ZARBIY TEZLANISH
ZARBIY TEZLANISH (kosmonavtikada) — kosmik parvozda kosmonavt katapultalanganda, avariya holatlarida, kabina kosmonavt bilan birga eltuvchi raketadan ajralganda va kosmik kema (kk) quruklikka qo’ndirilganda vujudga keladigan tezlanish. Qisqa vaqt (1 sekund chamasi) davom etadi va tez (bir necha D/s dan ming D/s gacha) o’sib boradi. Odamning shikastlanmay yerga tushishida Zarbiy tezlanishning ta’sir yo’nalishi, tezligining ortib borishi, o’rindiqning shakli, bog’lash sistemasi, gavda holati, kosmonavt organizmining tayyorgarligi muhim ahamiyatga ega. Agar Zarbiy tezlanish vektori umurtqa pog’onasi yo’nalishiga to’g’ri kelsa (yoki shu yo’nalishga yaqinlashsa), uni sindirishga intiladi. Masalan, katapultlanish vaqtida (Zarbiy tezlanish 200-500 D/s tezlikdan ortganda va Zarbiy tezlanish 0,1—0,2 sekund ta’sir qilganda) chidash chegarasi 20-22 D ni tashkil qiladi. Ko’ndalang yo’nalishdagi Zarbiy tezlanish uchun bu chegara ancha yuqori bo’ladi. Ammo bunda parenximatoz organlar, ayniqsa, o’pka jarohatlanishi mumkin. Avariya yuz berganda kk ni yerga qattiq qo’ndirishda Zarbiy tezlanishning o’sib borish tezligi 2000-3000 D/s ga yetishi mumkin. Agar bunda Zarbiy tezlanish 25— 30 D dan ortsa, miya shikastlanishi, hatto o’lim yuz berishi mumkin. Kk ni yerga qo’ndirish paytida paydo bo’ladigan zarblarni kamaytirish maqsadida parashyut sistemasidan tashqari maxsus qo’ndirish qurilmasi yoki tormozlovchi raketa qurilmalari qo’llaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz