“ZIJI KO’RAGONIY”
“ZIJI KO’RAGONIY”, “Ziji jadidi Ko’ragoniy” (“Ko’ragoniy yangi astronomik jadvali”), “Ulug’bek Ziji” — Samarqand yaqinidagi rasadxonada Mirzo Ulug’bek rahbarligida yaratilgan (1437) ilmiy asar. Ikki bo’limdan (batafsil yozilgan muqaddima va vaziyatlari elliptik sistemada berilgan 1018 ta yulduzning jadvalidan) iborat. Muqaddima 4 qismga ajratilgan. l-qism — xronologiyada Sharq xalqlarining yil hisoblash usullari bayon qilingan. Arab, Yunon, Eron, Xitoy va uyg’urlarda yil hisoblash tartiblari, bularning biridan ikkinchisiga o’tish yo’llari va u xalqlarning o’ziga xos milliy bayramlarini hisoblash usullari ifodalangan. 2-qism amaliy astronomiya masalalariga bag’ishlangan. Bunda ekliptika va ekvator orasidagi burchakni aniqlash, osmon jismlarining koordinatalarini topish usullari, meridian chizig’ini o’tkazish, qibla azimutini aniqlash, geografik koordinatalarni topish, yil davomiyligini aniklash va osmon sferasida differentsial o’lchashlar o’tkazish masalalari yoritilgan. 3-qismda sayyoralarning ko’rinma harakatlari geosentrik sistema asosida sharhlangan. 4-qismda goroskop haqida ma’lumotlar keltiriladi. “Ziji Ko’ragoniy” da keltirilgan yulduzlar jadvali Samarqandda olib borilgan kuzatishlar asosida tuzilgan. Jadval yulduzlar soni va kuzatishlarning originalligi jihatdan astronomiya tarixida Gipparx — Ptolemey jadvalidan keyin (2-asr) ikkinchi o’rinda turadi. Optik asboblar ixtiro qilinguniga qadar tuzilgan zijlar orasida “Ziji Ko’ragoniy” eng mukammal hisoblanadi. Undan vaqtni aniqlash va geografik koordinatalarni o’lchashda, shuningdek, turli astronomik masalalarni hal qilishda 17-asrga qadar Sharqda va Yevropada foydalanib kelindi. Asarda boshqa jadvallar ham bor. 683 ta punkt uchun geografik koordinatalarni o’z ichiga oluvchi jadval, asosan, turli manbalardan foydalanib tuzilgan. Sinus va tangeslarning trigonometrik jadvallari Samarqand olimlari ishlab chiqqan yangi usullar yordamida hisoblangan; ular o’sha davrga qadar hisoblangan jadvallarga nisbatan ancha aniq. “Ziji Ko’ragoniy” fors tilida yozilgan; keyinchalik, Arab va turk tillariga tarjima qilingan. Ulug’bekning shogirdi Ali Qushchi Zij qo’lyozmalarining keng tarqalishiga katta hissa qo’shdi. “Ziji Ko’ragoniy” Yevropada birinchi marta 1648 yilda (Angliya) nashr qilindi; keyinchalik, ko’pgina Yevropa tillariga tarjima qilindi. “Ziji Ko’ragoniy” ning qo’lda ko’chirilgan nusxalari Angliya, Frantsiya, Turkiya va Hindiston kutubxonalarida, fors tilida yozilgan eng eski nusxalaridan biri O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Ad.: Kari Niyazov T. N., Astronomicheskaya shkola Ulugbeka, Izbr. Trudi, t. 6, T., 1967; Geveliy ya n, Atlas zvyozdnogo neba, T., 1970.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz