ZAGURSKAYA GALINA NIKOLAYEVNA
ZAGURSKAYA GALINA NIKOLAYEVNA (1905.27.4, Irkutsk – 1978.16.11, Toshkent) — aktrisa va rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1944). Irkutsk balet maktabini tugatgan (1922). 1937 yildan Toshkentda, M. Gorkiy teatrida aktrisa. Yaratgan obrazlari psixologik chuqur va jo’shqinligi, harakat va nutq madaniyatining mukammalligi bilan xarakterlanadi. Ijobiy va salbiy, fojiaviy va hajviy rollarni bir xilda mahorat bilan ijro etgan. Eng yaxshi rollari: Varvara, Kruchinina (“Momaqaldiroq”, “Aybsiz aybdorlar”), Yelena, Vasilisa Karpovna (“Meshchanlar”, “Tubanlikda”), Anna Karenina (“Anna Karenina”), Ranevskaya (“Olchazor”), Saburova (“Yagona guvoh”), Diana (“It pichan yemaydi, o’zgaga ham bermaydi”), Mirandolina (“Mehmonxona bekasi”), Jamila, Maysara (“Boy ila xizmatchi”, “Maysaraning ishi”), To’lg’anoy (“Momo yer”) va boshqalar. Rejissyor sifatida “Etik kiygan mushuk”, “It pichan yemaydi, o’zgaga ham bermaydi”, “Jizzaki”, “Kichkintoy Dorrit”, “Uch xapdori” kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz