YOTOQ YARA



YOTOQ YARA — ko’pincha darmonsiz, og’ir xastalik oqibatida uzoq vaqt ko’rpa-to’shak qilib yotib qolgan bemorlarda tananing suyak bo’rtib chiqqan joylari (dumg’aza, tirsak, tovon, kallaning ensa qismi) da paydo bo’ladigan yara. Asosan bo’rtib chiqqan suyaklar teri osti yog’ qatlamining yuqaligi va terining doimo bosilib, mahalliy qon aylanishining buzilishi sabab bo’ladi. Yostiqtumor. Bunda yumshoq to’qimalar iriydi. Uzoq vaqt bitmaydigan chuqur Yotoq yara orqa miya shikastlanganda, shuningdek, orqa miyaning siqilib qolishi bilan kechadigan kasalliklarda; yirik nervlar, mas, quymich nervi zararlanganda esa tovonda hosil bo’ladi. Vitamin yetishmovchiligida, moddalar almashinuvi buzilganda Yotoq yaraning paydo bo’lish xavfi ko’payadi. Yuraktomir sistemasi yetishmovchiligiga chalinib, tinkamadori qurigan bemorlarda Yotoq yara tez — bir kun ichida hosil bo’lishi mumkin. Yotoq yarada yuqumli kasalliklar (toshmali terlama, ich terlama va boshqalar) zo’rayib ketadi. Shilliq qavatni yot jismlar qisib qo’yganida ham Yotoq yara paydo bo’lishi ehtimoli bor. Bemorni notekis to’shakka yotqizish, choyshabning ifloslanib, yig’ilib qolishi, ich kiyimning choklari va burmalari qalin bo’lishi, o’ringa to’kilgan ovqat qoldiqlari, bemorni palapartish parvarish qilish Yotoq yara hosil bo’lishiga olib keladi. Yotoq yara asta-sekin rivojlanganda avvaliga chegarasi noaniq ko’kimtir-qizil soha ko’zga tashlanadi, so’ngra epidermis (terining yuza qavati) ko’chib tusha boshlab, pufakchalar hosil bo’ladi (bu jarayon bo’lmasligi ham mumkin). Ichkariga va yon tomonlarga yiringli shish tarqalib, muskul, pay va suyaklar usti ochilib qolib, nekroz (to’qimalarning irishi) ro’y beradi. Yotoq yaradan saramas, flegmona, sepsis, gazli gangrena kabi asoratlar qolishi mumkin. Oldini olish. Bemorni to’g’ri parvarish qilish va holatini muntazam ravishda o’zgartirib turish (agar bunga monelik bo’lmasa, miyasiga qon quyilmagan va miokard infarkti bo’lmagan bo’lsa); uni choyshab tekis qilib yozilgan maxsus to’shakka yotqizish va hokazolar. Yotoq yara hosil bo’lishi ehtimoli bo’lgan joylarga, mas, dumg’aza va quymich tagiga choyshab o’ralgan yoki jild kiydirilgan rezina tuvak, tovon tagiga ichiga paxta solingan doka doiralar qo’yiladi; bemor qorni bilan yotganda esa bunday doiralar tizza qopqog’i, do’nglar va yonbosh suyaklari tagida bo’ladi. Badanning eng ko’p botadigan joylari kuniga 1-2 mahal kamfora spirti yoki boshqa spirtli eritmalar bilan artib turiladi. Bunda engil massaj (uqalash) ham qilib boriladi. Asosan ultrabinafsha nurlar, antiseptik vositalar, margansovka (kaliy permanganat) va hokazolar bilan davolaniladi. Yotoq yara paydo bo’lganda bemorning umumiy ahvolini hisobga olgan holda doridarmonni vrach tayinlaydi. Rahmatilla Rahmonov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz