifatida 20-asr boshlaridan rivojlana boshladi. Zoogigiena sohasida iqlim va binolar mikroiqlimining hayvonlar organizmiga ta’siri, fermada mollarni joylashtirish me’yorlari, fermalarni sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, sifatli ozuqa tayyorlash, turli xil moddalardan zaharlanishning oldini olish, mollarni yaylovlarda boqish va ularni turli zararli hasharotlar ta’siridan saqlash va boshqa masalalar o’rganildi. Zoogigiena bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari O’zbekiston veterinariya institutipya., Samarqand qishloq xo’jaligi institutining veterinariya fakulteti va Toshkent agrar universiteti zootexniya fakultetlari kafedralarida olib boriladi. Zoogigiena tavsiyalari va talablari barcha xo’jaliklarda hayvonlarni parvarishlash, boqish, saqlash va ko’paytirish bo’yicha majburiy bo’lgan zootexnika va veterinariya qoidalariga kiradi. Ad.: Suvonqulov Y. A., Qishloq xo’jaligi hayvonlari gigienasi, T., 1994; Shopo’latov J., Veterinariya asoslari, T., 1994. Ermuhammad Toshpo’latov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz