YUNON TILI



YUNON TILI — grek tili tarixidagi dastlabki bosqichda — miloddan avvalgi 14— 12-asrlardan milodiy 1 —4-asrlargacha amalda bo’lgan (hozirgi o’lik) til; greklarning qadimiy tili. Hindyevropa tillari oilasida qadimiy makedon tili bilan birgalikda alohida yunon (grek) guruhini tashkil etadi. Yunon tili taraqqiyoti tarixi quyidagi bosqichlarni qamrab oladi: 1) eng qadimiy (arxaik) davr (miloddan avvalgi 14-12-asrlar — 8-asr); 2) klassik davr (miloddan avvalgi 8-7-asrlardan 4-asrgacha); 3) ellinistik davr (umumyunon tilining shakllanish davri — miloddan avvalgi 4-1-asrlar); 4) so’nggi yunon davri (milodiy 1-4-asrlar). Yunon tilida quyidagi lahja guruhlari farqlanadi: ioniyattik (ioniyaattika), arkadkipr, eoliy va doriy. Klassik davrning boy adabiyoti ioniy lahjasida — Gesiod, Gerodot; Attika lahjasida — Esxil, Sofokl, Evripid (tragediya), Aristofan (komediya), Platon va Aristotel (falsafa), Fukidid va Ksenofont (tarix), Demosfen (notiklik, stilistika); eoliy lahjasida — Alkey, Sapfo (lirik she’rlar, qo’shiqlar) va boshqalar tomonidan yaratilgan. Gomer dostonlarining tilida (miloddan avvalgi 8-asr) bir necha lahjalarning unsurlari kuzatiladi. Miloddan avvalgi 5-asr oxirlarida Attika lahjasi Yunonistonning adabiy tiliga aylanadi. Ellinistik davrda attik va ioniy lahjalar asosida 2 xil: adabiy va so’zlashuv ko’rinishlariga ega bo’lgan umumyunon tili shakllanadi. Keyingi davrda adabiy til bilan so’zlashuv tili o’rtasidagi farqlar kuchayib, ular mustaqil holda rivojlana boshlaydi. Yunon tili leksikasi juda boy bo’lib, uning tarkibida sof yunoncha qatlamdan tashqari som tillari, fors va lotin tillaridan kirib kelgan so’zlardan iborat o’zlashma qatlam ham bor. Yunon tili leksikasi, lotin tili leksikasi bilan birga, hozirgi ilmiy va ilmiy-texnikaviy terminologiyaning manbai bo’lib qoldi. Ad.: Sobolevskiy S.N., Drevnegrecheskiy yaznk, M., 1948; Tronskiy N.M., Voprosn yazmkovogo razvitiya v antichnom obshestve, L., 1973; Grinbaum N.S., Ranniye formm literaturnogo yazja (drevnegrecheskiy), M., 1984.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz