ZARRA



ZARRA — oz sonli elementar zarralardan tashkil topgan modda ulushlari. Masalan, tutun Zarralari, chang Zarralari, havodagi suv Zarralari, molekulalar, atomlar, yadrolar, nuklonlar va boshqalar. O’lchamlariga qarab Zarra makrozarralar yoki mikrozarralarga bo’linadi; makrozarralar mikrozarralardan tashkil topadi. Mikrozarralar (atom yadrosi, elektronlar, nuklonlar, mezonlar, giperonlar, ukvant va hokazolar) spinlari qo’shilgan holda ma’lum yo’nalishda harakatlanishi Zarralarning qutblanishi deyiladi. Ichki tuzilishiga qarab murakkab yoki oddiy Zarralar bo’ladi; murakkab Zarralar oddiy Zarralardan iborat. Zarra qandayligidan qat’i nazar, energiya, impuls, massa va boshqa xususiyatlarga ega. Dastlab Zarra va uning xususiyatlari o’zgarmas, har qanday Zarra yanada maydaroq Zarralardan iborat, deb hisoblanardi. Tekshirishlardan ma’lum bo’ldiki, Zarralardan ba’zilari butunlay o’zgarishi, o’z tarkibida bo’lmagan yangi Zarralar paydo qilishi, hatto o’ziga mos antizarralar bilan to’qnashganda tamomila yo’qolib, elektromagnit maydon hosil qilishi mumkin ekan. Zarra tushunchasi maydonlar nazariyasi va to’lqinlar nazariyasida ham ko’p ishlatiladi. Tinch turgan modda Zarralari massaga ega, elektromagnit maydon Zarralari — fotonlar esa tinch turganda massaga ega bo’lmaydi. Zarralar sistemasi nazariyasida (jumladan, qattiq jismlar nazariyasida) tekshiriladigan hodisalarning ro’y berishida ko’p Zarralar ma’lum jihatdan haqiqiy moddiy Zarralarga o’xshash bo’lgani uchun yordamchi tushuncha sifatida kvazizarralar tushunchasi bilan ish ko’riladi, masalan, fonon, polyaron, eksiton, magnon, plazmon va boshqalar.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz