YOSH
YOSH (biologiyada) — organizmning tug’ilganidan boshlab uning o’sishi, rivojlanishi, voyaga yetishi va qarishidan iborat hayoti tavsifi. Odamlar Yoshi. Odamda kalendar Yosh (tug’ilgandan boshlab muayyan vaqtgacha o’tgan davr) va biologik Yosh bo’ladi. Biologik Yosh organizmdagi moddalar almashinuvi holati va bu jarayonlarning muayyan populyatsiya uchun mos kelishiga qarab belgilanadi. Umrning uzayishi va aktseleratsiyaning rivojlanishi bilan Yosh chegarasi to’g’risidagi tasavvur ham o’zgarib boradi. Odam uchun Yoshning eng yuqori chegarasi 115-125 yil xisoblanadi. Agar biologik Yosh kalendar yo.dan ilgarilab ketsa, u holda vaqtidan oldin qarish deyiladi. Odam Yoshiga ijtimoiy va iqtisodiy sharoit ham ta’sir ko’rsatadi. Hayvonlar Yoshi. Yovvoyi hayvonlar Yoshi ularni tutqinlikda (masalan, hayvonot bog’ida) kuzatish yoki halqalash, qishloq xo’jalik hayvonlari Yoshi ular tug’ilgan vaqtni qayd qilib qo’yish yoki ularni nishonlash orqali, ko’pchilik sut emizuvchilar Yoshi tishlarining yedirilishi yoki shoxlarining holatiga, baliqlar Yoshi tangachalariga, qushlar Yoshi patlariga qarab aniqlanadi. O’simliklar Yoshi urug’ning unib chiqishi yoki niholning rivojlana boshlashidan Yosh hisobga olinadigan davrgacha o’tgan vaqt bilan o’lchanadi. O’simliklar umri o’simlik turiga va u o’sayotgan sharoitga bog’liq. O’simliklar orasida bir necha haftadan (masalan, bahor erofilasi, efemerlar) bir necha ming yilgacha umr ko’radigan turlari (masalan, Avstraliya mikrozaliyasi) bor. Ko’pchilik daraxtlar uzoq yashaydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz