ZAMBIYA



ZAMBIYA (Zambia) Zambiya Respublikasi (Republic of Zambia) — Markaziy Afrikadagi davlat. Maydoni 752,6 ming kilometr kvadrat. Axoliey 10,3 million kishi (2001). Poytaxti — Lusaka shahri. Ma’muriy jihatdan 9 viloyat (provintsiya)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Zambiya — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. Amaldagi Konstitusiya 1996 yilda qabul qilingan. Davlat boshligi — prezident. U umumiy va to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Prezident Vazirlar Mahkamasi raisi hamdir. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni president va bir palatali parlament — Milliy Assambleya, ijrochi hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Zambiya Sharqiy Afrika yassitog’ligida, Janubiy yarim sharning subekvatorial mintaqasida joylashgan. Hududida tog’ balandligi — 1000-1350 metr. Eng baland joyi — Muchinga togidagi Mumpu cho’qqisi (1893 metr). Keng yassi botiqlarining ko’pi Sharqiy Afrika siniklari zonasiga kiradi. Zambiyada mis, rux, qo’rg’oshin, vanadiy, temir, uran rudalari, marganes, grafit, oltin, qalay, toshko’mir konlari bor. Iqlimi subekvatorial. Zambiyada yil davomida aniq uch mavsum kuzatiladi: issiq va quruq (avgust—oktabr), iliq va sernam (noyabr— aprel), quruq va salqin (may— iyul). Eng issiq oy (oktabr)ning o’rtacha trasi 23-27°, eng salqin oy (iyul)niki 15-20°. Yillik o’rtacha yog’in Janubda 700 millimetrdan shimolda 1400 millimetrgacha. Yirik daryolari: Zambezi va uning irmoqlari — Kafue va Luangva. Daryolari serostona bo’lganidan kemalar daryolarning ba’zi joylaridagina qatnaydi. Zambezi daryosida Viktoriya sharsharasi bor. Eng yirik ko’li — Bangveulu; Tanganika ko’lining Janub, Mveru ko’lining Sharqiy qismi ham Zambiya hududida. Yog’in ko’proq yog’adigan joylardagi qizil laterit tuproqli yerlar mavsumiy sernam tropik o’rmon va baland o’sadigan o’tli savannalardan iborat. Quruq iqlimli joylarida jigarrang qizil va qizilqo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Mamlakat hududining ½ qismini siyrak daraxtli quruq tropik o’rmonlar egallagan. Savannalarda fil, buyvol, karkidon (2 turi), zebra, kiyik, Arslon, qoplon, chiyabo’ri va boshqalar bor. Qush va sudraluvchilar (jumladan Nil timsohi, kobra va boshqalar) ko’p. Daryo va ko’llari baliqqa boy. Tsese pashshasi chorvachilikka katta ziyon yetkazadi. 20 ga yaqin milliy bog’i (Kafue, Siomangvezi, Shimol va Janub Luangva va boshqalar) bor. Aholisining 99% bantu oilasining turli guruhiga mansub afrikaliklar; asosiylari bemba, tonga, lozi, lunda, Malavi va boshqalar. Yevropaliklarning aksariyati ingliz va afrikanerlar. Osiyoliklar ham bor. Rasmiy til — ingliz tili. Aholisining 80%i xristianlar bo’lib, ularning ko’plari mahalliy an’anaviy dinlarga ham e’tiqod qiladi. Shahar aholisi 42%. Yirik shaharlari: Lusaka, Kitvenkana, Ndola, Mufulira. Tarixi. Zambiya hududida uzoq o’tmishda odamlar yashagani ma’lum. Aniqlangan yodgorliklar paleolit davriga mansub. Kabve shahri atrofida ibtidoiy inson suyaklari topilgan. Guisho bulog’i yaqinida va Nachikufu g’orida istiqomat qilgan kishilar ov va yovvoyi mevalarni terish, baliqchilik bilan shug’ullanganliklari aniqlangan. 17—18 asrlarda Zambiyada bantu tilida so’zlashuvchi qabilalar hukmronlik qilgan. Bu davrda dehqonchilik, chorvachilik va temirchilik rivojlangan. 18-asr oxirida Zambiyaga portugallar, keyinchalik inglizlar kirib kelgan paytda kichik-kichik davlatlar va qabila uyushmalari bo’lgan. Ularning moddiy madaniyati yuqori darajada rivojlangan edi. 19-asrning 90-yillarida Zambiyani Britaniyaning S. Rode boshchiligidagi Janubiy Afrika kompaniyasi bosib olib, dastlab ikki hududga bo’lib boshqardi. 1911 yil bu ikki hudud Shimoliy Rodeziya nomi bilan birlashtirildi. 1924 yil Shimol Rodeziya Britaniya protektorati deb e’lon qilindi. Yirik mis va polimetall ruda konlari topilishi bilan konchilik sanoati rivojlandi, shaharlar va temir yo’llar qurila boshladi. An’anaviy dehqonchilik tanazzulga uchrab, dehqonlar xonavayron bo’ldi. 20—30 yillarda mustamlaka tuzumiga qarshi uyushgan holda kurash boshlandi. 1935 va 1940 yillari mis konlarida yirik g’alayonlar bo’lib o’tdi. Noroziliklar qurol yordamida bostirildi. 2-jahon urushidan so’ng shimoliy Rodeziyada mustamlakachilarga qarshi kurash kuchaydi. Bunga Afrika milliy Kongressi, Afrika kon ishchilari kasaba uyushmasi rahbarlik qildi. 1953 yil Rodeziya Federatsiyasi va Nyasalend tuzilib, unga shimoliy Rodeziya ham qo’shib olindi. 1958 yil Zambiya milliy Kongressi Afrika milliy Kongressidan alohida partiya bo’lib ajralib chiqdi. Keyinchalik uning asosida K. Kaunda rahbarligida Milliy mustaqillik Birlashgan partiyasi tuzildi (1959). 60 yillar boshida mamlakatda federatsiyadan chiqish va mustaqil davlat tuzish uchun kurash kuchaydi. Natijada Shimoliy Rodeziya 1964 yil yanvarda o’zini o’zi idora qilish huquqini oldi. 24 oktabrda esa mustaqil Zambiya Respublikasi deb e’lon qilindi va prezidentlikka K. Kaunda saylandi. 1968-69 yillarda Zambiya hukumati mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida eng yirik chet el savdo, sanoat va mis konlari kompaniyalari ustidan nazorat o’rnatdi. 1973 yildagi Konstitutsiyaga ko’ra, “Zambiya insonparvarligi” siyosiy dasturi qabul etildi. U xususiy mulkchilikni saklab qolgan holda oddiy inson ehtiyojlarini to’liq qondirish maqsadini qo’ydi. 1991 yil ko’p partiyali asosdagi saylovda F. Chiluba Prezidenti etib saylandi. 1964 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari 1994 yil 1 Fevralda o’rnatilgan. Milliy bayrami — 24 oktabr — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1964). Asosiy siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Ko’p partiyali demokratiya uchun harakat, 1990 yilda tuzilgan; Milliy mustaqillik Birlashgan partiyasi, 1959 yilda tuzilgan; Zambiya demokratik Kongressi, 1995 yil tuzilgan; Milliy partiya, 1993 yil tuzilgan; Zambiya kun tartibi, 1996 yil asos solingan; demokratiya va taraqqiyot uchun anjuman, 2001 yilda Ko’p partiyali demokratiya uchun harakat partiyasi parchalanishi natijasida tuzilgan. Zambiya kasaba uyushmalari Kongressi 1965 yilda tuzilgan, umum Afrika kasaba uyushmalari federasiyasi a’zosi. Xo’jaligi. Zambiya mustamlakaga aylangan davrdan uning iqtisodiyoti dunyo bozoriga, asosan, Buyuk Britaniyaga faqat mis va polimetallar etkazib berishga ixtisoslashib, xo’jaligining boshqa tarmoqlari kon sanoatiga xizmat kilib keldi. Yalpi ichki mahsulotda tog’kon sanoati 9%, ishlab chiqarish sanoati 31,8%, qishloq xo’jalik 18% ni tashkil etadi. Sanoati. Tog’kon sanoati va rangli metallurgiya rivojlangan. Zambiya mis rudasi zaxirasi bo’yicha dunyoda oldingi o’rinlarda turadi. Mis 6 yirik kondan qazib olinadi. Mis bilan birga kobalt, kumush va oltin ham chiqadi. Polimetall rudalari va kadmiy, gips, talk va qurilish materiallari konlari ham bor. Ishlab chiqarish sanoati rangli metallurgiya korxonalaridan tashqari oziq-ovqat, neftni qayta ishlash, mashinasozlik, metallsozlik, tsement sanoati tarmoqlaridan iborat. Tegirmonlar va Novvoyxonalar, kushxonalar, qand zavoddlari, sut mahsulotlari, sariyog’, mol yog’i va o’simlik moyi ishlab chiqarish korxonalari, tamaki korxonalari ishlaydi. Kafueda to’qimachilik, Lusakada paxta tozalash fabrikalari bor. Kime va neftni qayta ishlash sanoati o’g’itlar, bo’yoqlar, loklar, avtoshinalar, plastmassa va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Qog’oz sanoati rivojlanmoqda. Chilanga va Ndoladagi tsement zdlari binokorlik ashyolari sanoatida yetakchilik qiladi. Kapirimposhida oyna va shisha idishlar ishlab chiqaruvchi zavodlar, Luansheda elektr simlari, kabel, shpatlar, mis va alyuminiy buyumlari, Lusakada qora metallardan turli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi zavodlar mavjud. Mashinasozlik korxonalari orasida eng yirigi — Livingstondagi avtomobil yig’uv zavodidir. Radioapparatlar, qishloq xo’jalik anjomlari ishlab chiqaruvchi zavodlar ham bor. Bir yilda o’rtacha 7,8 milliard. kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida mamlakat iqtisodiy faol aholisining 76% band. G’allachilik — dehqonchilikning asosi. Asosiy qishloq xo’jalik ekini makkajo’xori bo’lib, u Lunda, Mazabuka, Tonga platosi, Barotsa tekisligi, Luangva daryosi vodiysi yerlarida, tariq va jo’xori Luapula, Shimol va shimoliy G’arb viloyatlarida, Luangva, Zambezi daryolari vodiylarida yetishtiriladi. Oz miqdorda bug’doy ekiladi, u ichki ehtiyojning atigi 10% ini qondiradi. Sholi, paxta, yer yong’oq, soya, kungaboqar, shakarqamish, tamaki, choy, kofe, meva ham yetishtiriladi. Mamlakat oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojlarini o’zi qoplay olmaydi. Chorvachilikdagi mollar asosan yaylovda boqiladi. Yaylovlarda oziq kamligi va tsese pashshasining ko’pligi chorvachilikni rivojlantirishga yo’l qo’ymaydi. Mamlakatda go’sht sut va sut mahsulotlari yetishmaydi. Zambiya hududining 17% ga yaqini o’rmon bilan qoplangan. O’rmonlardagi qarag’ay, evkalipt daraxtlaridan asosan konchilikda shpal va mustahkamlagich sifatida foydalaniladi, Rodeziya tiki (qattiq yog’och) ichki bozorni ta’minlaydi va chetga sotiladi. O’rmonlardagi daraxtlarni kesish va qayta ishlash bilan davlat kompaniyalari shug’ullanadi. Baliqchilik — afrikalik aholining an’anaviy mashg’uloti. Baliq, asosan, Bangveulu, Mveru, chishi, Tanganika ko’llarida, Kafue, Zambezi, Lua pula daryolarida, Lukanga botqoqligida ovlanadi. Transporti. Zambiyada 2 temir yo’l liniyasi bo’lib, ular davlat tomonidan boshqariladi. Temir yo’lning uzunligi — 2,2 ming kilometr. Avtomobil yo’llari uzunligi — 37,4 ming kilometr, shundan 14 ming kilometr qattiq qoplamali. Ichki suv yo’llarining uzunligi — 2250 kilometr. Ichki porti Tanganika ko’lidagi Mpulungu portidir. Zambiya hududi orqali dor ussalom—Ndola neft quvuri o’tkazilgan. Xalqaro aeroportlari: Lusaka, Ndola, Livingstonda. Zambiya chetga mis, rux, kobalt, qo’rg’oshin chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskunalar, yoqilg’i, kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat oladi. Asosiy mijozlari: AQSh, Frantsiya, Yaponiya, Italiya, Buyuk Britaniya. Pul birligi — kvacha. Sog’liqni saqlash. Davlatga qarashli davolash muassasalari bepul. Bundan tashqari Lusaka va Kopperbeltda xususiy tibbiy muassasalar faoliyat ko’rsatadi. Vrachlar Zambiya universiteti huzuridagi tibbiyot maktabida tayyorlanadi. Maorifi, madaniyma’rifiy va ilmiy muassasalari. Zambiya mustaqillikka erishgach, boshlang’ich maktablarda afrikalik bolalar yevropaliklar bilan birga o’qitila boshladi. Bolalar 7 yoshdan boshlab 7 yillik boshlang’ich maktabda o’qiydi. Boshlang’ich maktabning 1— 4 sinflarida darslar ona tilida, so’ng ingliz tilida olib boriladi. O’rta maktab 5 yillik. Boshlangich maktablar uchun o’qituvchilar kichik (to’liqsiz) o’rta maktab negizida pedagogika bilim yurtlarida 2-3 yil davomida tayyorlanadi. Kichik o’rta maktab o’qituvchilari esa to’liq o’rta maktab negizida pedagogika kollejlarida 2 yil davomida, to’liq o’rta maktab o’qituvchilari untda tayyorlanadi. Hunar-texnika ta’limi boshlang’ich maktab negizidagi hunar maktablarida va hunarmandchilik o’quv yurtlarida amalga oshiriladi. Lusakada universitet (8 fakultet), Kitvenkanada uning filiali bor. Zambiyada yana bir qancha institut va kollejlar, shu jumladan Milliy ijtimoiy boshqaruv instituti, amaliy hunarmandchilik va tijorat kolleji, texnika kolleji, milliy resurslarni rivojlantirish kolleji (hammasi Lusakada), boshqa shaharlarda ham turli kollejlar mavjud. Yirik kutubxonalari: Lusakada unti kutubxonasi, kutubxonalar maxdamasi, milliy arxivi, shahar ommaviy kutubxonasi. Ndola va Kitve Nkanada ommaviy kutubxonalar bor. Muzeylari: Lusakada K. Kaunda uy muzeyi, Milliy mustakillik Birlashgan partiyasi siyosiy muzeyi, Livingstondagi muzey, Ndola va Mbaladagi muzeylar. Ilmiy muassasalari: Lusakada Milliy ilmiy tadqiqot kengashi, geologiya xizmati, Zambiya universiteti huzuridagi Afrika tadqiqotlari instituti, Pedagogika tadqiqot byurosi, Chilanida baliqchilik Markaziy tadqiqot instituti, Mazabukada Markaziy veterinariya stansiyasi, Kitvenkanada O’rmon-texnika tadqiqot byurosi, tibbiyot tadqiqot byurosi va boshqalar. Bir qancha ilmiy jamiyat va uyushmalar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Zambiyada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: “Zambiya gavernment gazett” (“Zambiya hukumat gazetasi”, ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1911 yil tashkil etilgan), “Zambiya Deyli meyl” (“Zambiya kundalik xabarlari”, ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1960), “Tayme of Zambiya” (“Zambiya vaqti”, ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1943), “Intanda” (“Yulduz”, tonga tilidagi oylik gazeta, 1958), “Sandi tayme of Zambiya” (“Zambiyaning yakshanba vaqti”, ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1965), “Yus” (“Yoshlar”, ingliz tilida Qar chorakda chiqadigan jurnal, 1974). Zambiya Axborot agentligi 1969 yil tuzilgan. Zambiya radioeshittirish xizmati 1966 yil tashkil etilgan bo’lib, hukumat tomonidan nazorat qilinadi. Teleko’rsatuvlar Lusaka shahridan olib boriladi. Adabiyoti. Zambiya adabiyoti xalq og’zaki ijodiyoti an’analari asosida rivojlanmoqda. J. Chivalening bemba va luba xalqpari tillaridagi “Markaziy bantularning tarixiy tuzuklari” kitobi (1962) va J. Musapuning “Alamango” dostonlar to’plami (1962) adabiy hayotda muhim voqea bo’ldi. Biroq mahalliy tillardagi badiiy adabiyot unchalik ommalashmadi. 70 yillarda Zambiya yozuvchilarining ingliz tilidagi asarlari paydo bo’ldi. D. Mulayshoning “Soqovlar tili” romani mashhur bo’ldi. Unda zamonaviy jamiyat axloqiy muammolari majoziy tarzda tasvirlangan. M. Lisvaniso tahriri ostida “Zambiya ovozlari” nomi bilan qisqa hikoyalar majmuasi, G. Pirining “Taqdir qismati”, “Qaltis qiliq” romanlari va boshqa asarlar bosilib chikdi. P. Mulenga, M. Kasese, O. Simpson, Anna Shtigler, R. Bapti kabi shoirlar, Ch. Vyas, U. Saidi kabi yozuvchilar mashhur bo’ldi. 1978 yilda Zambiya yozuvchilarining milliy uyushmasi tuzilib, barcha adiblar unga birlashdilar. Me’morligi va tasviriy san’ati. Zambiyaning shimol va Sharqiy mintaqalarida qoya toshlariga chizilgan turli rasm va tasvirlar topildi, ularning ilk namunalari miloddan avvalgi 4-ming yillikka Lusaka shahridagi zamonaviy bino. Subligi qayd etilgan. Ma’dan bo’yoqlar (aksari qizil, sariq, oq, qora rangda) bilan tushirilgan tasvirlarda jonivor (fil, kiyik, tuyaqush)lar, odamlar qiyofasi va ov manzarasi gavdalantirilgan. Zambiyadagi turar joylar, asosan, xashak va qamishdan aylana tarhli qilib qurilgan, devorlari loy suvoqli chaylasimon uylardan iborat bo’lib, ularning tomi qamishdan kulohiy shaklda ishlangan, bo’g’oti ostida ayvoncha hosil qilinadi. Uy devori loy bilan suvalib, rang-barang qilib bo’yaladi. Zambiyaning 20-asr boshlarida qad ko’targan shaharlari — Lusaka, Livingston, Ndola erkin loyihada, ko’chalari keng, atrofiga temir beton va xom g’ishtlardan kam qavatli imoratlar qurilgan. Kafue daryosi qirg’og’ida shu nomda sanoat markazi barpo etilgan. Viktoriya sharsharasi yonida qurilgan sayyoxdar majmui milliy turar joy uslubida bezatilgan. Zambiyaning kasbiy san’ati yaqinda paydo bo’ldi. Rassomlardan R. Sililo alohida ajralib turadi. Uning mo’yqalamiga mansub xalq tarixi va zamonaviy qishloq turmushi manzaralari Lusakadagi muzeyni bezab turibdi. Rangtasvir va haykaltaroshlik ustalari G. Tayali, R. Sichalve, rassomlar B. Kabamba, F. Chinyama, R. Kausu, B. Kalulular ijodi tahsinga sazovor. Zambiya san’at markazi har yili tasviriy va amaliy san’at asarlari tanlovini o’tkazib turadi. Musiqasi. Afrikalik boshka xalqlar kabi Zambiya xalqining musiqa san’atida xam qo’shiq, raqs va soz chambarchas bog’langan. To’p-to’p bo’lib tushiladigan ngoma raqsi, barabanlar jo’rligidagi ichila raqsi rasm bo’lgan. Allalar, to’y marosim qo’shiqlari, marsiyalar keng tarqalgan. Diniy marosim qo’shiq va raqslari (zikr tushish, insjinslarni kuvish, jinlar bazmi kabi) hamon uchrab turadi. Mamlakatga yevropaliklar kelishi bilan (18— 19 asrlar) xristian munojatlari ommalasha boshladi, afrikacha va yevropacha musiqa uslublari qorishgan qo’shiqchilik shakllandi, qo’shni xalqlarning musiqa va qo’shiqlari ham kirib kela boshladi. Mustaqillikka erishilgandan keyin mamlakatda ko’pgina musiqa jamoalari vujudga keldi. Lusaka radiosi dastasi, akauka Makoma kvarteti, “Salibchilar” kvarteti shular jumlasidan. An’anaviy musiqa ijrochilaridan — sozandalar M. Mataliyana, A. Mulena, E. Manda, xonandalar D. Mazuka, P. Maddilarni ko’rsatish mumkin. Rok musiqasi, Disko, reggi kabi zamonaviy ommabop uslublarda ijod qiluvchi vokalcholg’u ansambllaridan “Katta oltin oltilik”, “Sehrgar”, “Maoma”lar mashhur. Zambiya madaniyat Mahkamasi an’anaviy san’atni saqlash va rivojlantirish, ijodiy jamoalar tashkil etish bilan shug’ullanadi. Teatri. 1964 yilga qadar shimoliy Rodeziyada yevropalik havaskorlarning teatr guruhlarigina bo’lgan. 7 shaharda litltietr deb atalgan kichikkichik teatr binolari bo’lgan. Mustaqillik e’lon qilingandan keyin Afrika teatr jamoalari vujudga keldi, Zambiya san’at uyushmasi tuzilib, unga dramaturg-rejissyorlar G. Lumpa va K. Nkxata rahbarlik qildi. Esxilning “Oresteya” pyesasi mahalliy folklor uslubidagi musiqa va raqslar bilan sahnalashtirildi. Jo de Graftning “O’g’il va qizlar” spektakli qo’yildi. Zambiyada professional teatr yo’q. Ko’pgina teatr jamiyatlari, guruhlari va klublar bor. Ularning kupi Zambiya milliy teatr san’ati uyushmasi va Zambiya teatr san’ati Ittifoqiga kiradi. Turli-tuman truppa va dastalar mamlakat ichkari tumanlariga borib tomoshalar ko’rsatadi. Truppalar repertuaridan mumtoz asarlar, zamonaviy Yevropa va Amerika dramaturglarining pyesalari asosiy o’rin olgan. Ko’pincha falsafiy, ba’zan diniy mavzudagi asarlar sahnalashtiriladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz