ZIYO KO’KALP
ZIYO KO’KALP, Go’kalp (taxallusi; asl ism-sharifi Mehmed Ziyo tavfiq Afandi o’g’li) (1876, Diyorbakr — 1924, Istanbul) — faylasuf va sotsiolog. Turkiya Respublikasida milliy mafkura va sotsiologiya faniga asos solgan. Yoshligidan boshlab Turkiyada sultonlik tuzumiga qarshi kurashdi. “Yosh qalamlar” jurnaliini nashr qildirdi (1908 yildan). Ziyo Ko’kalp barcha turkiy xalqlarni turkchilik asosida birlashtirish tarafdori, turkiy dunyo birligi g’oyalarini nazariy jihatdan ishlab chiqdi. Buning uchun Usmonlilar sultonligi tomonidan ta’qib va quvg’inga uchradi, surgun qilindi va qamoqqa tashlandi (1918). Keyinchalik Mustafo Kamol Otaturk tomonidan Turkiya Respublikasining mas’ul lavozimlariga tayinlandi. Yosh Turkiyaning milliy mafkurasini ishlab chiqdi. Turkiyada 9 jildlik kulliyoti chop qilindi (1952-82). Ziyo Ko’kalpning tarixga oid asarlarida Turkiya va turkiy xalklarning demokratik va milliy mustaqillik, taraqqiyot yo’liga o’tishining tarixiy, siyosiy tafsilotlari, nazariy muammolari, tajribasi va eng muhimi, turkiy tamaddunning kelgusi taraqqiyot yo’llari bayon etilgan. Ad.: Zohidiy A., Umumbashariy turkiy tsivilizasiya: muammolar va yechimlar, T., 1994; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob (O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz