YORITISH JIHOZLARI



YORITISH JIHOZLARI bino, kucha, xiyobonlar va boshqalarni yoritish uchun foydalaniladigan qurilmalar (yoritish asboblari va yoritish qurilmalari, yoritish armaturalari). Yoritish asboblari — yoritish, nurlatish, yorug’lik signalizatsiyasi yoki proektsiyalash uchun mo’ljallangan asboblar; yorituvchi, nurlatuvchi, signal beruvchi va proektsiyalovchi xillari bor. Ular optik nurlatish manbai, yorug’lik nuri oqimini fazoda berilgan yo’nalish bo’yicha qayta taqsimlash qurilmalari, konstruktsion detallardan iborat. Konstruktsion detallar yoritish asboblarining barcha qismlarini birlashtiradi va nurlanish manbaini hamda yorug’likni qayta taqsimlaydigan qurilmalarni shikastlanishdan va atrof muhit ta’sirlaridan himoya qiladi. Yorug’lik oqimini to’plash darajasiga qarab, yorug’lik oqimini optik o’q bo’ylab to’la to’playdigan (projektorlar), yorug’lik oqimini optik o’qning ba’zi uchastkasida kichik hajmda to’la to’playdigan (proektorlar), yorug’lik oqimini katta fazoviy burchakda qayta taqsimlaydigan (yoritish jihozlari) xillarga bulinadi. Yorug’lik oqimini qayta taqsimlashda turli shakldagi qaytargichlardan foydalaniladi. Yorug’lik asboblari yig’indisidan iborat yoritqich yoritish qurilmalari deyiladi. Bular yordamida maydon, xona yoki ayrim ob’ektdar yoritiladi. Yoritish armaturalari — yorug’lik oqimini fazoda ma’lum tomonga yo’naltiradigan, taqsimlaydigan va ko’zni qamashishdan saqlaydigan qurilmalar. O’rnatilishiga qarab, osma, shipga, devorga, polga o’rnatiladigan, stolga qo’yiladigan; vazifasiga qarab, oddiy va bezak xillarga bo’linadi. Oddi y yoritish armaturalariga sanoat binolarini yoritish uchun ishlatiladigan qaytargichi emalli, zdlarning baland tsexlari va xonalari, shuningdek, katta ko’chalarni yoritadigan qaytargich oynali, nam o’tkazmaydigan va portlashdan saqlaydigan, stolga qo’yiladigan va boshqalar. Yoritish jihozlari kiradi. Bezak yoritish armaturalariga abajur, lampalar, muzey, teatr va boshqa joylarga o’rnatiladigan lyustra — qandillar, stolga o’rnatiladigan lampalar, yotoqxonalar, yo’lakchalar va poyezd vagonlarida ishlatiladigan lampa ko’cha yoritqichi (Toshkent shahri). Lampalarni mahkamlashda, yorug’likning spektr tarkibini o’zgartirishda, lampochkalarni changdan, namlikdan shikastlanishdan saqlashda yoki o’tga o’ch muhitlardan ajratishda turli moslamalar qo’llaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz