YUNUS



YUNUS — Qur’onda tilga olingan payg’ambarlardan biri. Zunnun, ya’ni katta baliq (kit)ning hamrohi degan nom ham olgan. Bibliyadagi Ionaga to’g’ri keladi. Qur’onning 10-surasi uning ismi bilan ataladi. Qur’onda Allohning yagonaligini tan olmagan o’z qavmidan g’azablanib, Parvardigorning iznisiz shahardan chiqib ketgani, kemada qochgani, suvga tashlangani, uni katta baliq yutib yuborgani, Alloh uni qutqargani, so’ng u targ’ibot olib borgan qavm bu dunyo jazolaridan qutulib qolgani haqida bayon etiladi. Qur’ondagi Yunus qissasida qavmni hidoyatga boshlashda sabr-toqatli, bardoshli bo’lishga da’vat bor. Hozirgi vaqtda Yunus payg’ambarning qabri (Iroq, Mosul shahri yaqini) qadamjolardan hisoblanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz