ZIG’IR TOLASI
ZIG’IR TOLASI — zig’ir poyasidan olinadigan mahsulot. Mayin, uzun (0,5— 0,1 metr), pishiqtola; chiroyli tovlanib turadi. Zig’ir poyasidan ajratib olish uchun poya ivitiladi. Ivitilgan poya ochiq havoda yoki maxsus quritgichda quritiladi. So’ngra ezish mashinasining tishli jo’valari (valeslari) orasidan o’tkazilib, yog’ochlik qismi sindiriladi. Savash mashinasida tola chiqindilar (kalta tola va yog’ochlik) dan tozalanadi. So’ngra tarash mashinalarida taralganda uzun va kalta (tarandi) tolaga ajraladi. Yigiruv mashinalarida uzun Zig’ir tolasidan yuqori raqamli ip, tarandi toladan past raqamli ip olinadi. Zig’ir tolasini yigirib olingan ipdan turli buyumlar to’qiladi. Zig’ir tolasidan mato to’qish ip gazlama to’qishdan farq qilmaydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz