YUSUPOVLAR
YUSUPOVLAR — o’zbek milliy kurashi rivojlanishiga, uning xalqaro maydonga chiqishiga hissa qo’shgan polvonlar sulolasi. Polvonlar sulolasi boshlovchisi Yusupov Tursun (1898, Buxoro — 1982.12.4, Qorako’l tumani Qoraun qishlog’i) o’z davrida to’y va sayil kurashlarida nom qozongan. U kurash sirlarini Buxoro amirligida “Yengilmas polvon” nomi bilan elga tanilgan bobosi Ro’ziboy (Ruzvalt) polvondan, kurash mahoratini otasi Yusuf polvondan o’rgangan. Uzoq yillar Qorako’l tumanidagi “ijtimoiy” jamoa xo’jaligida rahbarlik lavozimlarida ishladi (1944-1970), kurash musobaqalarini o’tkazishga boshqosh bo’ldi, yetti nafar polvon o’g’ilni voyaga yetkazdi. O’g’li Nazirquli Tursunov (1932, Buxoro — 1954, Samarqand) — sambo bo’yicha sport ustasi. Kurash va sambo musobaqalari g’olibi. Samarqand universitetida o’qigan (1950 54). O’g’li Jo’raquli Tursunov (1937.12.10, Buxoro 2001.22.7, Toshkent) — kurash, dzyudo va sambo bo’yicha sport ustasi. Shu turlarda o’tkazilgan musobaqalar g’olibi, O’zbekiston chempioni, O’rta Osiyo universitetini tugatgan (1961), biologiya fanlari Doktori (1986), professor (1992). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika institutida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri (1962-1991), Toshkent universitetida kafedra mudiri (1991-2001). 20- asr oxirida mamlakatda kurash bo’yicha o’tkazilgan xalqaro musobaqalar tashkilotchilaridan, xalqaro qurash akademiyasi prezidenti (1999-2001), “O’zbek kurashi dovrug’i” (2002) kitobining hammuallifi, “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan (2000). O’g’li Nurmuhammad Yusupov (1946.27.12, Buxoro) — kurash va dzyudo bo’yicha sport ustasi, sambo bo’yicha xalqaro miqyosdagi sport ustasi (2003), ko’p karra O’zbekiston chempioni. Bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti qoshidagi texnikumni (1962), O’zbekiston jismoniy tarbiya institutini (1965) tugatgan. Qorako’l tumanida maktab o’qituvchisi, direktori (1965-83), 1983 yildan Qorako’l tumani kasaba uyushmalari raisi. Buxoro viloyatida o’tkazilayotgan kurash musobaqalari tashkilotchilaridan, sport jonkuyari. Sambo bo’yicha faxriylar o’rtasida jahon chempioni (2003, Frantsiya; 2004, Tojikiston). O’g’li Shermuhammad Yusupov (1949.26.4, Buxoro) — kurash, dzyudo va sambo bo’yicha sport ustasi, shu turlarda nufuzli musobaqalar g’olibi. O’zbekiston chempioni. Toshkent qishloq xo’jaligi institutini tugatgan (1979). Qorako’l tumani o’rmon xo’jaligi boshqarmasi direktori o’rinbosari, direktori (197991). 1991 yildan O’zbekiston o’rmon xo’jaligi boshqarmasi boshlig’ining 1 o’rinbosari. Milliy qurash musobaqalarining tashkilotchilaridan. “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan (2001). O’g’li Muzaffar Yusupov (1952.4.1, Buxoro) — kurash musobaqalari g’olibi, dzyudo va sambo bo’yicha sport ustasi, shu turlarda O’zbekiston chempioni. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan (1975). Toshkent loyiha institutida muhandis (1975-76), Toshkent qishloq xo’jaligi institutida o’qituvchi (1976— 79), Qorako’l tumani qishloq xo’jalik boshqarmasi boshlig’i (1979-97). 1997 yildan O’zbekiston bojxona qo’mitasida bo’lim boshlig’i. Kurash musobaqalarini uyushtirishda ishtirok etib keladi. O’g’li Norquli Yusupov (1954.23.5, Buxoro)— kurash, dzyudo va sambo bo’yicha sport ustasi, shu turlarda o’tkazilgan nufuzli musobaqalar g’olibi. Samarqand universitetini tugatgan (1978), texnika fanlari nomzodi (1990). “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi va boshqalar tashkilotlarda muhandis bo’lib ishlagan (1978-2001). Kurash bo’yicha o’tkazilgan xalqaro musobaqalar tashkilotchilaridan, “kurash uchun harakatli o’yinlar” kitobining muallifi (2003). 2001 yildan xalqaro kurash akademiyasining prezidenti. O’g’li Komil Yusupov (1957.20.12, Qorako’l tumani) — kurash bo’yicha sport ustasi, sambo va dzyudo bo’yicha xalqaro miqyosdagi sport ustasi (1978, 1979), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan sportchi (1992). Toshkent universitetining yuridik fakultetini (1984), O’zbekiston jismoniy tarbiya institutini (1991) tugatgan, harbiy xizmatchi (1976-1992), O’zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport qo’mitasi raisining o’rinbosari (1992-96), raisi (2002-2004), “Kamolot” jamg’armasi raisining 1-o’rinbosari (1996— 1999), raisi (1999-2000), 2004 yildan Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o’rinbosari. Kurash va belbog’li kurashning xalqaro qoidalarini ishlab chiqqan. Kurash bo’yicha o’tkazilgan nufuzli musobaqalar tashkilotchilaridan, Xalqaro kurash assosiasiyasi (XKA) tuzish tashabbuskorlaridan biri. 1998 yildan XKA prezidenti. “Kurash” (1999) va “kurash xalqaro qoidalari, texnikasi va taktikasi” (2005) kitoblarining muallifi. II darajali “Sog’lom avlod uchun” (1997), “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari, BMT ning “yaxshi niyat elchisi” unvoni (2004) bilan mukofotlangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz