Zamonbek Shayxalibekov




Zamonbek Shayxalibekov (ozarbayjoncha: Zaman bəy Şeyxəli bəy oğlu Şeyxəlibəyov, 1838-yil 7-noyabr, Nuxa (Shaki), Shaki viloyati — 1904-yil 6-may, Toshkent, Turkiston general-gubernatorligi) — davlat arbobi, diplomat, tarjimon, davlat maslahatchisi (ruscha: статский советник, Chor Rossiyasidagi 5-darajali martaba). 1877—1900-yillari Turkiston general-gubernatorligi kanselyariya (devonxona) sida tarjimon boʻlib ishlagan. Oʻzbek va qozoq tillarida nashr etilgan "Turkiston viloyatining gazeti"ning adabiyot boʻlimi faoli.

1870-yillardan Shayxalibekov Muhammad Yoqubbek Badavlatxonning eng yaqin kishisiga aylanib, Yettishahar uygʻur davlatida katta siyosiy taʼsirga ega boʻladi. Rus sayyohi Nikolay Prjevalskiy oʻzining kundaligida Shayxalibekov haqida alohida toʻxtalib, uning yordamisiz sayohatlarini amalga oshira olmagan, hattoki tirik qolmagan boʻlishi mumkinligi keltirib oʻtadi.

Tarjimayi holi




Zamonbek Shayxalibekov 1838-yil 7-noyabrda Nuxa (Shaki) shahrida tavallud topgan. 1860—1867-yillari Nuxa uyezdi sudi kotibi, 1868—1872-yillarda Yelizavetpol guberniyasi davlat sudining Nuxa boʻlimida sud pristavi (sud ijrochisi) lavozimida ishlagan

. Soʻngra oʻsha davrda koʻpgina kavkazliklar qatori Turkiyaga ketadi. Rus hukumatining repressiyalari xavfi tufayli birodarlari bilan birgalikda yurtiga qaytmay, Istanbulda qolgan.

1870-yillari Qoʻqon xonligining sharqida Yettishahar uygʻur davlati vujudga keladi, davlatning hukmdori Muhammad Yoqubbek Badavlatxon mamlakatda islohotlar oʻtkazish maqsadida Turkiya sultoniga ziyoli musulmonlarni joʻnatishni soʻrab, noma yuboradi. Natijada sulton Muhammad Yoqubbek iltimosini qondirib, Shayxalibekov va boshqa bir qancha kishilarni Koshgʻarga joʻnatgan.

1876-yilda Turkiston general-gubernatori Kaufman Rossiya imperiyasi Bosh shtabi kapitani Kuropatkin vositachiligida Yoqubbek bilan hamkorlik shartnomasini imzolaydi. Kuropatkin Koshgʻarda boʻlgan paytida Shayxalibekov koʻp yordam koʻrsatadi. Shuningdek, shu yili Prjevalskiy Gʻuljadan Ili daryosiga ikkinchi sayohatini amalga oshiradi. Koshgʻarda boʻlgan paytida Shayxalibekov unga katta yordam koʻrsatgan. Bu haqidagi maʼlumotlarni Prjevalskiy oʻzining kundaligida yozib qoldirgan.

1877-yilda Yoqubbek vafotidan keyin Shayxalibekov Toshkentga keladi va Kaufmanning iltimosiga binoan Kuropatkinga koʻrsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirgan rus podshosi Shayxalibekovni afv etib, Turkiston general-gubernatorligi maʼmuriyatida xizamt qilishga ruxsat beradi.

1877—1878-yillarda Shayxalibekov Rossiya tomonidan joʻnatilgan general-mayor Nikolay Stoletov boshchiligidagi elchilik missiyasi tarkibida Afgʻonistonga borgan.

1897-yilda Tunis hukumati tomonidan „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlangan.

1900-yil 18-noyabrda oʻz xohishi bilan isteʼfoga chiqadi. 1904-yil 6-may kuni Toshkentda vafot etgan.

Manbalar




Adabiyotlar




Havolalar



Zaman bəy Şeyxəlibəyov (Şəki Ensiklopediyası) (ozarbayjon tilida)

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz