Yuriy Sokolov
Yuriy Konstantinovich Sokolov (ruscha: Юрий Константинович Соколов; 1923-yil 3-dekabr, Yaroslavl — 1984-yil 31-iyul yoki 14-dekabr, Moskva) — sovet savdo arbobi, 1982-yilgacha Moskva shahrida joylashgan SSSRdagi eng yirik oziq-ovqat doʻkonlaridan biri boʻlgan „Yeliseyevskiy“ gastronomining direktori boʻlib ishlagan. Katta hajmdagi koʻplab oʻgʻirliklarni sodir etgani uchun sud hukmi bilan qatl etilgan.
Hayoti
1923-yil 3-dekabrda Yaroslavl shahrida tugʻilgan. Millati rus.
1941-yildan Ulugʻ Vatan urushida qatnashgan. Urushga Yaroslavldagi Stalin tumani HK tomonidan chaqirilgan. 5 marotaba jarohat olgan. 2-Boltiq fronti 1-zarba armiyasining 1193-piyoda polki, 360-piyoda diviziyasi 120 mmli minomyot batareyasining vzvod komandiri boʻlgan kichik leytenant Sokolov mart oyida Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan. 1945-yilda Kirki shahri uchun boʻlgan jangda batareyaga qoʻmondonlik qilib, 30 tagacha dushman askarini yoʻq qilgan, shuningdek, Ruzemulushi shahri uchun boʻlgan jangda batareyaga qoʻmondonlik qilib, 2 ta ogʻir pulemyotni, 37 mm toʻpni va 60 dushman askarini yoʻq qilgan.
1945-yil oktabrida „Za pobedu nad Germaniey“ medali bilan mukofotlangan.
Demobilizatsiyadan keyin taksi haydovchisi boʻlib ishlaydi. 1950-yillar oxirida mijozlarni aldaganlikda ayblangan.
1963-yili poytaxt doʻkonlaridan biriga sotuvchi boʻlib ishga kiradi. 1972-yildan 1982-yilgacha „Yeliseyevskiy“ doʻkonining direktori boʻlib ishlagan.
Yeliseyevskiy ishi
1982-yilda Yu. V. Andropov hokimiyat tepasiga kelgach, mamlakatni korruptsiya, talon-tarojlik va poraxoʻrlikdan tozalashni boshlaydi. U savdo-sotiqning haqiqiy holatini bilar edi, shuning uchun Andropov ishni Moskva oziq-ovqat savdosidan boshlashga qaror qildi. Bu ish boʻyicha birinchi boʻlib Moskvadagi „Vneshposyltorg“ doʻkonining direktori ("Biryozka") Avilov va uning rafiqasi (Sokolovning Yeliseyevskiy direktori oʻrinbosari boʻlgan) hibs qilinadi.
Ish KGB tomonidan IIV ishtirokisiz tekshiriladi.
Koʻp oʻtmay, 1983-yilda Sokolov hibsga olinadi. Uning dala-hovlisidan 50 mingga yaqin Sovet rubli topilgan. Soʻroq paytida Sokolov bu pul uning shaxsiy puli emasligini, balki boshqa odamlar uchun moʻljallanganligini tushuntiradi. Uning koʻrsatmasi asosida Moskva savdo rahbarlariga, jumladan, „Glavmostorg“ rahbari Tregubovaga qarshi yuzga yaqin jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.
Maʼlum versiyaga koʻra, Sokolovga Moskva doʻkonlaridan oʻgʻirlik qilish sxemalarini fosh etishi evaziga sud tomonidan yengillashtirilgan jazo turi vaʼda qilinadi. Sud jarayonida Sokolov oʻz ishlarini qayd qilib borgan daftarni olib, maʼlum shaxslarning ismlari va katta miqdordagi summalar haqidagi maʼlumotlarni oʻqib beradi. Ammo shunga qaramay, sud Sokolovni oʻlim jazosiga hukm qiladi. Uning mol-mulki musodara qilinadi va barcha unvonlar va mukofotlardan mahrum qilinadi. Hukm RSFSR Oliy sudi sudyasi Vladimir Venediktovich Demidov tomonidan qabul qilingan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org