YOQUBOV ODIL
YOQUBOV ODIL (1926.20.10, hoirgi Janubiy Qozog’iston viloyati Qarnoq qishlog’i) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1985). 2-jahon urushi qatnashchisi. ToshDU filologiya fakultetini tugatgan (1956). O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1955-59), “Literaturnaya gazeta”ning O’zbekistondagi maxsus muxbiri (1959-63; 1967— 70), “O’zbekfilm” kinostudiyasi va O’zbekiston davlat kinematografiya qo’mitasida bosh muharrir (1963— 67), G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o’rinbosari (1970-82), “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muxarriri (1982-87), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi (1987-91), O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi atamashunoslik qo’mitasi raisi (1991 yildan) va ayni vaqtda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasining birinchi vitseprezidenti (1995 yildan). Dastlabki asari— “Tengdoshlar” qissasi 1951 yilda e’lon qilingan. “Dastlabki qadam” (1953), “Ikki muhabbat” (1955) hikoyalar to’plami, “Tilla uzuk” (1961) qissa va hikoyalar to’plamida muhabbatni insonga xos ulug’, muqaddas xislat sifatida tasvirlaydi. “Muqaddas” qissasida (1960) Yoqubovning chinakam yozuvchiga xos uslubi va yo’li namoyon bo’ldi. Mazkur asarda xudbinlik yo’liga tusha boshlagan yigitning to’g’ri yo’lga qaytishi masalasi qalamga olingan. “Er boshiga ish tushsa…” romani (1966) 2-jahon urushi davridagi front orqasidagi hayot, mehnat qahramonliklari, xalqimizning vatanparvarligi va mardligi haqida. “Bir feleton qissasi” (1961), “Qanot juft bo’ladi”, “Matluba” (1970) qissalari va ko’pgina hikoyalarida yoshlarning turmushda yuz bergan ziddiyatlarga qarshi mardonavor kurashi, muhabbati tasvirlangan. “Ulugbek xazinasi” romani (1973) olim va hukmdor Ulugbek davridagi ijtimoiy munosabatlar, olis o’tmishimizdagi nur va zulmat o’rtasidagi kurash haqidagi asardir. Romanda ayanchli taqdirlar, fojialar ko’p, ammo optimistik ruh— inson tafakkuri va ezgulikning tantanasiga ishonch bor. “Ko’hna dunyo” (1982) romanida o’rta asrda yashab jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan olimlar Ibn Sino va Beruniyning fojiali taqdiri qalamga olingan. “Diyonat” (1977), “Oq qushlar, oppoq qushlar” (1988), “Adolat manzili” (1998) romanlarida o’zbek xalqining 20 asrning 60—70 yillaridagi hayoti va kurashi manzaralari haqqoniy tasvirlangan. Garchi bu asarlarning asosiy qahramonlari turli sohalarning vakillari, xarakterlari ham turlicha bo’lsada, taqdirlari, maqsad va intilishlari bilan bir-birlariga o’xshaydilar. Ular nopob tuzumda yashab ko’p nohaqliklarni, fojialarni boshdan kechirgan, ammo tinmay mehnat qilgan va kurashgan, milliy mustaqillik poydevorini qurgan, mustahkam irodali, mard va olijanob insonlardir. Yoqubov mazkur romanlari bilan o’zbek nasridagi ijtimoiy ruh, keskin konflikt, xarakterlar, psixologizmni sezilarli darajada kuchaytirdi, uni yangi xarakterlar, yangi badiiy xulosalar bilan boyitdi. Yoqubov “Chin muhabbat” (1955), “Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi”, “Yurak yonmog’i kerak” (1958), “Olma gullaganda” (1961), “Muzaffar Temur” (1996), “Bir koshona sirlari” (2000) kabi pyesalar, “Dilbarim”, “Baqor yomg’irlari” kinossenariylari (1971) muallifi. Yoqubov mohir tarjimon, munaqqid, publitsist. Uning Abdulla Qodiriy, G’afur G’ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov va boshqalar ijodiga bag’ishlangan adabiy portret va maqolalari bor. Asarlari chet tillarga, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillariga tarjima qilingan. Yoqubov ijodi haqida adabiyotshunoslar Matyoqub Qo’shjonov, Ozod Sharafiddinov, Leonid Terakoyan, Umarali Normashov, Norboy Xudoyberganov, Botir Norboyev va boshqa ilmiy tadqiqot ishlari qilishgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977), “Do’stlik” (1994), “El-yurt hurmati” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. As: Saylanma [3 jildli], T., 1987. Ad.: Qo’shjonov M., Hayot va mahorat, T., 1962. Habibullo Bektemirov, Alinazar Egamnazarov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz