Yuksak maʼnaviyat — yengilmas kuch
Yuksak maʼnaviyat — yengilmas kuch — Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov qalamiga mansub hujjatli adabiy asar. Yuksak maʼnaviyat-yengilmas kuch asari 2008-yilda Maʼnaviyat nashriyoti tomonidan 176 sahifada qattiq muqova bilan chop etilgan. Asar muqaddima va toʻrt bobdan iborat. Kitob qoraqalpoq, tojik, turkman, qirgʻiz va qozoq tillariga tarjima qilinib, chop etilgan.
Islom Karimovning prezidentlik davri mobaynida bu kitob jahon miqyosida, xususan, musulmon olamida ham qiziqish uygʻotdi va Quvayt davlatida arab tiliga,Turkiya Respublikasida turk tiliga tarjima qilindi. Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn kabi mamlakatlarda kitobning taqdimot marosimlari oʻtkazildi.
Asarda yoritilgan masalalar „haqiqatdan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani“ iddaosi bilan davlat va nodavlat tashkilotlar, taʼlim muassasalari va fuqarolar uchun qayta nashr etildi. Islom Karimov hukmronligi davrida ushbu asar propaganda vositasiga aylantirildi, har bir taʼlim dargohlarida, turli tashkilotlarda va davlatning barcha boshqaruv organlarida boʻlishi toʻliq taʼminlandi. Asar asosida darsliklar yaratilib, ayniqsa maktab oʻquvchilarga kuchli singdirildi. Butun respublika boʻylab "Prezident asarlari bilimdoni" tanlovlari oʻtkazilgan.
Syujet
Islom Karimovning ushbu kitobida maʼnaviyatning maʼno-mazmuni, uning inson, jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyati, bu tushunchaning nazariy hamda amaliy tomonlari turli fikrlar, xulosalar orqali tahlil etiladi. Ushbu asar 2008-yil Maʼnaviyat nashriyoti tomonidan chop etilgan. Asar muqaddima va toʻrt bobdan iborat. Birinchi bobda „Maʼnaviyat — insonning ulgʻaish va kuch-qudrat manbaidir“, deb nomlanadi. Ushbu bobda: „maʼnaviyatni anglash“, „maʼnaviyatni shakllantirishdagi asosiy mezonlar“, maʼnaviy va moddiy hayot uygʻunligi haqida tushunchalar berilgan. Ikkinchi bob „Mustaqillik — maʼnaviy tiklanish va yuksalish“ deb nomlanadi. Bunda „ Milliy gʻoya va maʼnaviy hayot“, „maʼnaviyat va jamiyatning yangilanishi“, „islohotlar va ularning maʼnaviy mezoni“ belgilangan. Uchinchi bob „Maʼnaviyatga tahdid — oʻzligimiz va kelajagimizga tahdid“ deb nomlangan.
Bu bobda „Globallashuv jarayonlari va maʼnaviy tahdidlar“, „Fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya“ lar belgilangan. Toʻrtinchi bob „Vatanimiz taraqqiyotining mustahkam poydevori“, „inson qalbiga yoʻl“, „eng buyuk jasorat“ va „Xotima“dan iborat.
Manbalar
Havolalar
Yuksak maʼnaviyat-yengilmas kuch kitobxon saytida
uz.wikipedia.org