Yuriy Galkin




Yuriy Vadimovich Galkin (1958-yil 6-mart, Andijon) — rossiyalik marafonchi va ultramarafonchi, kunlik yugurish boʻyicha Rossiya chempioni (2016, 2017), Rossiya sport ustasi. 60—64 yoshlilar oʻrtasida kunlik yugurish boʻyicha jahon rekordchisi.

Tarjimayi holi



Yuriy Galkin 1958-yil 6-mart kuni Andijon shahrida tavallud topgan. 1979-yilda Toshkentdagi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini bitirgan. Moskva viloyati, Lyubertsi shahrida istiqomat qiladi. Moskva sport qoʻmitasiga qarashli 61-sonli bolalar va oʻsmirlar sport maktabida suzish boʻyicha murabbiy boʻlib ishlaydi.

Sportchilik faoliyati



1977-yilda SSSR sport ustasi unvonini olish boʻyicha koʻpkurash normalarini (suzish, oʻq otish, 1500 m masofaga yugurish, eshkak eshish, yelkanli qayiqlar poygasi) toʻliq bajargan va SSSR sport ustasi unvonini olgan. 2014-yilda yugurish musobaqasida qatnashgandan soʻng, uzoq masofali yugurish musobaqalarida, jumladan, 3000 metrdan tortib, kunlik yugurishda doimiy ishtirok etib keladi. Galkin musobaqalarda „Parsek“ yugurish klubi nomidan qatnashadi. Shuningdek, Galkinning murabbiysi rossiyalik marafonchi va ultramarafonchi Vsevolod Igorevich Xudyakov hisoblanadi.

Jahon rekordi
2016-yil 18—19-avgust kunlari kunlik yugurish boʻyicha boʻlib oʻtgan Rossiya kubogi musobaqasida Galkin 60—64 yoshlilar oʻrtasida kunlik yugurish boʻyicha 243 km 549 m masofani bosib oʻtib, jahon rekordini oʻrnatgan. Oldingi rekord 1990-yilda oʻrnatilgan boʻlib, 240 km 790 m masofani tashkil etgan.

Shuningdek, Galkin 58 yoshida yugurish boʻyicha Rossiya sport ustasi unvonini olishda belgilangan normalarni bajargan birinchi sportchi ham hisoblanadi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz