Yusif Ziyo Tolibzoda
Yusif Oxund Mustafo oʻgʻli Tolibzoda yoki
Yusif Tolibzoda Tbilisi (ozarbayjoncha: Yusif Axund Mustafa oğlu Talıbzadə, 1877-yil 11-oktyabr, Tbilisi – 1923-yil 18-may, Xorazm) – oʻqituvchi, siyosatchi, dramaturg, harbiy xizmatchi.
„Armanusa“, „Amir Xolid bin Valid“ dramatik asarlarini yozgan. U gazeta va jurnallarda publitsistik maqolalar chop ettirgan.
Bolqon urushlarida va Birinchi jahon urushida qatnashgan. Bolqon urushlarida u ozarbayjon koʻngillilariga qoʻmondonlik qilgan. Usmonli qoʻshinida polkovnik darajasiga koʻtarilgan. 1918-yilda Yusif Ziyo Tolibzoda Bokuni ozod qilish uchun Kavkaz islom armiyasi safida Ozarbayjonga qaytib kelgan.
1921-yil fevralda Naxchievan inqilobiy qoʻmitasi aʼzosi etib tayinlangan. Keyinchalik General unvoni bilan Naxchevan harbiy komissari etib tayinlangan.
Bosmachilik harakatida qatnashib, bolsheviklarga qarshi kurashgan. 1923-yil 18-mayda bolsheviklar bilan boʻlgan janglardan birida halok boʻlgan.
Hayoti va ijodi
Yusif Ziyo Tolibzoda 1877-yil 22-yanvarda Tbilisining Shaytonbozor kvartalida tugʻilgan. Boshlangʻich maʼlumotni Tbilisida „Rushdiya“ gimnaziyasida olgan. 1894-yilda oilasi bilan Xurosonga koʻchib oʻtgan. Bu yerda taʼlimni davom ettirgan Yusif, urmiylik ustozi Yusif Ziyoning kuchli taʼsiriga tushib, „Ziyo“ taxallusini olgan. Yusif Ziyo otasining iltimosiga koʻra maktabdan soʻng, Mirzo Jaʼfar madrasasiga oʻqishga kiradi va shu yerda diniy taʼlim oladi. Madrasani tamomlab, Bagʻdodda oʻqishni davom ettirgan. Yusif oʻqish davrida turk, arab, fors va rus tillarini mukammal oʻrgangan. 1899-yilda onasi bilan Tbilisiga qaytib kelgan. Yusif Shoh Abbos masjidida xizmat qilish uchun tayinlangan boʻlsa-da, u buni rad etgan va 1900-yilda Bokuga koʻchib oʻtgan.
Faoliyati
1900-yil sentabrida imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, Tolibzoda rus-tatar maktabiga shariat muallimi lavozimiga tayinlangan. Bokuda u Hoji Zeynalabdin Tagiyev, Narimon Narimanov, Habib-bek Mahmudbekov va boshqa ziyolilar vakillari bilan uchrashgan. 1901-yilda Yusif Ziyo Tolibzoda N.Narimanovning „Nodirshoh“ dramasini fors tiliga tarjima qilgan. 1902-yilda Tolibzodaning ozarbayjon tili grammatikasi haqidagi „Tehsili-gevaid“ kitobi, 1903-yilda Islom olamida ayol tarbiyasi haqida „Hediyavi-nisvon“ va „Janob Hojining tarjimai holi va hayotiy faoliyati“ kitoblari nashr etilgan. 1900–1910-yillarda Bokudagi turli nashriyotlarda Tolibzodaning islom diniga oid 10 dan ortiq kitob va risolalari nashr etilgan. 1904-yilda u „Islom tarixi va tarixiy ziyoratgohlar koʻrsatkichi hamda islom mamlakatlari xaritasi“ nomli noyob xaritani cop ettirgan.
Oilasi
Otasi – Oxund Mustafo Tolibzoda Zaqafqaziya shayx ul-islomining noibi edi.
Akasi – Abdulla Shaig shoir, nosir, dramaturg, Ozarbayjon SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi edi.
Manbalar
uz.wikipedia.org