Zamonaviy xitoy ierogliflarning tarkibi




Zamonaviy xitoy ierogliflarning tarkibi



Zamonaviy xitoy ierogliflar tarkibini quyidagilardan tashkil topgan: a) sodda ierogliflar ; b) murakkab ierogliflar ; v) kalitlar ; g) fonetiklar .
Xitoy tilidagi barcha yozuv belgilari ikkita katta guruhga bo‘linadi:
1. Xitoy ieroglifik yozuvning boshlang‘ich (dastlabki) elementlari — eng sodda yozuv belgilari (xitoy terminologiyasi bo‘yicha 文 wen deb nomlanadi) tarkibiy qismlarga bo‘linmaydi. Professor I. M. Oshaninning hisoblashicha, bunday elementlarning soni — 458 ta;

2. Murakkab ierogliflar (xitoy terminologiyasi bo‘yicha 字 zi deb nomlanadi)
birinchi guruhdagi belgilarning turli xil kombinatsiyalari asosida quriladi. Murakkab ierogliflarning soni 60 mingga yaqindir, biroq, hozirgi zamon tilida eng ko‘p ishlatiladigan ierogliflarning soni 6-7 mingtani tashkil qiladi.

Sodda ierogliflar



Xitoy yozuvining eng qadimgi ierogliflari bo‘lmish boshlang‘ich elementlar o‘z navbatida ikkita kategoriyaga taqsimlanadi:

Tasviriy (xitoy terminologiyasi bo‘yicha 象形 xiangxing deb nomlanadi) va ishora qiluvchi (ko‘rsatuvchi) (xitoycha 指示 zhishi nomiga ega).

Tasvir toifasidagi ierogliflar piktogramma bo‘lib, aloxida narsa buyumlarning aniq tasviridir.

Piktogrammaning paydo bo‘lishi tasvirli yozuvning bosqichma-bosqich rivojlanishi bilan bog‘liq. Tasvirli yozuv hamda piktogramma o‘rtasida maʼlum farqlar mavjud: tasvirlar va yozuv paydo bo‘lgungacha bo‘lgan davrda muomala vositasi sifatida foydalanilgan belgilarni ieroglif deya olmaymiz. Ierogliflar yozuv belgisi sifatida, yozuvda alohida morfemani ifodalaydi hamda maʼlum maʼno va ohangga ega bo‘ladi.

Tasvir toifasidagi ierogliflar nisbatan kamroq uchraydi, chunki faqatgina aniq shakldagi narsa-buyumlarni aynan chizish mumkin. Piktogrammalar inson kundalik hayotida ko‘p foydalanadigan buyumlarni ifodalagani uchun ham nisbatan keng foydalaniladi. Piktogrammalar o‘simlik va hayvonot olamiga oid, insonga oid, koinotga oid, mehnat buyumlariga oid, kundalik hayotga oid predmetlarni ifodalaydi. Baʼzi misollarni keltiramiz:

Ieroglif yozuvining birinchi elementlari ko‘rsatkich ishorali ierogliflar toifasi bo‘lib, narsa-buyumning tasvirini ifodalamaydi, balki tasvirini ifodalash qiyin bo‘lgan so‘zlarni ifodalaydi. Bunga raqamlar, taʼqiq belgilari va boshqalarni kiritish mumkin. Uchgacha bo‘lgan raqamlar gorizontal belgilar bilan ifodalanadi:

yi — „bir“;

er — „ikki“;

san — „uch“;

ba ieroglifi („sakkiz“) bir predmetning bo‘laklarga bo‘linishini ifodalaydi;

Shi ieroglifi(„o‘n“) dunyo taraflari-sharq, g‘arb, shimol, janubni anglatadi.

Hozirgi kundagi ierogliflardan shang „ yuqori “ va xia „ quyi “ kabilar ham shu toifaga mansub bo‘lib, ierogliflarning o‘ng tarafidagi gorizontal chiziqlar mos ravishda yuqori va quyiga ishora qiladi.

Ko‘rsatkich ishorali ierogliflar tasvirli ierogliflarga qaraganda anchagina kam. 25000 ta ieroglifda ularning ulushi 0.5% xalos. Ko‘p qo‘llanadigan 4000 ta ieroglifda esa ular 3% ni tashkil etadi

Murakkab ierogliflar



Murakkab ierogliflarning paydo bo‘lishi va shakllanishi mavxum so‘z va tushunchalar miqdorining o‘sib borishi bilan izoxlanadi. Yangi so‘zlarni oddiy piktogramma va belgilar bilan yozuvda ifodalashning imkoni yo‘q edi. Yangi so‘zlarni hosil qilish piktogrammalar va belgilarni qo‘shish orqali hosil qilindi va bunda yangi so‘zning maʼnosi va yangi so‘z tarkibidagi piktogramma maʼnosi o‘rtasida bog‘liqlik bor edi. Masalan, mu — daraxtni anglatadi, ikkitasi birgalikda murakkab ieroglifni tashkil etib, lin (o‘rmon) morfemasini hosil qiladi, uchtasi bir ieroglifga birlashib, „changalzor“ deb ataladi va soya maʼnosini beradi.

dong (sharq) ieroglifi mu (daraxt) va ri (quyosh) belgilaridan, (yaʼni, daraxtzor ortidan ko‘tarilib kelayotgan quyosh) tashkil topgan. nan ieroglifi esa tian (dala) va li (kuch) belgilaridan (yaʼni, daladagi kuch) tashkil topgan. Ieroglif yaratishning bunday usulining yaratilishi yozuvning yanada yoqori darajaga chiqqanligini anglatadi; yozuvda ideogrammalar (会惠 huiyi) paydo bo‘ladi.

Ideogrammalar murakkab sintetik belgilar bo‘lib, odatda ikkita belgidan iborat bo‘ladi va bu belgilar maʼno jihatdan ideogramma maʼnosiga aloqador bo‘ladi. Ideogrammaning ikkala qismi ham maʼno anglatadi, faqat ideogrammaning talaffuzi uning qismlarining talaffuziga bog‘liq bo‘lmaydi. Talaffuzdagi bu nomuvofiqlik xitoy ieroglifining ideogrammalariga xos xususiyat hisoblanadi. Ideogrammalar hosil qila olish mavxum so‘zlarni ifodalashda juda qo‘l keladi. Shuni aytish kerakki, doim ham ideogramma tarkibidagi belgining maʼnosi anglab olish oson bo‘lmaydi. Baʼzida murakkab ierogliflarning tarkibiy qismlarini oydinlashtirish uchun chuqur taxlil qilish kerak bo‘ladi.

Ideogrammalar orqali so‘zlar yasash imkoniyati paydo bo‘lgan bo‘lsada, amalda yangi xosil qilingan so‘zlarni yodda saqlash mushkul edi. Bu odatda aʼnosi o‘xshash so‘zlarning barida asosiy so‘z ishtirokini talab qilar edi. Shu kabi ideogrammalar bilan bog‘liq murakkabliklar ieroglif yozuvida fonetik usul keng tarqalishiga olib keldi. Bunda so‘zlarning ohangidagi farqni yozuvda ifodalash uchun ko‘rsatkichlardan foydalanildi. Misol uchun, ma ieroglifi, „ ot “ maʼnosini beradi, deyarli shunga oxangdosh so‘z ma ieroglifi esa (qo‘shimcha nü (ayol) belgisi bilan) ona maʼnosini beradi, quyidagi so‘zlarga eʼtibor bering: ma-"so‘kmoq" ( kou-"og‘iz" belgisi bilan); ma- „chumoli“ ( chong-"hasharot" belgisi bilan).

Shu bilan xitoy ieroglifi taraqqiyotida yangi bosqich boshlandi — yangi hosil bo‘layotgan ierogliflar murakkab fonogrammaga ega edi. Bunda yangi hosil bo‘layotgan ierogliflarning tarkibida fonetik ko‘rsatkichidan tashqari yana qo‘shimcha belgisi — uning yangi maʼnosiga ishora qiluvchi semantik determinativi yoki kaliti bor edi.

Ko‘p hollarda murakkabroq ierogliflarda fonetika va kalitdan iborat fonogrammaning o‘zi fonetika vazifasini bajarib berar edi.

Fonetik yozuv rivojiga katta taʼsir ko‘rsatgan qoidalardan biri bu „o‘zlashtirma so‘z“lardir (xitoycha 假借 jıajıe). O‘zlashtirma so‘zlarning moxiyati shunda ediki, bunda yangi so‘zni ifodalash uchun oxangdosh bo‘lgan eski ierogliflardan xech qanday belgi kalitlarni qo‘shmasdan foydalanildi. Masalan, piktogramma xisoblanadigan, bug‘doyning maʼlum bir turini anglatuvchi lai ieroglifi „ kelmoq “ morfemasi uchun o‘zlashtirma bo‘lib xisoblanadi. Qaynatilgan go‘sht uchun idish maʼnosini beruvchi dou ieroglifi esa dukkakli donlar ni ifodalash uchun foydalanilgan.

Bu qoida bo‘yicha yasaladigan so‘zlarga chetdan o‘zlashgan so‘zlar ham kiradi. Biroq, bunda faqatgina talaffuz oxangi saqlanib, ierogliflar o‘z maʼnosini yo‘qotadi. Masalan, 蒙古 menggu „Mongoliya“ (蒙 meng „qoramtir“ va gu „qadimgi“ ierogliflaridan). Bu qoidada ieroglif sof holatda fonetik belgiga aylanadi.

Bugungi kunda fonogrammalar ierogliflarning eng keng tarqalgan turi bo‘lib, ierogliflarning 80%idan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Yangi ierogliflar ham aynan shu usulda yasalmoqda.

Bugungi kunda ideografik usul ko‘p qo‘llanmoqda va deyarli barcha hollarda fonetik usul bilan birgalikda qo‘llanilmoqda. Biroq, bu degani xitoy ieroglif yozuvi xarfli yozuvga aylanayapti degani emas. Turli so‘zlarda ayni belgilar turlicha ohangga ega bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, yozuv hamda uning talaffuzi o‘rtasidagi bog‘liqlik juda murakkabligicha qolmoqda.

Shunday qilib, dastlabki ieroglif belgilaridan bo‘lgan tasvirli belgilar va ko‘rsatkichli belgilarning birikishidan murakkab ierogliflar hosil bo‘ldi. Bular ideogrammalar va fonogrammala edi. Bu to‘rtta ieroglif turlari birgalikda xitoy ieroglif yozuvini tashkil etadi va dastlabki belgilar mustaqil ravishda is’temolda qo‘llanmasdan, balki faqatgina murakkab ierogliflar tarkibida uchraydi.

Kalitlar



Maʼlum guruhga oid so‘zlarni ifodalash uchun xitoy ieroglifida murakkab ieroglif tarkibida shu guruhni ifodalovchi belgilardan foydalanildi va bular kalitlar yoki semantik determinativlar deb ataldi. Masalan, o‘simliklarga oid barcha so‘zlar tarkibida mu „daraxt“ belgisi bor.

Maʼlum buyumning yasalishida xom-ashyoning o‘zgarishi bilan shu so‘zning kaliti ham o‘zgaradi. Masalan, qiang ieroglifi qurol aslaha so‘zini so‘zini ifodalaydi, faqat yog‘ochdan yasalganini. Zamon taraqqiyoti bilan qurollar metalldan yasala boshlandi va 木 mu „daraxt“ kaliti jin kaliti bilan almashtirildi. Natijada, bugun qurol maʼnosini ifodalovchi, bir xil oxangga ega ikkita so‘z mavjud. Bu so‘zlardagi maʼnoviy farq esa kalitdan anglashiladi.

Kalit sifatida oddiy ierogliflardan foydalaniladi. Kalit va fonetiklar miqdorining aniq hisobi turli manbalarda turlicha va bu tilga ilmiy yondashuvlarning o‘zaro farqlari bilan bog‘liq. Shuni takidlash kerakki, kalitlarni hisobga olib borish katta ahamiyatga ega, zero lug‘atlarda so‘zlarni aynan kalitlarga qarab joylashtirish qulay hisoblanadi. mil. avv. I asrda Syuy Shen tomonidan tuzilgan „shuowenjiezi“ lug‘atida ham ierogliflar 540 ta kalit bo‘yicha tartiblangan. VI asrda Gu Ye Van tomonidan tuzilgan „ 语 篇 yupian“ lug‘atida 542 ta kalitdan, XI asrda taniqli davlat arbobi va olim Sima Guang (1019-1086) tomonidan tuzilgan „ 类篇 leipian“ lug‘atida shu miqdordagi kalitlardan foydalanilgan. Vaqt o‘tishi bilan til ustida katta mehnat qilindi va kalitlar soni kamayib bordi.

Xitoy ieroglif tizimida muhim ahamiyat kasb etgan lug‘at 1633 yilda nashr etilgan „ 自会 zihui“ lug‘ati bo‘lib, „ zengzitong “ nomi bilan 1705 yilda ham bosilgan. Unda kalitlar soni 214 tagacha qisqartirilgan bo‘lib, aynan shu kalitlar tizimi ommaviy qabul qilinib, to bugungacha o‘zgartirilmay foydalanib kelinmoqda. Ieroglif lug‘atlari ham shu kalitlar asosida tuzilib nashr etilmoqda.

Fonetiklar



Fonetiklar murakkab ierogliflar tarkibida kelib, ieroglifning talaffuzini belgilab beradi va ular taxminan mingtadan ko‘proq. Fonetik bo‘yicha lug‘at tuzishga bo‘lgan urinish dastlab 1823 yilda bo‘ldi va bu lug‘atda u yoki bu fonetik guruhga mansub bo‘lgan ierogliflar o‘z navbatida kalitlari bo‘yicha ham tartiblangan edi.

Fonetik guruhlar bo‘yicha tartiblangan lug‘atlar ommalashmadi, biroq ilmiy doiralarda, tarixiy izlanishlarda va ayniqsa, tilning tovush tizimi bilan bog‘liq izlanishlarda keng qo‘llanildi. Shved olimi sinolog B. Karlgren keng miqyosda olib borgan ishlarini „Grammarta Serica“(1940) asarida bayon etadi. U 1260 ta fonetikni keltirgan.

Til taraqqiyoti bilan so‘zlarning talaffuzi o‘zgargan, xos tovushlar yo‘qolgan, boshqalari yangidan paydo bo‘lgan, so‘zlarning ohangdorligi o‘zgargan. Lekin ierogliflarning grafik strukturasi asrlar davomida o‘zgarmasdan qolavergan. Oqibatda zamonaviy xitoy tilida bir xil fonetikka ega bo‘lgan so‘zlar maʼnosi butunlay farq qilmoqda. Masalan, hozirgi zamon xitoy tilida gong ofnetikli ieroglif quyidagicha o‘qiladi:

gong „yutuq“, „jasorat“

kong „bo‘sh“, „bo‘shliq“

hong „qizil“

jiang „katta daryo“

xiang „band“, „paragraf“

Zhao fonetikli ierogliflar quyidagicha o‘qiladi:

zhao „festonlar bilan bayroq“

tao „shaftoli“

tiao „yuqoriga sakramoq“

tiao „xodada yuk tashimoq“

tiao „diqqat bilan qaramoq“

Tovushlarning, xususan, bo‘g‘in boshi undoshlarning o‘ziga xos o‘zgarishi xitoy tilidagi tovushlardagi tarixiy o‘zgarishlarning qonuniyatlarini aks ettiradi.

Baʼzi bir fonetiklar ieroglifning bir xil bo‘lgan o‘qilishiga ko‘rsatib turadi. Shunday qilib, bin ieroglifi sikl belgisi, „yong‘in, olov“, bin „yorqin“, „aniq“ yoki uning grafik variantlari uchinchi ohang (ton)ga tegishli, lekin bin ieroglifi „dastak“, „qo‘lda ushamoq“, „kasallik“, „ziyon yetkazmoq“, bin „qattiq“, „mustahkam“ to‘rttinchi ohang (ton)ga tegishlidir.

Ohangdagi farqlanishlarni inobatga olgan holda, shunday „turg‘un“ fonetiklarning soni nisbatan ko‘p emas, shu bois ierogliflarni o‘qishda fonetiklardan amaliy foydalanish qiyinchilik keltiradi.

Manbalar




Adabiyotlar



• B. Karlgren „Grammar-ta Serica“ (1940)

uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz