Zahro Ahmedova




Zahro Raxmatovna Ahmedova (1955-yil, Yuqori Chirchiq tumani, Toshkent viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, kimyo fanlari doktori, professor. Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi aʼzosi.

Biografiyasi



Zahro Ahmedova 1955-yil Yuqori Chirchiq tumanida tugʻilgan. 1976-yilda Toshkent davlat universiteti biologiya fakultetini tamomlagan. 1977—1978-yillarda Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi Biokimyo institutining „Ferment preparatlari“ laboratoriyasi mudiri, prof. A. M. Bezborodov rahbarligida ilmiy izlanishlar olib borgan. 1979—1981-yillarda aspiranturaga kirib, professor A. M. Bezborodov va professor K. D. Davranov ilmiy rahbarligida zamburugʻlarning lipolitik fermentlari va ular faolligini ingibirlovchi oksillarni izlash, topish, tavsiflash ishlari natijasida 1984-yilda nomzodlik ishini himoya qilgan. 1989-yilda Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi G. K. Skryabin nomidagi Mikroorganizmlar fiziologiyasi va biokimyosi institutiga stajirovkaga yuborilgan. 1991-yilda ushbu institutga maqsadli doktoranturaga yuborilgan. 2003-yildan 2021-yilga qadar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti „Mikroorganizmlar fermentlari“ laboratoriyasi mudiri, 2021-yildan shu kunga qadar esa „Tabiatni muhofaza qilish biotexnologiyalari“ laboratoriyasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Oilasi



Oilali, 2 nafar farzandi bor.

Ilmiy faoliayati



1999-yilda biokimyo va biotexnologiya ixtisosliklari boʻyicha „Bazidial zamburugʻlarning selyulolitik ksilanolitik, ligninolitik ferment sistemalari va ularning lignosyellyuloza substratlari gidrolizidagi oʻzaro munosabatlari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. 2007-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. Zahro Ahmedovaning asosiy ilmiy yoʻnalishi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, tibbiyot, farmatsevtika sanoatining barcha tarmoqlarini biologizatsiya yoʻnalishiga oʻtkazish, oziq-ovqat va inson salomatligini saqlash borasida bioxavfsizlikni taʼminlash, kimyoviy vositalar, moddalar, mineral oʻgʻitlar sarfini kamaytirish yoki batamom voz kechish, atrof-muhit himoyasi va ekologik muvozanatni saqlash, mikroorganizmlar va ulardan olinadigan noyob biologik moddalarni tahlil qilish va ishlab chiqarish, amaliyotga keng tatbiq etishdan iboratdir. Ilmiy faoliyatining daslabki yillaridanoq Zahro Ahmedova tarafidan dunyo miqyosida birinchi marotaba tabiiy oqsil+oqsil oʻzaro taʼsiri, munosabatlari, oʻrganilib, ularning mikrob hujayrasida yogʻni parchalovchi lipaza fermentining turli formalarini hosil boʻlish mexanizmi ochib berilgan va ushbu nazariya kasallangan inson toʻqimalaridagi nekrotik hujayralarni, jarrohlik septik yaralarini davolash uchun proteolitik fermentlar ingibitorini yaratishga asos soldi. 2018-yilda „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan taqdirlangan. 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi oʻtkazilgan „Oʻzbekiston xotin-qizlarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihalari“ respublika tanlovida faol ishtirok etib, „Eng yaxshi sanoat namunasi“ nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan. 550 dan ortiq ilmiy maqolalar, 3 ta oʻquv qoʻllanma, 4 ta monografiya, 1 ta darslik, 6 ta ixtiro, 170 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz