ZIG’IR
ZIG’IR (Linum) — zig’irdoshlarga mansub bir yillik va ko’p yillik o’simliklar turkumi, tola va moy olish uchun ekiladigan ekin. Mo’tadil va subtropik mintaqalarda tarqalgan. Yer yuzida 230 dan ortiq turi mavjud. Tolasi va moyi uchun ekiladigan madaniy Zig’ir (L. usitatissimum) turi xo’jalik ahamiyatiga ega. Zig’ir qadimdan shimoliy Ispaniya, Xitoy, Misr, Rossiyada ma’lum bo’lgan. Moyli Zig’ir Argentina, AQSh, Kanada, Xitoy, Hindiston, Misr, qisman O’rta Osiyoda ekiladi. Jahon bo’yicha umumiy Zig’ir maydonlari 3,4 million gektardan ortiq, urug’i bo’yicha yalpi hosili 2,9 million tonna (1999). Tolali Zig’ir, asosan, Rossiyaning Yevropa qismi, Ukraina, Polsha, Ruminiya, Frantsiya, Chexiya, Slovakiyada ekiladi (jahon miqyosida tolali Zig’ir maydonlari umumiy ekin maydonining 1/4 qismini tashkil etadi). Tolali zig’ir tola olish uchun ekiladigan bir yillik o’simlik. Poyasi ingichka, silliq, tik usadi, och yashil rangli, bo’yi 60-120 santimetr. O’simlik yetilganda poyasi sarg’ishyashil rangli. Bargi oddiy, bandsiz, navbatma-navbat joylashadi, rangi yashil. Gul to’plami poyaning uchida joylashadi, zangori rangda, o’zidan changlanadi. Gullash davri 6-10 kun davom etadi. Mevasi ko’sakcha, uzunligi 6,1—8,3 millimetr, eni 5,7—6,8 millimetr, 5 uyali, odatda, uyada 10 ta urug’ bo’ladi. Urug’i yassi, silliq, seryog’ (42-49%), 1000 ta urug’ining vazni 2,8—8,7 gramm. Tolali Zig’ir harorati mo’tadil, bahor va yozda teztez yomg’ir yog’ib turadigan mintaqada ekiladi. Urug’i 5° issiqda unib chiqadi. Maysasi —3—5° sovuqqa chidaydi. Maysalanish davrida muqobil harorat 9-12°, qolgan davrlar uchun 16-18°. Harorat 22° dan yuqori bo’lsa tolali zig’irning o’sishiga salbiy ta’sir qiladi, poya ko’p shoxlanadi, tola sifati pasayadi. Vegetatsiya davri 75-90 kun, yetilishi uchun 1100— 1500° samarali harorat talab qilinadi. Tolali zig’ir uzun kunlik o’simlik. Kun yorug’ bo’lsa shoxlanishi ko’payadi, ammo soya joylarda poyasi yotib qoladi. urug’i 12° da unib chiqadi. Gullash — yetilishi davrida harorat 20-22° bo’lgani ma’qul. Foydali harorat yig’indisi 1600-1800° talab qilinadi. Vegetatsiya davri 150 kungacha borishi mumkin. Bo’yi 40-70 santimetr. Urug’ida 52% gacha moy bor. Moyli zig’ir unumdor va begona o’tlardan toza yerlarga ekiladi, sho’rlangan, og’ir tuproqlar yaramaydi. Zig’irdan yuqori sifatli tola va moy olinadi. Tolasi pishiq, mustahkam, egiluvchan. Zig’ir tolasidan kiyimlik gazlamalar (Batist), brezent, paxta va kimyoviy tolaga qo’shib dekorativ gazlamalar, arqonlar ishlab chiqariladi. Oziq-ovqatda, lokbo’yoq sanoatida, tabobatda qo’llanadi. Kunjarasi chorvachilikda sifatli ozuqa hisoblanadi. Tola hosili 0,4—1,6 t/ga (poyadan chiqishi 10-15%), urug’ hosili 2,5—21 ts/ga. Bir ekilgan dalaga zig’ir 5-7 yildan keyin ekiladi, yaxshi o’tmishdosh — beda, no’xat, poliz ekinlari, shudgor qilishdan oldin dalaga har gektar hisobiga 8-15 tonna go’ng, 20— 45 kilogramm N, 40-60 kilogramm R2O5, 40-60 kilogramm K2O solinadi. Azotli o’g’it ekishdan oldin, o’suv davrida (20-30 kg/ga) beriladi. Urug’lik kasalliklarga qarshi ekishdan oldin dorilanadi. Zig’ir erta bahorda yoppasiga qatorlab ekiladi. Lalmi yerlarda har gektarga 20-22 kilogramm (moyli 3. 50-60 kg/ga), tog’li mintaqalarda 25-30 kilogramm (yoki 4-6 million dona urug’) sarflanadi. 3-5 santimetr chuqurlikda seyalkalarda ekiladi. O’zbekistonda juda qadimdan lalmi erlarda faqat moyli Zig’ir ekib kelingan (tolali Zig’ir ekilmaydi), Zig’ir moyi qadrlangan. Hozirgi davrda Baxmal 1056, Baxmal 2, Buxoro 32 va boshqa navlari ekiladi. Ad.: Yormatova D., O’simlikshunoslik, T., 2000. Halima Otaboyeva.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz