ZIDDIYAT QONUNI
ZIDDIYAT QONUNI (mantiqda) — ikki qarama-qarshi fikr ayni bir vaqtda va ayni bir nisbatda to’g’ri bo’lishi mumkin emasligini ko’rsatuvchi qonun. Predmetlar va hodisalar o’rtasidagi ob’yektiv munosabat to’g’ri fikrlash jarayonida inson miyasida bir fikr bir vaqtning o’zida ikki ma’noda ishlatilmasligini taqozo qiladi. Bu to’g’ri fikrlash va chin muhokamalarning ajralmas xossalaridan biridir. Ziddiyat qonuni tafakkur rivojida qara-maqarshi fikrlar to’qnashuvini inkor etmasdan, bir vaqtning o’zida bir predmet xaqida ikki zid fikrga yo’l qo’ymaslikni talab qiladi, ya’ni vaqt, predmet, nisbat jihatdan birlikni nazarda tutadi. Masalan, yomg’irni umuman zararli yoki foydali deb bo’lmaydi, u ma’lum davrda ma’lum o’simliklar uchun zararli, boshqa bir davrda foydali bo’lishi mumkin. Ziddiyat qonunining buzilishi tafakkurda chalkashliklarga va noto’g’ri xulosalarga olib keladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz