“ZARAFSHON-NYUMONT”



“ZARAFSHON-NYUMONT” – oltin qazib olish bo’yicha O’zbekiston— Amerika qo’shma korxonasi. Navoiy viloyatining Muruntov shaharchasida joylashgan (Toshkent shahrida vakolatxonasi bor). Korxona muassislari: O’zbekiston tomonidan O’zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo’mitasi, Navoiy konmetallurgiya kombinata (ustav fondining 25% dan), xorijiy ishtirokchi “Nyumont O’zbekiston LTD” (ustav fondining 50%). Qo’shma korxonani tashkil qilish to’g’risidagi shartnoma 1992 yil Fevralda imzolandi. 1993 yil oktabrda texnik-iqtisodiy asoslash ishlari yakunlandi. Korxona 1993 yil oktabr — 1995 yil may oylarida qurildi va ilgari qazib olingan, tarkibida oltin miqdori sanoat ahamiyatiga ega bo’lmagan ma’danlarni qayta ishlash bo’yicha foydalanishga topshirildi. 1995 yil 20 iyunda uyumli tanlab ishqorsizlantirish jarayonida ostki geoekologik xavfsizlikni ta’minlovchi qatlamsimon to’siq (taglik)ning 1 bosqichi, 1997 yil 30 yanvarda 2 bosqichi foydalanishga topshirildi, 2001 yil mart oyidan uning 3bosqichi qurilishi boshlandi. Loyiha quvvati bir yilda 13,8 million tonna rudani qayta ishlashga mo’ljallangan (tarkibida kamida 1,59 g/t oltin bo’lgan rudadan 65%, 1,09 g/t oltin bo’lgan rudadan 55% oltin ajratib olinadi). 2000 yilda 14,1 million tonna rudaga ishlov berildi. O’zbekistonda bu korxona kurilishiga kadar oltin ajratib olishda uyumli tanlab ishqorsizlantirish usuli sanoat darajasida qo’llanilmagan. 2000 yil dekabrda qo’shma korxona ixtiyoriga 120 million tonna minerallashgan ruda (massa)ni berish va korxona ishini 2012 yilga qadar uzaytirish to’g’risida qo’shimcha bitim imzolandi. Korxonada AQSh, Finlyandiya, Germaniya, Belgiya, JAR va boshqa ko’plab mamlakatlardagi texnologik materiallar va jihozlar etkazib beruvchi korxonalar bilan o’zaro aloqalar yo’lga qo’yilgan. Gennadiy Yablokov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz