Zamburug’lar



"Oyoqdagi qalpoqcha" - zamburug‘larning ustki tanasidir, asosiy qismi esa yerda joylashgan. Ular  bakteriya va  protist(mikroorganizm)lardan  keyin yerda eng ko‘p tarqalgan  bo‘lib,  mikromitset (ko‘zga ko‘rinmas) va makromitset (ko‘rish mumkin bo‘lgan) guruhlarga bo‘linadi. Ko‘chada, o‘rmonda, cho‘lda va odam organizmida  yashaydigan  o‘simlikning bu turida fotosintez jarayoni amalga oshmaydi, shu bois  qorong‘ilikda ham yaxshi o‘sadi, qachonki, tayyor ozuqa bo‘lsa.

 Zamburug‘larning sanoatda va xalq xo‘jaligida ahamiyati juda yuqori bo‘lib, ayniqsa qishloq xo‘jaligida, meditsina va oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llanilmoqda.

Azaliy jumboq




Urug‘lanuvchi  tanasi  eng mo‘'jizakor tirik organizmlardan biri bo‘lib, ular shakliga ko‘ra qush uyasini, soch bog‘lamlarini, hattoki, odam qulog‘i suprasini ham eslatadi. Olimlar  zamburug‘ning  o‘simliklarga qaraganda  hayvonga o‘xshash jihatlari ko‘proq, degan fikrni ilgari surishmoqda. Barchasi uchun umumiy bo‘lgan jihat shundaki, ular organik moddalarning anorganik moddalarga aylanishida muhim rol o‘ynaydi.  Agar hayvonlar  avval ozuqani yutib, so‘ngra hazm qilsa, zamburug‘lar aksincha, avval ozuqani hazm qilib, keyin oziq moddalarni yutadilar. Bu holat ularning azaliy jumbog‘i bo‘lib kelayapti. Yutish va  hazm qilish jarayonini «gifalar» deb ataladigan  ipsimon hujayralar bajaradi. Gifalar juda nozik bo‘lishidan tashqari, uzun va ular daraxtning ildizidan to yuqori qismiga qadar  o‘sadi, yerda shoxchalar hosil qiladi. Yog‘och bilan oziqlangan  ayrim gifalar  u daraxtdan bu daraxtga ildiz otib, butun boshli ko‘chani qoplab oladi.

Iste'mol qilinadi va  ayni paytda zaharli




Ayrim zamburug‘lar ozuqabop, ba'zilarining tarkibida esa zaharli moddalar bo‘lgani sababli  ularni yeb bo‘lmaydi. Tashqi ko‘rinishidan ularni ajratish qiyin, buning uchun  esa tajriba va aql kerak. Ayrim vaqtlarda yeyish uchun yaroqli turlar ham inson organizmiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Katta yo‘l yoqalarida, ishlab chiqarish korxonalari atrofida o‘suvchi zamburug‘larning meva tanasi havoni o‘zida filtrlaydi. Agar bu jarayonda filtrlanayotgan havo toza bo‘lmasa, zararli elementlar o‘simlik tanasiga o‘tirib qoladi va uni iste'mol qilgan kishi zaharlanib qolishi ehtimoldan xoli emas.

Zaharli turlardan biri qurbaqasalla deb ataladi va ko‘proq Shimoliy Yarim sharda keng tarqalgan. Ko‘rinishidan chiroyli bo‘lsa-da, uning tarkibidagi zahar odam organizmiga tushgach, 12 soatdan keyin ta'sir qila boshlaydi. Bunga qadar organizm yuvib tashlansa, balki foyda berar, vaqt boy berilganda esa ahvolni o‘nglab bo‘lmaydi. Qizig‘i, odam organizmi uchun zaharli bo‘lgan zamburug‘lar ayrim hayvonlarga zarracha ta'sir qilmaydi. Masalan, shilliqqurtlar, hattoki eng zaharlisini yegan taqdirda ham tirik qoladi.

Zaharmi yoki dori?




"Antibiotik" deb nomlanuvchi  mog‘orlangan zamburug‘larning  zahari tabiatda  eng qaqshatqich qurol sifatida  tan olingan.  Antibiotiklar 1928 yilda  shotland mikrobiologi Aleksandr Fleming tomonidan kashf etildi. U o‘z laboratoriyasidagi  probirkalardan biriga mog‘or o‘rnashganini sezdi.  Bu idishda olim bakteriyalarni  o‘stirayotgan edi va unda hosil bo‘lgan  mog‘or esa barcha  mikroorganizmlarni  nobud qildi. Ma'lum vaqt o‘tib, mog‘or zamburug‘idan  bakteriya­larni o‘ldirishga qodir bo‘lgan kimyoviy modda - penitsillin hosil qilindi va undan tibbiyotda samarali foydalanila boshlandi.

Qanday oziqlanadi?




Ular o‘z  ozuqalarisiz  aslo harakat qila olmaydilar. Ratsionda  mevalar, chirigan yog‘och, qushlar pati, odam terisi va boshqalar bor.  Ularning oziqlanishi juda sekin va murakkab bo‘lib, har birining fermenti ayrim  qismlarida  hazm bo‘ladi, ko‘pchiligining fermenti esa hujayralar parchalanishiga olib keladi. Ba'zilari esa, hattoki, yog‘och mustahkamligining kafolati bo‘lgan lignin (uglerodga boy modda)ni  ham  hazm qilib yuboradi. Bosh­qa zamburug‘lar fermenti yog‘ va oqsilni osonlik bilan parchalaydi. Bu fermentlar tirik to‘qimalar va jonsiz organizmlarning  qoldiqlarini  ozuqa sifatida  iste'mol qilishga ko‘maklashadi. Birtalay  zamburug‘lardagi  keratin (soch va patda uchraydigan  oltingugurtga boy  oqsil modda) eng muhim komponent hisoblanadi.

Termitlarning yemishi




Zamburug‘ hayvonlarga ham zarar, ham foyda keltiradi. Ayrimlari hayvonlarga ozuqa bo‘lsa, ba'zilari organizmga  sezdirmasdan kirib olib, to‘qimalarning yemirilishiga va hattoki o‘limga ham olib keladi. Zamburug‘dagi  ko‘zga ko‘rinmas  sporalar hayvonlarga  hujum qilishi mumkin.

Ular odamlar hayotida boshqa o‘simliklarga qaraganda unchalik katta  ahamiyatga  ega emas. Uning tana qismi bilan oziqlanish  ko‘pgina hasharotlarga  zavq beradi. Masalan, termitlar va  Janubiy Amerika chumolilari uchun zamburug‘ asosiy yemish  ekanligi sir emas. Afsuski, hamma zamburug‘lar ham foydali bo‘lmay, ayrimlari organizm ichiga  kirib olib, xuddi mog‘orlagan nondagi kabi  juda tez o‘sadi va ko‘p hollarda  hayvonlarning nobud bo‘lishiga olib keladi.

 

Sporalarni shamol uzoq bo‘lmagan joylarga tarqatadi. Ayrim sporalar hasharotlarning  oyog‘iga yopishib tarqalishi ham mumkin. Yer yuzida eng ko‘p tarqalgan  organizm - zamburug‘ o‘rtacha 10 mlrd.gacha spora  ishlab chiqaradi, yomg‘ir zamburug‘iniki esa bundan ham ko‘p. Agar ularning barchasini  bir zanjirga tizib chiqsangiz, bu  Yer kurrasini bir marta aylantirib chiqishga teng keladi. Xo‘sh, nega unda zamburug‘lar butun Yer yuzini  qoplab olmadi, dersiz? Chunki  sporalarning yashab ketish imkoniyati kam bo‘lib, o‘simlikning pastki qismidan tarqaladi, yomg‘ir zamburug‘i esa  o‘z sporalarini  kuch bilan havoga chiqaradi.  Ular xuddi koptok kabi juda egiluvchan. Yomg‘ir yoqqanida bunday turdagi zamburug‘lardan  bir uyum spora otilib chiqadi. 1887 yilda Nyu-York shtatida topilgan zamburug‘ning uzunligi 1,5 metrdan ziyod edi. Arxeologlar yomg‘ir zamburug‘larining qoldiqlarini topgani ham bejiz emas. 

Tanadagi kushanda




Ayrim kishilar suv havzasi, hammom yoki yechinish xonasida oyoq yuzining  epidermofik kasalligini yuqtirib olganini sezmay qolishadi. Bunday kasallikni mikroskopik zamburug‘lar keltirib chiqaradi, ular nam va iliq joylarda  tarqalib, qo‘l-oyoq barmoqlarining o‘rtasiga kirib oladi-da, teri bilan oziqlanadi. Buni tibbiyotda «zamburug‘ kasalligi« deb  atashadi. Uning oldini olish yoki yengish uchun juda ko‘p  kuch va iroda kerak.

Sun'iy usuldagi ne'mat




Zamburug‘larni sun'iy usulda yetishtirish texnologiyasi ham yaratilgan. Bu haqda biologiya fanlari nomzodi Hamro Nuraliev bergan ma'lumotlarni keltirib o‘tish o‘rinlidir:




- Zamburug‘lar dunyo miqyosida sun'iy usul bilan ham yetishtiriladi. Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda aholi jon boshiga uni iste'mol qilish 5-7 kg.ga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda zamburug‘ning 220 ta turi uchrashi ma'lum. Shundan iste'molbopi 27 ta, zaharlisi esa 16 ta. O‘zbekiston sharoitida 1995-98 yillardan boshlab zamburug‘ni sun'iy usulda yetishtirish tajribasiga qo‘l urildi. Shampinion, qo‘ziquyruq, otiata kabi navlari sporalari orqali o‘stiriladi. Oziq-ovqat turi sifatida xalqimiz zamburug‘ni nisbatan kam iste'mol qiladi. Tarkibining 10 foizi oqsil, 90 foizi suv bo‘lgan zamburug‘ organizmda tez hazm bo‘ladi. Uni bahorda iste'mol qilish ayni muddaodir. 




Chingiz Raimbyerdiyev tayyorladi, "Ma'rifat" gazetasidan






Uzpedia.uz