YULDUZLI OSMON



YULDUZLI OSMON — tunda osmon gumbazida ko’rinadigan yoritqichlar to’plami. Osmonning tungi yarmisida oddiy qo’z bilan taxminan 2,5 mingta yulduzni (6 yulduz kattaligigacha) ko’rish mumkin, ularning ko’pchiligi somon yo’li va uning yaqinida joylashgan. Teleskopdan foydalanib ko’proq yulduzlarni ko’rish mumkin. Osmon gumbazidan zarur yulduzlarni topishni osonlashtirish uchun Yulduzli osmonni har bir sohadagi eng ravshan yulduzlarini to’g’ri chiziqlar bilan biror shaklga o’xshatib xayoliy tushuntirib, yulduz turkumlari deb nomlanuvchi sohalarga taqsimlash mumkin. Turkumlarning nomlari qisman yunon afsonalari (masalan, Andromeda, Persey, Pegas), qadimiy xalqlarning dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik (Ho’kizboqar, baliq, Quyon, o’qyoy) nomlari bilan bog’langan. Keyinchalik ularga texnika rivojlanishi bilan bog’liq nomlar berila boshlandi (masalan, Sekstant, mikroskop). Hozir jami 88 ta yulduz turkumlarining nomlari bor, ularning orasidagi chegaralar 1930 yilda xalqaro astronomik kengash tomonidan tasdiqlangan. Yulduz turkumlaridagi ravshan yulduzlar, odatda, yunon harf va sonlari bilan belgilanadi. Ayrim yulduz turlari maxsus belgilarga ega (masalan, o’zgaruvchan yulduzlar kichik lotin harflari bilan belgilanadi). Bir qator yulduzlar xususiy nomlariga ega (Altoir, Arktur, Vega, Sirius). Yulduzlarning ko’pchiligi esa ushbu yulduz haqida ma’lumotlar berilgan jadval (katalog) nomi va undagi tartib soni bilan belgilanadi. Yulduzli osmonda, yulduzlar to’dasi, yulduz assotsiatsiyalari, galaktik tumanliklar, galaktikalar, kvazarlar, galaktikalar to’dalari va boshqalarni; Quyosh sistemasiga kiruvchi jismlar: sayyoralar, sayeralarning yo’ldoshlari, kichik sayyoralar, kometalar, sun’iy kosmik ob’yektlarni; Yer sun’iy yo’ldoshlari va kosmik zondlargsh kuzatish mumkin. Yerning o’z o’qi atrofida, shu bilan birga, Quyosh atrofida aylanishi sababli, osmon gumbazining sutkalik ko’rinma harakatlanishi hamda Quyoshning yulduzlararo yillik ko’rinma siljishi tufayli Yulduzli osmon ko’rinishi muntazam o’zgarib turadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz