“ZAFARNOMA”



“ZAFARNOMA” — Amir Temur davlati tarixiga bag’ishlab yozilgan asar. Sohibqiron Amir Temurning hayotligida bevosita uning topshirig’i asosida Nizomiddin Shomiy tomonidan yozishga kirishilgan (1401-02). 1404 yil bahorigacha asar yozib tamomlangan va Ozarbayjonda yetti yillik yurishdan Samarqandga qaytayotgan Amir Temurga taqdim etilgan. Bundan keyingi Sohibqiron vafotigacha kechgan voqealar keyinroq Hofizi Abru tomonidan yozib ilova qilingan. “Zafarnoma”ni yozishda Amir Temurning munshiy va kotiblari ham nazm, ham nasrda forsiy va turkiy tillarda yozgan ma’lumotlar, muallifning 1400— 04 yillar davomida Sohibqiron yurishlarida bo’lib, o’zi ko’rgan-bilganlari, Hindiston yurishi voqealari qismining bayoni uchun G’iyosiddin Alining “Ro’znomai g’azavoti Hindiston” (Hindistonga yurish kundaligi”) asari asosiy manba bo’lib xizmat qilgan. “Zafarnoma” tarixiy asar sifatida 14— 15 asr boshida Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davridagi O’rta Osiyo, Oltin “Zafarnoma”ning o’zbek tilidagi nashri muqovasi (Toshkent, 1996). O’rda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afg’oniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va boshqa mamlakatlar tarixiga oid voqealarni o’z ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360 yilga qadar O’rta Osiyoda hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar haqida qisqa ma’lumot berilgan. So’ngra Amir Temurning 14 asrning ikkinchi yarmi va 15 asrning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan. “Zafarnoma” o’zida jamlangan tarixiy ma’lumotlarning ishonchliligi bilan 15—16 asrlardanoq bir qancha asarlar uchun bosh manba bo’ldi. “Zafarnoma”ning faqat 2 qo’lyozma nusxasigina saqlanib qolgan. Birinchisi, Amir Temurga taqdim etilgan qo’lyozmaning 1425 yilda ko’chirilgan nusxasi bo’lib, u Istanbuldagi “Nuri Usmoniya” masjidi kutubxonasida saqlanadi (№ 3367). Ikkinchisi, muallif tomonidan Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar Bahodir ibn Mironshohga taqdim etilgan qo’lyozmadan 1434 yil ko’chirilgan nusxa bo’lib, u Londondagi “Britaniya muzeyi” kutubxonasida saqlanadi (№ 23980). Matnshunos Chex olimi Feliks Tauer “Zafarnoma” nusxalarini Amir Temur tarixidan hikoya qiluvchi boshqa bir muhim manba — Hofizi Abruning “Zubdat attavorixi Boysung’uriy” (“Boysung’urga atalgan tarixlar sarasi”) nomli asari bilan solishtirib tadqiq etish asosida uning ilmiy-tanqidiy matnini ikki jildda nashr etdi (Praga, 1937 va 1956 yillar). Unga Hofizi Abru yozgan “Ilova” ham kirgan. Ushbu nashr asosida “Zafarnoma” qisqartirilgan shaklda turk tiliga (Anqara, 1940); so’z boshi, ko’rsatkichlar va ilmiy izoxlar bilan o’zbek tiliga (Toshkent, 1996, tuzuvchi — O. Bo’riyev), o’girilib nashr etildi. Ad.: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma [fors tilidan o’giruvchi Yunusxon Hakimjonov, tarjimani qayta ishlab nashrga tayyorlovchi va mas’ul muharrir A. Urinboev, izohlar va lug’atlarni tuzuvchi H. Karomatov], T., 1996. Asomiddin O’rinboyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz