YORMAT MAXSUM
YORMAT MAXSUM (taxminan 1882— 1929) — Farg’ona vodiysida mustabid sovet rejimi va bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurashgan istiqlolchilarning so’nggi bosh qo’mondoni (1923-29). Ulamo oilasida tug’ilib, yoshligida mukammal diniy tarbiya olgan. Yormat Maxsum 1920 yildan boshlab qizil armiyaga qarshi janglarda qatnashib, mohir qo’rboshi sifatida nom chiqardi. Ko’proq O’sh uezdida Olay vohasida harakat qilgan. 1923 yil 17 iyulda Oltiariqdagi Shunkmozor qishlog’ida bo’lgan Farg’ona vodiysi qo’rboshilarining qurultoyida u Farg’ona istiqlolchilarining bosh qo’mondoni etib saylandi. Unga Amir lashkarboshi unvoni berildi. Ahmad polvon, Qoraboy, Umar Ali, Mama Ro’zi kabi qo’rboshilar va ukasi Hoji ponsod uning eng yaqin yordamchilari edi. Yormat Maxsum murakkab bir davrda istiqlolchilarga rahbarlik qildi. 1923 yil avgustda So’x qishlog’ida bo’lgan qurultoydan keyin u o’z harbiy kuchlarini 2 qismga ajratib, birini So’xda qoldiradi, ikkinchi qismini esa olay vohasiga jo’natadi. Yormat Maxsum 1924 yilda bo’lgan janglarda asosiy kuchlardan ajralsa ham, u 1925-29 yillarda Marg’ilon, Qo’qon, So’x tomonlarda kurashni davom ettirdi. Bu paytda uning ixtiyorida 2000 yigit va 10 ta qo’rboshi bo’lgan. 20 yillarning oxirida uning asosiy qarorgohi So’x yaqinidagi Haydarkon qishlog’i (hozirgi Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyati hududida) edi. 1929 yil Haydarkonda bo’lgan janglarning birida Yormat Maxsum mardlarcha halok bo’ldi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; O’zbekiston tarixi (1917— 1991), T., 2000. Qahramon Rajabov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz