YULDUZO’T



YULDUZO’T — chinniguldoshlarga mansub bir yillik begona o’t. O’rta Osiyoda tarqalgan. Ildizi o’qildiz, sertomir. Poyasi ingichka, qo’tarilib o’sadi, sershox, bo’yi 5— 30 santimetr. Barglari qarama-qarshi joylashgan, pastkilari bandli, yuqoridagilari bandsiz, tuxumsimon. Gullari oq, mayda, gulbandi uzun. Mevasi cho’ziq, ko’p urug’li ko’sakcha. Aprel — oktyabrda gullab, mevalaydi. Bir tupi 15-20 ming mayda urug’ beradi. Urug’idan va vegetativ usulda ko’payadi. Urug’lari 5-7° da ko’karib chiqadi. Erta bahordan kech kuzgacha maysa beradi. Kuzgi nihollari qishlaydi, poyalari ildiz otadi, ular ham yaxshi qishlab chiqadi. Begona o’t sifatida sabzavot va chopiqtalab ekinlar orasida, paxta maydonlari, kanal, ariq bo’ylarida, xiyobonlar, bog’lar, poliz ekinlari orasida, sernam va soya yerlarda o’sadi. Kurash choralari: ekinlar bir necha marta kultivasiya, o’toq qilinadi, yulingan o’tlar daladan chiqarib tashlanadi, maysa paydo bo’lgunicha gerbitsidlar purkaladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz