Yusuf surasi
Yusuf surasi (arabcha: سورة يوسف, nomining maʼnosi — Yusuf (nom)[8][9]) — Qurʼonning 12-surasi. Makkiy suralardan biri, 111 oyatdan iborat. Bu sura Qurʼonning 235–248-sahifasida va 12-13-juzida joylashgan. 53-boʻlib nozil boʻlgan.
Asosiy maʼnosi
Ushbu surada asosan Allohning paygʻambarlaridan Yusuf ibn Yaʼqubning hayoti zikr qilinib, u zotning boshiga tushgan balolar, ogʻa-inilari va
begonalardan koʻrgan kulfatlari — chohga tashlanganlari, tuhmatga yoʻliqqanlari,
zindonband boʻlganlari... haqida va bunday ogʻir koʻrgiliklarga sabr-toqat qilishlari
natijasida oxir-oqibat zindon azobidan xalos qilinib, butun Misr zaminining mulku
xazinasiga ega boʻlganlari xususida soʻz boradi.
Bu sura Hud surasidan keyin — Muhammad alayhis-salom hayotlarining eng qora
kunlarida — yaqinlari Hadicha va Abu Tolibdan ajragan, mushriklar tomonidan ozor-
aziyatlar chekib qiynalib yurgan kezlarida nozil boʻlgandir. Goʻyo Alloh taolo Oʻzining
suyukli paygʻambariga va qolaversa, u zotning barcha ummatlariga agar boshlariga
tushgan baloyu kulfatlarga va diyonatsiz kimsalarning zulmu zoʻravonliklariga sabr-
qanoat qilib oʻzlarining Haq yoʻlidagi kurashlaridan tolmay, Allohning dinidan qolmay
sobitqadam boʻlsalar, Parvardigori olam ularni zulmatlardan va toru tanglikdan xalos
qilib, nurli, baxt-saodatli kunlarga yetkazajagini uqtirayotgandek. Bu suraning nazmu
uslubida oʻzgacha latofat, ayricha joziba mavjudki, islom olamidagi eng buyuk qalam
ahllari undan mutaassir boʻlib, sheʼru dostonlar bitganlar, ulamolar esa, bu sura
xususida jild-jild kitoblar tasnif etganlar. Shunday asarlardan birida «Yusuf surasi jannat
ahllari jannatda ham rohat bilan tilovat qilib yuradigan suralardandir», deyilgan boʻlsa,
yana birida: «Har Qanday gʻam-tashvishga botgan mahzun kishi Yusuf surasini eshitishi
bilan orom-osoyish topur», deyiladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org