YULDUZ ATMOSFERASI



YULDUZ ATMOSFERASI — yulduzning nurlanish spektri paydo bo’ladigan tashqi qatlami. Bunday qatlam avval quyoshda kashf etilgan. Atmosfera tufayli Quyosh gardishida yorqinlik bir tekis tarqalmagan va Quyosh spektrida yutilish chiziqlari yaxshi kuzatiladi. Yulduz atmosferasining kimyoviy tuzilishi hamma yulduzlarda bir xil, ammo atmosferaning maxsus tuzilishlari bilan bog’liq bo’lgan chetga chiqishlar (magnit yulduzlari, qo’shaloq yulduzlar va boshqalarda) ham kuzatiladi. Yulduzning ichki qatlamlaridan kelayotgan energiya uning atmosferasi orqali o’tadi hamda Nuriy muvozanatga bo’ysunuvchi yutilish va sochilishlari yo’li bilan tarqaladi. Yulduz atmosferasi spektral asboblar yordamida tekshirilib, kimyoviy tarkibi, temperaturasi, modda zichligi, harakat tezligi, yulduzning o’z o’qi atrofida aylanishi va boshqalar ko’rsatkichlar aniqlanadi. Yulduz atmosferasining tabiati uni tashkil etuvchi atomlarning tarkibiga, ichki qatlamlardan kelayotgan energiya oqimining quvvatiga bog’liq. Ichki qatlamdan chiqayotgan nur tutash spektrga ega. Bu nur atmosferada sochilish va yutilish jarayonlariga uchrashi sababli tutash spektrning ayrim qismlari xiralashadi, ikkinchidan uning yuziga atmosferani tashkil etuvchi atomlarning yutish chiziqlari tushadi. Yulduz atmosferasining bu qismi fotosfera deb ataladi. Fotosfera ustida xromosfera joylashgan. Xromosfera turli spektral chiziqlarda xira nur sochadi. Turli xil yulduzlarda fotosfera va xromosfera turlicha rol o’ynaydi. Yulduz atmosferasi yulduzning energetik rejimini boshqarib turadi. Atmosfera tufayli yulduz birdaniga sovib ketmaydi. Hozirgi davrda turli xil Yulduz atmosferasi o’rganilgan va ularning nazariy modellari yaratilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz