ZANDONA
ZANDONA, Zandana — qadimgi qishloqlardan biri. Buxoro viloyati Peshku tumanida joylashgan. Narshaxiyning yozishicha, bu qishloqda katta qal’a, jome masjidi va bozorlar bo’lgan. Zandonada ilk o’rta asrlarda to’qilgan bo’z zandonachi, ya’ni Zandona qishlog’idan chiqadigan gazlama deb atalgan. Buxoroning ko’plab qishloqlarida (masalan, Vardonze, Iskajkat, Romitan, Afshona va boshqalar) to’qib chiqarilgan bunday gazlamalar ham shunday nomlanib, o’rta asrlarda Hindiston, Yaqin va O’rta Sharq va Yevropa davlatlariga olib chiqilgan. “Zandaniychi” gazlamasining shuhrati so’nggi o’rta asrlar – da ham baland edi. Hukmdorlar va ulug’ kishilar bu matodan kiyim tiktirganlar va uni kiyishni o’zlari uchun sharaf hisoblaganlar. Amir Temur Turonda hokimiyatni egallashdan avval opasi va boshqa yaqinlarini Zandona va Vardonzeda qoldirgan. 1920 yillarda Zandona qishlog’i istiqlolchilik harakatining Buxorodagi markazlaridan biri edi. Bugungi kunda qishloq qiyofasi tanib bo’lmas darajada o’zgargan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz