Zavqiy (1853-1921)
Zavqiy (taxallusi; asl ism-sharifi Ubaydullo Solih o‘g‘li) (1853 — Qo‘qon — 1921) — o‘zbek shoiri. Qo‘qondagi «Madrasai oliy» va «Madrasai chalpak»da tahsil olgan (1870—74). Maxsido‘zlik bilan shug‘ullangan. Ma’lum muddat mirzalik qilgan, Xo‘jand, Samarqand, Buxoro, Toshkent, O‘sh, Andijon, Marg‘ilon shahrilarida bo‘lgan.
Tog‘asi Muhammad Siddiq bilan Madinani ziyorat qilgan (1900). 1903 yil Qo‘qonga qaytgan. Zavqiy mumtoz o‘zbek adabiyoti an’analarini davom ettirgan, Qo‘qon adabiy muhitining Muqimiy, Furqat, Nodim, Rojiy kabi namoyandalari bilan ijodiy hamkorlik qilgan.
Zavqiyning g‘azal, muxammas, muvashshaxlari («Aylab keling», «Radifi Zavqiy» va boshqa)da o‘zi yashagan muhit va tuzum, mehnat axlining ahvoli tasvirlangan. U turmush alam-iztiroblari, hijron azobiga visol umidi, vafodorlik, sadoqat tuyg‘ularini qarama-qarshi qo‘yadi («Yuzingni ko‘rsatib avval», «Bodai vasling» va boshqa), kishilarni turmush go‘zalliklaridan zavqlanishga, uni sevishga chorlaydi.
Zavqiyning bir qancha she’rlari («Kajdor zamona», «Ajab zamona», «Abdurahmon shayton» va boshqa)da mustamlaka tuzumidagi ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, chor ma’muriyati himoyasida bo‘lgan ayrim nopok amaldorlarning kirdikorlari fosh etiladi. Zavqiyning «Muncha ko‘p» radifli hamda «Ajab zamondur, ahbob, bosh qotib qoldi» misrasi bilan boshlanuvchi muxammaslari 19-asr boshlari she’riyatidagi eng o‘tkir ijtimoiy asarlari jumlasiga kiradi.
Zavqiy ijodiy merosida o‘zbek qishloqlarining ahvoli, dehqonlar hayoti mavzui ham katta o‘rin tutadi («Yangi Qo‘rg‘on qishlog‘i», «Suv janjali», «Shohimardon sayohati» va b.). Bu asarlar Muqimiyning «Sayohatnoma»si ta’sirida yozilgan.
Zavqiy Muqimiyning hajvchilik yo‘lini davom ettirib, o‘zbek adabiyotida hajviy yo‘nalish taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi («Obid mingboshi haqida hajv» va b.). Zavqiyning «Voqeai qozi saylov» (1909—10), «Qahatchilik» (1916) kabi asarlarida ijtimoiy adolatsizlik fosh etiladi, xalqning zulmga qarshi namoyishlari aks ettiriladi. «Ajab ermas» radifli muxammasi 20-asr boshlari o‘zbek she’riyatida muhim hodisa bo‘ldi. Bunda shoir mustamlaka asoratida ezilayotgan yurtning baxtli kelajagi haqida fikr yuritdi. Ijtimoiy hayotdagi ayrim nosozliklar, kishilar faoliyatidagi salbiy hollar ustidan bir qator she’rlari («Ta’rifi kalish», «Otim», «Fonus», «Sigirim», «Pashshalar» va boshqa)da zaharxanda bilan kuladi.
Shoirning ishqiy g‘azal va muxammaslari o‘sha davrlardanoq xalq hofizlari tomonidan kuyga solinib, ijro etilgan («Yor kelur zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay?!», «Kulbam aro, ey maxliqo, bir yo‘l xirom aylab keling» va b.). Zavqiyning she’rlari turli bayoz, majmua, vaqtli matbuot hamda og‘zaki manbalar orqali bizgacha yetib kelgan. Qo‘qon shahridagi bir mahalla, qishloq, maktab va ko‘chaga Zavqiy nomi berilgan.
Abdurashid Abdug‘afurov.
Uzpedia.uz