Zafar Diyor (1912-1946)
O‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Zafar Diyordir. U 1912 yili Namangan viloyatining Chust tumanida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ildi. Avval eski maktabda, so‘ng bolalar uyida ta’lim oldi.
Bo‘lg‘usi shoir 1927 yilda Narimonov nomli o‘zbek erlar bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1933 yilda a’lo baholar bilan tugatib, o‘sha yerda adabiyot muallimi bo‘lib xizmat qildi. 1941 yilda esa Toshkent Davlat pedagogika oliy institutini tugatdi.
Shoir ijodi garchi erta boshlangan va ko‘pgina she’rlari «Lenin uchquni», «Yosh leninchi», «Yosh kuch», «Kolxozchi bolalar» kabi gazetalarda chop etilgan bo‘lsa ham, uning «Qo‘shiqlar» nomli birinchi she’riy to‘plami 1938 yilda nashr etiladi. Shoirning ijodiy faoliyati jurnalistika bilan chambarchas bog‘liqdir. U avval «Lenin uchquni» (1936—1941) gazetasida mas’ul kotib, 1941 yildan umrining oxirigacha «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan.
Shoirning «Qo‘shiqlar» to‘plamidan so‘ng «Tantana» (1938), «She’rlar» (1939), «Bizning qurolimiz», «Bizning oila» (1942), «Sovg‘a» (1944) kabi she’riy majmualari bosilgan.
Zafar Diyor Ikkinchi jahon urushi yillarida (1941—1945) rang-barang janrlarda samarali ijod qildi. Uning «Qurol bering menga ham!» she’ri H. Olimjonning «Qo‘lingga qurol ol!» asariga hamohang. Shuningdek, «Orzu», «Temurchilar maktubi», «Otam kelar yaqinda», «Tabassum», «To‘qqizinchi may» kabi she’rlari yoshlarni qahramonlik, vatanparvarlik va birodarlik ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.
Zafar Diyor mohir bolalar shoiri bo‘lishi bilan birga, bolalarning suyukli dramaturgi ham edi. Uning uch qismdan iborat «Baxtli yoshlik», «Uch og‘ayni» pesalarida bolalar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik ardoqlanadi. U adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi, tarjimon va nosir ham edi.
Zafar Diyor 1946 yil 14 aprelda bevaqt vafot etdi. Uning vafotidan keyin «Kichkina bog‘bon haqida doston» (1947), «Chaman» (1948), «Gunafsha» (1952), «Asarlar» (1954), «Qanotli do‘stlar» (1958), «Suv bilan suhbat» kabi to‘plam va saylanmalari nashr etilgan.
Uzpedia.uz