Zandona




Zandona (Zandana) — qadimiy qishloqlardan biri. Buxoro viloyati Peshku tumanida joylashgan. Narshaxiyning yozishicha, bu qishloqda katta qalʼa, jome masjidi va bozorlar boʻlgan. Zandonada ilk oʻrta asrlarda toʻqilgan boʻz zandonachi, yaʼni Zandona qishlogʻidan chiqadigan gazlama deb atalgan. Buxoroning koʻplab qishloqlarida (masalan, Vardonze, Iskajkat, Romitan, Afshona va boshqalar) toʻqib chiqarilgan bunday gazlamalar ham shunday nomlanib, oʻrta asrlarda Hindiston, Yaqin va Oʻrta Sharq va Yevropa davlatlariga olib chiqilgan. Zandonachi gazlamasining shuhrati soʻnggi oʻrta asrlarda ham baland edi. Hukmdorlar va ulugʻ kishilar bu matodan kiyim tiktirganlar va uni kiyishni oʻzlari uchun sharaf hisoblaganlar. Amir Temur Turonda hokimiyatni egallashdan avval opasi va boshqa yaqinlarini Zandonachi va Vardonzeda qoldirgan. Zandona qishlogʻi Buxoro amirligi tumanlaridan biri boʻlgan. U 1856-yildan Buxoro amirligi muntazam qoʻshinining ikki taʼminot markazlaridan biri boʻlib xizmat qilgan. 1920-yillarda Zandona qishlogʻi istiqlolchilik harakatining Buxorodagi markazlaridan biri edi. Bugungi kunda qishloq qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgargan.

Manbalar




Adabiyot




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz