ZOMIN TOG’-O’RMON DAVLAT QO’RIQXONASI
ZOMIN TOG’-O’RMON DAVLAT QO’RIQXONASI – Jizzax viloyatida joylashgan. Turkiston tizma tog’lari g’arbiy qismining shimoliy yon bag’rida, Ko’lsoy va G’o’ralassoy havzalarini ishg’ol etgan. Janub Tojikiston bilan chegaradosh. Maydoni 15,5 ming gektar, shundan 11,2 ming gektar archa o’rmonzorlari. Dastlab 1926 yilda G’o’ralas tog’-archa qo’riqxonasi nomi bilan tashkil etilgan. Qo’riqxonada tog’ o’rmonlarini va archa biologiyasini o’rganish, archazorlarni ko’paytirish, hayvon va o’simlik turlarini saqlab qolish ishlari olib boriladi. Relyefining murakkabligi va turli iqlim tuproq sharoitlariga ko’ra, qo’riqxonada 3 o’simlik mintaqasi (dasht, o’rmon, subalp) mavjud. Qo’riqxona hududi tipik tog’li o’lka bo’lib, dengiz sathidan 1760-3500 metr balandlikda (eng yuqori nuqta — Turalas tog’i 3560,5 metr balandlikda). Yillik o’rtacha yog’in miqdori 400 millimetr dan ortiq. Iqlimi keskin kontinental, maksimal harorat yozda 33°, qishda —35—38°. Qo’riqxona hududida archazorlarning quyi qismida (1900— 2700 metr) Zarafshon archasi va qora archa, o’rta qismida (2100-2800 metr) sovur archa, yuqori qismida (2100-3200 metr) o’rik archa o’sadi. Bulardan eng ko’p uchraydigani sovur archadir. U qora archa va o’rik archa orasida ham o’saveradi. Qo’riqxonada 180, hatto 400 yoshga kirgan archalar bor. Archadan tashqari Tyanshan chetani, Turkiston qayini; butalardan zirk, na’matak, uchqat, irg’ay, tobulg’i o’sadi. Qo’riqxona hayvonot dunyosi xilma-xil. Qo’riqxonada Respublika qizil kitobiga kiritilgan Turkiston silovsini, oq tirnoqli ayiq, arxar, Bars shuningdek, bo’ri, bo’rsiq, tulki, jayra, to’ng’iz va boshqalar yashaydi. Qo’riqxona hududida o’simliklarning 720, turli qushlarning 130, sut emizuvchilarning 37 turi, sudralib yuruvchilardan 8, baliqning bir turi tavsiflangan. Parrandalardan pushti shaq-shaq, to’rg’ay, miqqiy, zag’cha, zag’izg’on, kaklik, bedana, boltatumshuq, govkaptar, g’urrak, Turkiston ukkisi, boyqush va boshqalar bor. Qo’riqxonada uning hayvonot va o’simliklar dunyosini o’rganish bo’yicha ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo’lgan tadqiqot ishlari olib boriladi. Boris D’yakin.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz