YUMSHOQ SHANKR
YUMSHOQ SHANKR, shankroid, venerik yara — o’tkir yuqumli tanosil kasalliklardan; jinsiy a’zolar terisi yoki shilliq qavatlarida og’rib turadigan yumshoq yaralar paydo bo’lishi bilan ifodalanadi, uni Yumshoq shankr deb atalishining sababi ham shundan. Petersen Dyukrey Unna streptobasillalari qo’zg’atadi, uni rus olimi Petersen (1887), italyan vrachi Dyukrey (1889), nemis olimi Unna (1892) topgan. Kasallik asosan jinsiy yo’l bilan yuqadi. Yumshoq shankrning ko’tarilib turuvchi, serpiginoz, gangrenoz, gerpetik, follikulyar hamda aralash atipik xillari farqlanadi. Tabiiy sharoitda Yumshoq shankr bilan faqat odam kasallanadi. Yumshoq shankr bilan og’rigan kishilarda barqaror immunitet vujudga kelmaydi. Basilla tashuvchanlik kuzatiladi. Kasallikning inkubasion (yashirin) davri juda qisqa, 2-3 kun davom etadi. Yumshoq shankr yuqqanidan 1-2 kun o’tgach, mikrob tushgan joy qizarib, yiring paydo bo’ladi, so’ng u yorilib yaraga aylanadi. Yara cheti o’yilgan, g’adir-budur va yiringli, atrofi yallig’langan, tubi yumshoq notekis, tez qonaydi, ushlaganda og’riydi. Odatda, undan ko’p yiring oqib, atrofidagi sog’ teri ham zararlanadi va yara ko’payadi. Ba’zan ular kattalashib, qo’shilib ketadi. Yara 1-2 oydan keyin bitib, chandiqlanadi. Yumshoq shankrda ba’zan mikroblar regionar limfa tugunlariga o’tadi va ular yallig’lanib, shishadi (ya’ni bubonlar hosil bo’ladi), yiringlab yoriladi. Yumshoq shankrda zararlangan a’zo og’riydi, bemor o’zini noxush sezadi, gavda harorati yuqori bo’ladi va boshqalar Goho Yumshoq shankr bilan bir vaqtda yoki ketmaket zaxm ham qo’shilishi, bunda unga xos belshlar kechroq namoyon bo’lishi mumkin. Bemorning qoni hamda yaralardan chiqadigan suyuqlik tekshiriladi, unda Petersen Dyukrey Unna streptobasillasining topilishi Yumshoq shankr deb diagnoz qo’yishga asos bo’ladi. Kasallikka gumon qilinganda bemor teritanosil kasalliklari shifokori nazoratiga olinadi. Davosi. O’rta terapevtik dozada sulfanilamide preparatlar va antibiotiklar buyuriladi. Oldini olishda shaxsiy gigienaga rioya qilish, sinashta bo’lmagan kishilar bilan yaqinlik qilmaslik talab etiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz