YUAN



YUAN, da yuan (Buyuk yuan) — Mo’g’uliston va Xitoyda hukm surgan mo’g’ul sulolasi (13-14-asrlar). Xitoyni istilo etishni Chingizxon boshlab bergan, uning vorisi O’qtoyxon davrida 1234 yilga kelib shimoliy Xitoy mo’g’ullar tomonidan bo’ysundirilgan. 13-asrning 50-yillari oxirida mo’g’ullar davlati amalda bir necha mustaqil davlatlarga parchalanib ketgan. Ulardan biri Xubilay davlati edi (xonlik taxtiga 1260 yil o’tirgan). Bu davlat tarkibi dastlab Mo’g’uliston va shimoliy Xitoydan iborat edi. 1271 yil Xubilay o’z sulolasiga xitoycha yuan nomini bergan. 1279 yil Xubilay qo’shinlari Janubiy Sun saltanatini tugatib Janubiy Xitoyni istilo etishni yakunlashgan. Vetnam, Birma va Yaponiyaga qilingan yurishlar natija bermagan. Xubilayning birinchi vorisi Temur (1295— 1307) dan so’ng taxt uchun qattiq kurash boshlangan. 1308 32 yillarda 6 ta imperator o’zgargan. To’gon Temur davrida (1333-68) Xitoyda xalq qo’zg’olonlari boshlangan. Ulardan eng yirigi “Qizil qo’shinlar” nomi bilan mashhur bo’lgan. 1368 yil Yuan sulolasi ag’darilib xitoyliklarning Min sulolasi hokimiyat tepasiga kelgan. Chingiziylarning Mo’g’ulistondagi hokimiyati ham tanazzulga uchrab bir qancha mayda mulklarga bo’linib ketgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz