YOSH BUXOROLIKLAR



YOSH BUXOROLIKLAR Buxoro amirligidagi jadidlar partiyasi (firqasi). Dastlab “Tarbiyai atfol” (“bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan. 1910-20 yillarda “Yosh buxoroliklar” partiyasi deb atalgan. Unga taraqqiyparvar ziyolilar, savdogarlar va shahar kambag’allari vakillari kirgan. Ular boshida mavjud amirlik tuzumi doirasida demokratik islohotlar o’tkazish, konstitutsiyaviy monarxiya o’rnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qo’yish tarafdori bo’lgan. Abdulvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy, Usmonxo’ja Po’latxo’jayev (Usmon Xo’ja), Otaulla Xo’jayev, Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Homidxo’ja Mehriy, Musa Saidjonov, Mirzo Siroj Hakim Yosh buxoroliklarning dastlabki tashkilotchilari edi. Keyinchalik uning faoliyatida Fitrat, Fayzulla Xo’jayev va Muhiddin Mansurov katta rol o’ynashdi. Yosh buxoroliklar iqtidorli yoshlarni Istanbul, Qozon, Ufa, Boqchasaroyga o’qishga jo’natdi. Ular partiyaning moddiy mablag’i hisobidan ta’lim olishgan. Fayzulla Xo’jayev va Muhiddin Mansurov partiyaga katta mablag’ ajratgan. Istanbulda “Buxoro ta’limi maorif jamiyati” tashkil qilinib, jamiyat a’zolari Turkistonda maorif tizimini rivojlantirishda muhim ishlar qilishdi. Jamiyatning ko’magi bilan Fitrat va boshqa taraqqiyparvarlarning asarlari Istanbulda nashr qilinib, Turkiston mintaqasiga tarqatildi. Yosh buxoroliklarning maqsadi yangi usul maktablarini ochish, bolalarning savodini tezroq chiqarish, ijtimoiy ongini o’stirish, maktab, madrasa, o’quv tizimini isloh qilish edi. Buxoroda boshlangan harakat tezda Shaxrisabz va Karkigacha tarqaldi. 1912 yil Buxoroda dastlabki gazetalar — tojik tilida “Buxoroyi sharif” va o’zbek tilida “Turon” chiqa boshladi. Gazetalarni moddiy jihatdan ta’minlash va nashr ishlarini yo’lga qo’yishda Muhiddin Mansurov va Mirzo Siroj Hakim muhim rol o’ynashdi. Biroq 1913 yil yanvarda bu gazetalarning faoliyati rus ma’murlari tomonidan taqiqlab qo’yildi. Istanbulda ta’lim olgan ko’plab buxoroliklarning yurtiga kaytishi bilan maorif ishlari yana jonlandi. 1914 yildan boshlab Yosh buxoroliklar ma’rifatchilikdan siyosat sohasiga o’tdilar. Yosh buxoroliklar amirlik tuzumini isloh qilish to’g’risida dadil fikrlar bilan maydonga chiqishdi. Ularning ijtimoiy, siyosiy, ma’rifatparvarlik faoliyati partiya mazmunida endilikda yangicha maqsad va yo’nalish kasb etdi. Buxoroda “Ma’rifat” kutubxonasi va “Barakat shirkati” tuzilib, ular kitoblar nashr qilish va xorijda chiqarilgan turli adabiyotlar, gazeta va jurnallarni Buxoroda tarqatish bilan shug’ullanadilar. Bu ishlarda A. Burhonov, A. Hamdiy, Mirzo Siroj Hakim faollik ko’rsatishdi. Biroq ularning ma’rifatparvarlik intilishlari avval Amir Abdulahad, so’ngra uning o’g’li Olimxon tomonidan katta qarshilikka uchradi. 1917 yil Fevral inqilobi Yosh buxoroliklar ichida kuchlar nisbatining qayta guruxlanishini tezlashtirdi. Asta-sekin isloh qilish tarafdorlari bo’lgan jadidlarga Abdulvohid Burhonov, islohot sohasida faol harakatlarni qo’llovchi, nisbatan oz sonli yosh jadidlarga Fitrat yetakchilik qildi. Yosh buxoroliklar Petrograddagi Muvaqqat hukumatga amirlikda demokratik islohotlar o’tkazishni so’rab, 2 marta telegramma yubordi, Fitrat va U. Po’latxo’jayev Petrogradga jo’natildi. Ular Rossiyadan maxsus komissiya kelayotgani sababli Orenburgdan Buxoroga qaytishdi. Rus rezidenti A. Ya. Miller Buxoroda U. Po’latxo’jayev, A. Burhonov va boshqalar bilan uchrashib, Yosh buxoroliklar talablari bilan qiziqdi. Yosh buxoroliklar yangi usul maktablari ochish, matbuotga erkinlik berish, xalq hukumati tuzish talablarini ilgari surdi. Buxoro amiri Olimxon Miller va uning yordamchisi Shulga tuzgan manifest matnini ayrim tuzatishlar bilan farmoni oliy tarzida e’lon qildi (1917 yil 7 aprel) Amir farmonida nufuzli kishilardan iborat Majlis tuzish, davlat xazinasini ta’sis etish va mamlakat byudjetini belgilash, poytaxtda bosmaxona ochish, sanoat va savdoni rivojlantirish, soliqlarni tartibga solish, amaldorlar ustidan nazorat o’rnatish va ularga moyana to’lash kabilar tilga olingan edi. Yosh buxoroliklarning Fitrat, Fayzulla Xo’jayev va Usmon Xo’jayev boshchiligidagi so’l qanoti farmon e’lon qilingan kunning ertasiga Buxoro shahrida katta namoyish uyushtirdi va Registonda miting o’tkazdi. 14 aprelda Amir o’z farmonini bekor qildi. Yosh buxoroliklar endi Amir hokimiyatiga qarshi yashirin kurash yo’liga o’tdi. Ular Buxoro shahrini tark etishga majbur bo’ldi va yangi Buxoro (Kogon)ga kelib o’rnashdi. Kogonda ular safiga Buxorodan avval chiqib ketgan yirik savdogar Muhiddin Mansurov o’g’illari (Abdulqodir, Amin, Isom Muhidtsinov) va boshqalar bilan kelib qo’shildi. 1917 yil aprel voqealari Yosh buxoroliklar partiyasi ichidagi bo’linishni chuqurlashtirdi va unda A. Burhonov boshchiligidagi o’ng qanot vaqtinchalik ustun keldi. Keyinchalik Yosh buxoroliklar partiyasidan qisman islohotlar o’tkazish tarafdori bo’lgan jadidlarning ulamolar bilan bog’langan Ikrom domla boshchiligidagi guruhi ajralib chikdi. Yosh buxoroliklar safidan yirik sarmoyadorlar chiqib, unga ko’proq shahar kambag’allari kirdi. 1917 yil oktabr—noyabr oylarida Petrograd va Toshkentda sodir bo’lgan voqealar Buxoro amirligida katta akssado berdi. Toshkent va Farg’onadagi jadidlar Turkistonda muxtoriyat e’lon qilish uchun harakat qilgan bo’lsa, Yosh buxoroliklar Buxoroda amirning istibdod tuzumiga karshi kurashni davom ettirdi. Yosh buxoroliklar partiyasi ichida turli guruhlarning borligi, qarashlarning xilma-xilligi tufayli yagona dastur tuzishga ehtiyoj tug’ildi. Markaziy qo’mita bu vazifani 1917 yil noyabrda Fitratga topshirdi. Fitrat bu paytda Samarqandda chiqayotgan “Hurriyat” gazetasining bosh muxarriri edi. Markaziy qo’mita Fitrat tomonidan 1918 yil yanvarda yozilgan Yosh buxoroliklar partiyasining dasturini tasdikladi va islohot loyihasi sifatida e’lon qildi. Unda mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiya o’rnatish, Buxoroning iqtisodiy, siyosiy va harbiy mustaqilligini ta’minlash, madaniy taraqqiyot, dehqonchilik va soliq tizimi masalalariga alohida e’tibor berildi, zamonaviy armiyani tashkil etish, 2 yillik majburiy xarbiy xizmatni joriy qilish, davlat hisobidan maktablar va oliy o’quv yurtlari ochish, 10 nozirlikdan iborat Nozirlar kengashi tuzish taklif etildi. Fayzulla Xo’jayev Fitrat loyihasining ancha cheklanganligini tanqid qilib, unda boshqaruvning respublika usulini joriy etish talab qilinmaganligini ta’kidladi. Oktabr to’ntarishidan keyin sovet Rossiyasi bilan Buxoro o’rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Qo’qon shahrida faoliyat ko’rsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumatini qizil askarlar va arman dashnoqlarining qurolli kuchlari yordamida 1918 yil 19— 12 Fevralda ag’darib tashlagan bolsheviklar endi Buxoroda bir zarb bilan amirlik hokimiyatini ham tugatmoqchi edi. Ular shu maqsadda Fayzulla Xo’jayev boshchiligidagi Yosh buxoroliklarni qo’llab-quvvatlashdi. Yosh buxoroliklar esa o’z kuchlari bilan hukumatni qo’lga ololmasdi. 1918 yil Fevral oyining oxirida Turkiston XKS raisi F. I. Kolesov Ashxoboddan Toshkentga qaytayotganda Kogon shahrida Yosh buxoroliklar rahbarlari bilan uchrashib, Amir hokimiyatiga qarshi kurashda o’z “xizmat”ini taklif qildi. Yosh buxoroliklarning 7 kishidan iborat inqilobiy qo’mitasi (rais—Fayzulla Xo’jayev) tuzildi. Ana shunday murakkab bir vaziyatda Buxoroda 1918 yil mart fojialari sodir bo’ldi. Oqibatda 3 mingdan ortiq Yosh buxoroliklar o’ldirildi. Buxorodan tashqari G’ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Qorako’l tumanlari va Chorjo’y, Xatirchi, Karmana, qarshi, Shahrisabz bekliklarida ham minglab kishilar jadidliqda nohaq ayblanib, qatl etildi. Yosh buxoroliklar amirlik hududidan darhol chiqib ketishga majbur bo’ldi va Turkiston Respublikasidan siyosiy boshpana so’radi. Sovet Turkistoni rahbarlari Yosh buxoroliklarga noxush munosabatda bo’ddi. Muhojirlikdagi Yosh buxoroliklarning ko’pchiligi ocharchilik natijasida qirilib ketdi. Yosh buxoroliklar partiyasida g’oyaviy tushkunlik, guruhbozlik va parokandalik yuz berdi. Muhojirlikning dastlabki davrida (1918 yil mart—iyun) F. Xo’jayev Yosh buxoroliklar qo’mitasining raisi sifatida safdoshlarini ishga joylashtirish va moddiy jihatdan ta’minlash bilan faol shug’ullandi. Toshkentda 1918 yil aprel — may oylarida U. Po’latxo’jayev boshchiligida Yosh buxoroliklarning so’l eserlar guruhi tashkil topdi. Samarqanddagi shunday guruhga Otaulla Xo’jayev rahbarlik qildi (bu guruh 1918 yil 25 sentabrgacha ishladi). Muhojirlikning 2 davrida (1918 yil o’rtalaridan to 1919 yilgacha) RSFSR va Turkiston Millatlar ishi bo’yicha komissarliklari krshida Yosh buxoroliklarning bo’limlari ochildi, Fayzulla Xo’jayev Turkiston Respublikasining RSFSR hukumati huzuridagi Muxtor vakolatxonasida Yosh buxoroliklar partiyasining bo’limini tashkil qildi (1918 yil oktabr). Buxoro amirligida demokratik g’oyalarni targ’ib qilish uchun Yosh buxoroliklar tomonidan oyida 2 marta o’zbek va tojik tillarida jurnali nashr etila boshlandi. 1918 yil 16 noyabrda Moskvada Yosh buxoroliklarning Turkiston MIKdagi Muxtor vakolatxonasi yig’ilishida Fayzulla Xo’jayev tayyorlagan dastur (programma) qabul qilindi. Unda Buxorodagi ijtimoiy tuzum va xalq ahvoli yoritildi, Buxorodagi Amir hukumatini ag’darib tashlash uchun tashviqotchi xodimlar tarbiyalash, Buxoro va Turkiston xalqlari bilan aloqa bog’lash, amirga qarshi xalq qo’zg’olonini tayyorlash va unga rahbarlik qilish, qo’zg’olonchilarni qurol-yarog’ bilan ta’minlash masalalari ko’zda tutildi. Yosh buxoroliklarning maqsadi — Buxoroda demokratik xalq Respublikasi o’rnatish, deb e’lon etildi. 1919 yil o’rtalariga kelib, Yosh buxoroliklarning Toshkent, Samarqand, Mari, Karki, Kattaqo’rg’onda bo’limlari va Kogonda shahar byurosi tuzildi. Shu yil dekabrgacha ularning 3 marta qurultoyi chaqirildi. 1920 yil yanvarda Toshkentda Fayzulla Xo’jayev boshchiligida inqilobchi Yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosi tashkil etildi. 1920 yil 15 apreldan Yosh buxoroliklar partiyasining organi “Uchqun” gazetasi chiqa boshladi (muxarrir — Fayzulla Xo’jayev). U Toshkentda chop qilinib, Buxoroda maxfiy ravishda tarkatildi. Inqilobchi Yosh buxoroliklar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi 1920 yil 13— 14 iyundagi Birlashgan konferentsiyasida F. Xo’jaev tuzgan dasturni kabul qildi. Dastur “Zulmga qarshi birlashingiz!”degan shior va kirish qismi bilan boshlanadi. Bu qismda Buxoroning umumiy ahvoli va Yosh buxoroliklarning asosiy maqsadlari, 2-qismida esa Yosh buxoroliklarning amaliy takliflari, islohot va mamlakatni idora qilishni tashkil etish rejasi bayon etildi. Shariat—Adliya ishlarini olib borishning negizi deb e’tirof qilindi. Dasturda amirlikni qurol kuchi bilan ag’darib tashlash va Buxoroni demokratik xalq Respublikasi deb e’lon qilish talabi qo’yiladi. Katta boylar qo’lidagi erlarni musodara qilish, bepul boshlang’ich ta’lim joriy etish, qishloq xo’jalik, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning ahvolini yaxshilash yo’lida amaliy chora-tadbirlar ko’rish zarurligi ta’kidlanadi. Markaziy byuro Buxoro xalqi va askarlariga qarata o’zbek va tojik tillarida “Xitobnoma” chiqarib, Amir hokimiyatini ag’darib tashlash uchun xalq qo’zg’oloni boshlashga da’vat qildi. 17.000 nusxa xitobnoma va 10.000 nusxa partiya dasturi tarqatildi. Yosh buxoroliklar tashkilotlari butun amirlik hududi bo’ylab tuzilgan, hatto eski Buxoroda uning 12 sho’basi mavjud edi. Bolsheviklar Yosh buxoroliklardan amirlik hokimiyatini ag’darishda foydalandi. Yosh buxoroliklar ham taktik maqsadlarni ko’zlagan holda bolsheviklar bilan yaqinlashdi. 1920 yil 2 sentabrda Turkfront qo’mondoni M. V. Frunze boshchiligidagi qizil askarlar keskin janglardan so’ng Buxoro shahrini bosib oldi. Amir Olimxon hokimiyati ag’darib tashlandi. Xalq Nozirlar Sho’rosi, inqilobiy qo’mita va BKP MKning umumiy yig’ilishida (1920 yil 14 sentabr) 9 kishidan iborat butun Buxoro inqilobiy qo’mitasi (raisi— Abdulqodir Muhiddinov) va respublika hukumati — 11 kishidan iborat Xalq Nozirlar Sho’rosi (raisi — Fayzulla Xo’jayev) tuzildi. Yosh buxoroliklar o’z islohotchilik g’oyalarini yangi hukumatdagi faoliyati davomida amalga oshirishga harakat qildi. Buxoroda amirlik tuzumini ag’darib tashlashdek o’z tarixiy vazifasini bajargan Yosh buxoroliklar partiyasining a’zolari 1920 yil 11 sentabrda umumiy asosda Buxoro Kompartiyasi safiga kirdi. Yosh buxoroliklar partiyasining ayrim a’zolari (Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Abdulhamid Oripov va boshqalar) keyinchalik Buxorodagi istiqlolchilik harakati saflariga o’tib, qizil askarlarga qarshi kurashda katnashdi. 1923 yil iyunda Moskvaning qat’iy talabi bilan Otaulla Xo’jayev (tashqi ishlar noziri), Fitrat (maorif noziri), Sattor Xo’jayev (moliya noziri), Muinjon Aminov (Ekoso raisi) va boshqa sobiq Yosh buxoroliklar lavozimlaridan olinib, Buxoro davlati hududidan chiqarib yuborildi. Yosh buxoroliklar safidagi jadidlarning deyarli hammasi 30y.larning o’rtalarida qatag’on qilindi. Ad.: Ainiy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xo’jayev F. Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Fayzulla Xo’jayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar, T., 1997; jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash, T., 1999; O’zbekistonning yangi tarixi, 2kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Alimova D. A., Djadidizm v Sredney Azii. Puti obnovleniya, reformi, borba za nezavisimost, T., 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Buxoro: tarix sahifalari, Buxoro, 1999; Tarix shohidligi va saboqlari, T., 2001; O’zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Gafarov N., Istoriya kulturnoprosvetitelskoy deyatelnosti djadidov v Buxarskom emirate, Xudjand, 2000. Qahramon Rajabov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz