Zakariyyo




Zakariyyo (زَكَرِيَّا) — Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri, Yahyoning otasi. Qurʼonda 8 joyda zikr qilingan, uning nasabi haqida biron narsa deyilmagan. Qurʼonda aytilishicha, Maryamni tarbiyalayotgan Zakariyyo gʻoyibdan qizga har kun turli taom-u sharbatlar, yangi mevalar inʼom etilayotganini koʻradi. Bu Allohning marhamati ekanligini, uning har narsaga qodirligini biladi va qarib, zaif boʻlib qolgani, befarzandlik dogʻi kuydirayotganini arz etib iltijo bilan Allohdan farzand soʻraydi. Alloh maloikalarni yuborib, unga farzand ato etishligi bashoratini beradi. Farishtalar unga nido qildilar: "(ey, Zakariyyo), Alloh senga Allohning soʻzini tasdiq etadigan, (oʻz qavmiga) xoja boʻladigan, (shahvatlardan oʻzini) tiyadigan va soliq paygʻambarlardan boʻladigan Yaxyo ismli farzand xushxabarini berur" (3:39). Shunda Zakariyyo menga keksalik yetgan, xotinim tugʻmas boʻlsa, mendan qanday farzand boʻlsin, dedi. Zakariyyoga belgi berildi: uch kungacha Zakariyyoning tili Allohning zikridan oʻzga soʻzga aylanmay qoldi. Odamlarga esa faqat imoishora bilan muomala qildi. Bu Zakariyyoning xotini homilador boʻlganidan darak edi. Rivoyatda aytilishicha, Zakariyyo shaytonning sotqinligi tufayli shahid boʻlgan.

Manbalar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz