Zarautsoy Rasmlari
Zarautsoy rasmlari — Oʻzbekiston hududidagi eng qadimgi qoyatosh rasmlar. Hisor tizmasining janubi-gʻarbida joylashgan. Koʻhitang togʻining sharqiy yon bagʻridagi Zarautsoy darasidagi ungir va kamar toshlariga ishlangan ibtidoiy sanʼatning nodir namunalaridan hisoblanadi. Zarautsoy Surxondaryo viloyatida, Termiz shahridan 100- 110 km shimoli-gʻarbda joylashgan. 1912-yilda I. Fyodorov tomonidan topilgan. Arxeolog G. Parfyonov (1940—1945), keyinchalik A. Roginskaya (rassom), A. Formozov, A. Kabirovlar tomonidan oʻrganilgan. 200 dan ortiq rasmlar mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub. Rasmlar chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan. Zarautsoyda odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Hayvonlar (yovvoyi buqa, it, tulki, yovvoyi choʻchqa, burama shoxli echki, jayran, togʻ echkisi, hasharotlar), turli buyumlar (oʻqyoy, nayza, oʻroqsimon qurollar), niqoblangan odamlar va boshqa oʻziga xos tarzda hayotiy qilib ishlangan rasmlar mavjud. Zarautsoy ibtidoiy sanʼatning noyob yodgorligi sifatida yodgorliklarni muhofaza qilish qizil kitobiga kiritilgan.
Zaraut soyi
Hisor togʻ tizmasining davomi boʻlgan Koʻhitang togʻi bagʻridan sizib chiquvchi buloqlar koʻp boʻlib, uning eng yuksak tik devorini eslatuvchi Rez deb ataladigan joyining biqinidan chiqqan chashma suvi jilgʻa hosil qilib oʻziga yoʻl ochadi. Jilgʻa Katta va Kichik Qoʻrchiq togʻlari oraligʻiga borib, oʻnlab buloqlar suvi qoʻshilgan daryochaga quyiladi. Togʻdagi tor oʻzandan soʻng adirliklarga chiqqan Zaraut soyi Qizilolmasoyga qoʻshiladi va ikki soyning
Qorabogʻ ,
Maydon ,
Loyliq qishloqlari ekinzorlariga borgan suv oxiri Sherabot daryosiga kelib qoʻshilib ketadi.
Zaraut soyining Katta va Kichik Qoʻrchiq oraligʻida kengaygan havzasi rosmana
kichik togʻ vodiysi hisoblanadi. Oqayotgan daryoning ikki tomoni balandliklariga qiyalab koʻtariluvchi togʻ yon bagʻirlarida tut, yongʻoq daraxtlari, bilinar-bilinmas oʻrni qolgan choldevorlar, uzun-uzun toshqalamlar oʻrni koʻrinadi.
Zaraut qishlogʻi
Zaraut qishlogʻining asosiy qismi daraxtzorlardan iborat oʻrik, bodom, yongʻoq, gilos, olma, behi, anjir, tut kabi mevali bogʻlari archazorlarga tutashib ketadi. Zarautda, ayniqsa, Begimqul bobo, Xolmirza bobo, Mulla Rahmon, usta Abdulla, Safarlar chorbogʻlari obod boʻlgan kishilar hisoblanishadi. Hozirgi vaqtda qishloqda mevali daraxtlarning soni kamaygan boʻlib, ularning oʻrnini archa, zarang, yovvoyi doʻlana daraxtlari egallagan.
Qishloqqa dastlab qachon asos solinganini hech kim aytib bera olmaydi. Chor-atrofi oʻtib boʻlmas togʻu toshdan iborat tabiiy qal’a- Zarautga kirish yoʻli hisoblangan. Va bunday kirish yoʻllari ikkita boʻlgan.
Zaraut qadimiy konchilik va hunarmandchilik markazlaridan biri boʻlgan. „Koʻpkaritaxti“ tekisligidan ikkita, Koʻksoyda ikkita, Choʻchqabuloqda bitta, lalmi etagida bitta- jami 6 ta xumdonda (qoldiqlari hozir ham saqlanib qolgan) bir qavat zaraut koʻmiri, bir qavat ruda tosh qalab, olov yoqib, choʻyan va temir eritganlar. Zarautliklarning tarificha: qadimda choʻyan va temir Katta Qoʻrchiqdagi arava sigʻadigan qiya yoʻl orqali chet mamlakatlariga olib chiqib ketilgan. Urush yillarida ham „Qizil mehnat“ kolxozi ustalari yuqori chorbogʻda yoʻnilgan tegirmon toshlarini ana shu qiya yoʻl orqali olib chiqib bugʻdoyga almashtirishgan.
Zarautning Qorabuloq, Koʻkbet, Oynabuloq, Sassiqbuloq, Shakaraklik mavzelari qizil, sariq, koʻk, oq, malla va boshqa rangli toshlarga boy boʻlib, bu zaminda aniqlangan oltin, kobalt, qoʻrgʻoshin, alyumin, uran kabi oʻn ikki xil qimmatbaho tabiiy zahiralari ham uning noyob yodgorliklari qatoridan oʻrin olgan. Koʻksoy toshkoʻmiridan asrlar boʻyi aholi ehtiyojlarida foydalanib kelingan.
Zarautning zari bor,
Qoʻshsha zaranglari bor,
Har zarangning tagida
Qirq yigitning moli bor.
(Zaraut haqida rivoyatlarda aytilgan sheʼr).
Zarautsoy rasmlari kashfiyoti
Insoniyat svilizatsiyalarining ilk oʻchoqlaridan boʻlgan Surxondaryo viloyatidagi Zarautsoy suratlari Yer yuzi quruqlik qismini oltidan birini egallagan sobiq Shoʻro ittifoqi huzurida dastlab qadimgi tosh davri rang tasviri topilgan sanʼat va tarix yodgorligi sifatida maʼlum va mashhurdir. Fransiya va Ispaniya singari poleolit davri yodgorligi boʻlgan gʻorlarni uzoq vaqtdan beri izlab yurgan sobiq ittifoq qadimshunoslar bu borada koʻp ishlar amalga oshirgan. 1939-yilgi fan olamiga kirib kelgan Zarautsoydan keyin faqat 1959-yil kelibgina Ural togʻining
Kapovaya gʻoridan paleolit suratlari topildi.
Ibtidoiy davrning dastlabki ijodkor insonlari chizgan qadimgi gʻor suratlariga kirish joyini yer bosib qolib, tabiatning oʻzi yigirma ming yil saqlab kelgan. Bebaho topilmalarni bundan 125 ming yil ilgari insoniyatga hadya etgan. Altamira gʻori Madlen davrining sanatidan hikoya qilsa, aksincha tabiat qoʻynida ochiq holda qolib davrlarning shamoli, qori, zilzilasi, yomgʻri, quyosh nuri kabi sinovlarga dosh bergan va bir necha ming yilliklar rassomlari oʻz ijodi naʼmunalarini chizib qoldirgan. Zarautsoy kamarlarining jami gʻaroyib, hech bir joydagiga oʻxshamaydigan qoya suratlarini tadqiq qilib ibtidoiy sanʼatning zaminimizdagi koʻp bosqichlari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Oʻzbekiston sanʼat tarixi muzeyi Surxondaryo okrug va Tojikistonning Panjikent tumani oʻlkashunoslik muzeylari hamkorligida 1940-yili Zarautsoy qoyatosh rang-tasvirini dastlabki oʻrganish boʻyicha maxsus ekspeditsiya tashkil qildi. G. V. Parfyonov rahbarligidagi ekspeditsiya ochiq qoyatosh qizil suratlari bilan tanishdi, bir nechta yangi suratli joylar ochdi. Zarautsoyning shimoliy qismini arxeologik tekshiruvdan oʻtkazish paytida pichoq vazifasini oʻtagan yassi chaqmoqtoshni topishga muvaffaq boʻldi.
Duldul ota deb nomlanuvchi gʻordagi madaniy qatlamlarni tozalash paytida tosh davri ibtidoiy odamining istiqomat joyi boʻlganligining koʻrsatuvchi ashyoviy belgilar aniqlandi. Bu yerdan topilgan kremniy ohaktoshining arxaik koʻrinishi parchalari paleolitning muste bosqichiga toʻgʻri keladi. Ushbu topilmalar barchasi oʻsha vaqtdayoq Oʻzbekiston sanʼat muzeyiga topshirilgan
1943-yilgi maxsus ekspeditsiyada topilgan rasmlar guruhlari
Kamar shipining quyiroq qismida keyingi davrlarga oid tasvirlar uchraydi. Ular ikkinchi guruhning tasvirlari kabi bronza davriga oid. Markaziy kamar quyirogʻining oʻng tomonida koʻplab kichik kamarchalar bor. U yerda teridan yasalgan kashoshonli plash kiygan yolgʻiz odam va togʻ echkisi, yana kiyikka oʻxshash hayvon va yana hozircha maʼnosi izohlanmagan belgilar mavjud. Bundan tashqari geometrik chiziqlar, oʻyma naqshlar boshqa qoyalarda ham uchraydi.
Zarautsoy ekspeditsiyalari natijalari
Zarautsoy ekspeditsiyasi paytida toʻplangan barcha materiallar oʻrganilib, uning natijalari boʻyicha G. V. Parfyonov tomonidan tayyorlangan „
Zarautsoyning qadimiy freska rang tasviri “ ilmiy hisoboti 1941-yili 18-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston sanʼat tarixi muzeyining ilmiy kengashida eʼlon qilindi va Zarautsoy tadqiqotlari davom etdi.
Oʻzbekistonda qadimgi fyeska rang-tasvirini oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston sanʼat tarixi muzeyi boshlagan ish kelgusi 1941-yilda muzeyning maxsus ekspeditsiyasini tashkil etish bilan bizning respublikamiz sanʼati tarixida dastlabki sahifalardan birini ochdi. Qadimiy qoyadagi tasvirlarni oʻrganish Zarautsoy rayonidagi ekspeditsiya ishlarini davom ettirishni, yangi joylar ochishni va topilgan yodgorliklarni chuqurroq tadqiq qilishni taqozo etdi.
Zarautsoy yodgorligi sanʼat va tarix obidasi sifatida kashf etilishi bilanoq olimlar eʼtiborini tortgan. Uning dastlabki rang-tasviri namunalari eʼlon qilingach „
Jahon hamjamiyatiga molik “ deb eʼtirof etildi.
1942—1943-yillarda Zarautsoy qoya suratlarni oʻrganish davom ettirildi. Maxsus Zarautsoy ekspeditsiyasi tashkil qilindi. Uning tarkibiga muzey direktori, arxeolog
G. V. Parfyonov , rassomlar
Alla Yulevna ,
A. S. Kirillov , ovchi oʻlkashunos
I. F. Lomayev kabilar faoliyat olib borishdi.
Ushbu ekspeditsiya davomida Koʻhitang togʻi atrofidagi oq boʻrdan iborat togʻ tizmalari, qizgʻish-qoramtir, rangdor tuproqli qizil tepaliklar bilan oʻralgan vodiylar yonbagʻirlaridan oʻtildi. Uyoqda sariq ohaktosh togʻlarining osmonga qaragan tishchali va choʻqqilari tomon yurilib, qoyalardagi suratlarni tahlil qilindi, chizmalar olindi. Qoyalar gʻayrioddiy odamlar va orqa oyogʻida tik turgan bahaybat maxluqlarga oʻxshash shakllarni hosil qilgan edi. Bular asrlar davomida shamol, suv, yomgʻir kabi tabiiy omillarning natijasida toshga aylangan qoldiqlar edi. Zarautsoy rasmlarini tosh yuzasiga ohak qotib qolgan kamarlardagina uchratish mumkin. Ekspeditsiyaning bir yarim oyi davomida topilgan barcha suratlardan nusxa koʻchirib olindi. Moyboʻyoq yordamida koʻplab peyzajlar yaratildi. Rassom
Kirillov dengiz yuzasidan 2,5 ming metr balandlikdagi togʻlar panoranasini, Zarautsoy peyzajlarini yaratdi.
Parfyonov A.A ,
Ivanov va
V. K. Sandul tomonidan qoyadagi rasmlar va yozuvlar tavsiflab chiqildi. Yaqin atrofdagi „Janubiy“, „Duldul ota“, „Rotonda“, „Dien“ kabi arxeologik kichik-kichik kamarlar tekshiruvdan oʻtkazildi. Qoyalarda topilgan oʻyiqlar va kamarlarga ular topgan odamning nomi yoki ajralib turadigan belgisi bilan nom berildi: „Ada gʻori“, „Kirillov ayvoni“, „Sharipov ayvoni“, „Arabiy yozuvli“ va hokazo.
1943-yilgi Zarautsoy ekspeditsiyasining eng noyob kashfiyoti — G. V. Parfyonov tomonidan topilgan Noʻ2 va Noʻ4 kamarlardan topilgan hayvonlarning eng qadimiy yakka suratlari boʻldi. Suratlar turli holatda va bir-birga qarata, turli yoʻnalishlarda chizilgan edi. Bundan tashqari Parfyonov qoyatoshlarni suv bilan yuvib tashlash yoʻlida suratlarni yaqqolroq aniqlashga muvaffaq boʻldi va 48 turdagi shakllarni aniqladi. U quyi kamardan topilgan kichik hoʻkiz figuralarini yoshini yuqori paleolitning madlen davri deb belgiladi.
Abadiylashtirish
Zarautsoy ekspeditsiyasining ishlari Surxondaryo viloyati oʻlkashunoslik muzeyining ikkita katta zaliga joylashtirilgan. Juda katta panno holatiga keltirilgan peyzajlar zallarning boshdan oxirigacha, yeridan to shipigacha boʻlgan maydonni egalladi. Koʻpgina topilmalar suratlari alohida kartinalarda tasvirlandi. Zarautsoy suratlarining akvarelda bajarilgan nusxalari esa xronologik tartibda pastki qator boʻylab joylashtirildi.
Asosiy Zarautsoy suratlarining keying nusxalari hozirda Moskvadagi Antropologiya, Darvin, tasviriy-sanʼat, tarix, biologiya muzeylaridan oʻrin egallagan. 1945-yil oxirida Zarautsoy tarixiy va sanʼat obidasi bilan tanishish, Koʻhitang togʻi sharqiy yonbagʻrining tektonik va geomorfologik holatini oʻrganish asosida tegishli qarorlar qabul qilish maqsadida maxsus Respublika komissiyasi Zarautsoyda boʻlib oʻtdi.
1946-yil 6-8-dekabr kunlari Toshkent shahrida chaqirilgan Oʻzbekiston ibtidoiy-sanʼat masalalari boʻyicha birinchi respublika konferensiyasi mintaqada qoyaviy tasvirlar topilishi boʻyicha va tadqiq etilishining 50 yilligiga bagʻishlab konferensiya oʻtkazildi. Konferensiya natijalariga koʻra, Surxondaryo viloyati ijroiya qoʻmitasining Zarautsoyni „davlar kompleks qoʻriqxonasi“ deb eʼlon qilish haqidagi qarorini tasiqlash boʻyicha Oʻzbekiston hukumatidan soʻraldi. 1951-yil taniqli olim
A. A. Formozov Zarautsoy suratlari yaratila boshlagan davrni paleolit emas, balki mezolit davri boʻlganligini asoslab berdi.
Uning fikricha Zarautsoy rasmlarida qadim ajdodlar ovning muvaffaqiyatlari, hayvonlarni osonlikcha oʻldirish kabilarni koʻzda tutib chizganlar. Zarautsoy suratlari bilan shugʻullangan mutaxasislardan
A. A. Formozov ,
A. P. Oklandikovlar ham rasmlar negizida oʻsha davr kishilarining ijtimoiy hayotidan olingan voqealar, ibtidoiy qabilalarning sehr-jodu bilan bogʻliq diniy tushunchalari yotadi deb takidlashgan. Zarautsoy tasvirlariga zamondosh boʻlgan Pomir togʻining Koʻrtakasoy darasi Shaxta gʻori devorlaridagi oxra bilan ishlangan boʻyoqli rasmlarni tekshirishda
V. A. Ranov oʻzi topgan manzaralarni ovchilik sehri bilan bogʻliqligi bor deb hisoblagan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org