ZOOGEOGRAFIYA
ZOOGEOGRAFIYA, hayvonlar geografiyasi — hayvonlarning hozirgi davrda va o’tmishda yer yuzida tarqalishi, taqsimlanishini o’rganadigan biogeografiya fanlaridan biri. Zoogeografiya hayvonlar tarqalishi va taqsimlanishi, ular taksonomik va ekologik guruxlarining er yuzida joylanishining zamonaviy va tarixiy sabablari hamda qonuniyatlarini tadqiq qiladi. Zoogeografiya ayni vaqgda biologiya hamda geografiya fanlari qatoriga kiradi. Tekshirish ob’yektiga ko’ra, Zoogeografiya biologiyaning sistematika, paleontologiya, ekologiya, o’simliklar geografiyasi va boshqa fanlari, tabiiy geografiyaning paleogeografiya, landshaftshunoslik, tarixiy geologiya fanlari hamda tarix, arxeologiya, etnografiya kabi ba’zi ijtimoiy fanlar bilan uzviy bog’langan. Zoogeografiyaga qiziqish Ch. Darvinnmng “Turlarning paydo bo’lishi” (1859) asari yaratilganidan keyin kuchaydi. Darvin asarining 12 – va 13-boblari organizmlarning yer yuzida tarqalishiga bag’ishlangan. Zoogeografiyaning rivojlanishida ingliz tabiiyotshunosi F. Skleteraning ishlari (1858) diqqatga sazovordir. U qushlarning tarqalishini batafsil tadqiq qilish asosida yer yuzida tarixiy taraqqiyot davomida tarkibi jihatidan bir-biridan farq qiladigan, o’z tarixiga va o’ziga xos faunistik kompleksiga ega bo’lgan hayvonlarning hududiy kompleksi shakllanganligini ko’rsatib berdi. Bunday komplekslar keyinroq zoogeografik oblastlar deb ataladigan bo’ldi. Zoogeografiyadagi tarixiy yo’nalishni ingliz olimi A. G. Uolles boshlab bergan. Uning “Hayvonlarning geografik tarqalishi” (1876) asari evolyutsion Zoogeografiyaga asos slogan asar hisoblanadi. Turli mamlakatlarda hayvonlarning tarqalishini o’rganish sohasidagi tadqiqotlar bundan bir necha yuz yil ilgari boshlangan. Bu borada Yevropa va Osiyoning turli mintaqalariga sayohat qilgan rus tabiiyotshunoslari S. P. Krasheninnikov, aka-uka I. G. va S. G. Gmelinlar, P. S. Pallas va I. I. Lepexinning xizmatlari katta bo’ldi. 19-asrga kelib K. M. Ber, A. F. Middendorf, E. A. Eversman, Yu. I. Semashko, A. P. Semenov — Tyan-Shanskiy va boshqalar tomonidan Zoogeografiyaga oid juda ko’p materiallar yig’ildi va umumlashtirildi. Suv faunasini o’rganish bo’yicha L. S. Berg, N. M. Deryugin, N. M. Knipovich, L. A. Zenkevich va boshqalar yirik tadqiqotlar olib borishdi. Hozirgi Turkiston o’lkasi hayvonlarining geografik tarqalishini urganish ishlarini N. A. Seversov boshlab bergan. Bu sohada D. N. Kashkarovning xizmatlari ham katta bo’ldi. O’rta Osiyo hududi hayvonlarini o’rganish va zoogeografik rayonlashtirishda M. A. Menzbir, N. A. Zarudniy, P. A. Kuznesov, A. P. Kuzyakin, S. A. Chernov, T. Z. Zohidov, R. N. Meklenbursev, O. N. Bogdanov va boshqalar ham qatnashdi. Zoogeografiyaning asosiy metodlaridan biri zoologik xaritalarni tuzish, ya’ni geografik xarita orqali ayrim turlar va butun bir faunistik kompleksning arealini va ularning geografik muhit bilan aloqasini ko’rsatib berishdan iborat. Areal eng asosiy zoogeografik tushuncha bo’lib, zoogeografik tadqiqotlarning bosh ob’yekti hisoblanadi. Biror mamlakat yoki fizik-geografik hudud (Orol, tog’, cho’l yoki suv ekosistemasi) faunasi turlarining tarkibi va ularning tarqalishini; ekologik jamoalar (biogeosenozlar)ning tarkibi, ularning yer yuzida tarqalishi qonuniyatlarini o’rganish ham Zoogeografiyaning vazifasiga kiradi. Zamonaviy Zoogeografiya rivojlanishining asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat: a) ayrim turlar va taksonlar arealini urganish; ular areali chegarasini va tarkibini, yo’qolib borayotgan, noyob va xo’jalik jihatdan qimmatli turlar tarkibi, ular sonining o’zgarishi sabablari va qonuniyatlarini aniqlash; b) alohida maydonlarda hayvonlarning birga yashovchi guruxlarining shakllanishi, ularning tarkibi va hayot kechirishi xususiyatlarini o’rganish; v) faunistik komplekslarning hududiy taqsimlanishi, ularning shakllanishi yo’llari dinamikasi va tarkibining o’zgarib turishi sabablari, ularga inson faoliyati ta’sirini aniqlash; g) tabiat tarkibiy qismlarining hayvonlarning tarqalishiga, ayrim turlar va faunistik komplekslarning moslanish xususiyatiga yoki aksincha hayvonlarning landshaftga ta’sirini o’rganish. Zoogeografiya tur hosil bo’lishi omillari va usullarini tushunib olishda katta ahamiyatga ega. Ko’pchilik biologlarning fikricha, populyasiyalarning hududiy alohidalanishi bilan bog’liq geografik tur hosil bo’lishi bu jarayonni evolyutsion nuqtai nazardan hal etishda muhim ahamiyatga ega. Zoogeografiya tadqiqotlaridan tarixiy geol. va geografiyani o’rganishda foydalanish mumkin. Zoogeografiya dalillari qit’alar o’rtasida mavjud bo’lgan geologik bog’lanishlarni, Avstraliya, Antarktida va yer yuzi okeanlari tarixini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zoogeografiya ovchilik va mo’ynachilikda, dengizlarda baliq ovlashni yo’lga qo’yishda amaliy ahamiyatga ega. Zoogeografiya ma’lumotlari qishloq xo’jalik ekinlari va chorva mollari zararkunandalarini o’rganish va ularga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqishda, hayvonlarni iqlimlashtirish va tabiatni muhofaza qilish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni hal etishda katta ahamiyatga ega. Ad.: Darlington F., Sovremennie problemi zoogeografii, M., 1980. Kobishev N. M., Geografiya jivotnix s osnovami zoologii, M., 1988.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz