ZODIAK YORUG’LIGI
ZODIAK YORUG’LIGI – ekliptika bo’ylab joylashgan xira yorug’lik. Ekliptika ufqqa tikroq bo’lgan paytlarda kechqurun qorong’ilik tushishi bilan g’arbda yoki tong otmasdan avval Sharqda ko’rinadi. Bu yorug’lik aslida Quyosh atrofida aylanib yurgan changlarni Quyosh nuri yoritishi natijasi bo’lib, sentabr — noyabr oylarida ertalab, yanvar — mart oylarida kechqurun yaxshi ko’rinadi. Yozda ufqning shimol tomonida diffuz nurlanish bo’lib ko’rinadi. Zodiak yorug’ligi ekvatorga yaqin joylarda yaxshi ko’rinadi va umuman tungi osmon yorug’ligining 15° ni tashkil etadi. U qisman qutblangan; qutblanish darajasi Quyoshdan burchakli uzoqligiga bog’liq. Spektri Quyosh spektriga yaqin, undagi kabi yutilish chiziqlari ham bor. Zodiak yorug’ligini kuzatish natijasida sayyoralararo chang gaz moddalari taqsimoti o’rganiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz