YONUVCHI SLANESIAR
YONUVCHI SLANESIAR qattiq kaustobiolitlar guruhiga mansub foydali qazilma. Tarkibi organik (massasining 10-30 dan 50-70% gachasi sapropel yoki gumussapropel) va mineral (gilli, kremniyli va boshqalar) qismlardan iborat. Quruq haydalganda ko’p miqdorda kimyo mahsulotlari manbai hisoblangan slanes moyi, yonuvchi gazlar va smola suvi olinadi. Yonuvchi slaneslar, asosan, kaltsit, dolomit, gidroslyudalar, montmorillonit, kaolinit hamda 10-30% organik birikmalardan tuzilgan. Suv ko’katlari va gumuslarning miqdoriga qarab sapropelitli hamda gumitsapropelitlilarga bo’linadi. Sapropelitli Yonuvchi slaneslar gumitsapropelitlilardan tarkibida vodorodning ko’pligi (8-10%) va gumin kislotalarning kamligi (0,5%) bilan farq qiladi. Smola 30% gacha bo’ladi va issiqlik berish quvvati 3500-4000 kkal/kg gacha. Yonuvchi slaneslar hosil bo’lishiga ko’ra dengiz, Laguna va ko’l sapropelitlariga bo’linadi, tarkibiga qarab esa gil, karbonat, kremniyli bo’lishi mumkin. Yonuvchi slaneslar paleozoy, mezozoy va kaynozoyning hamma geologik sistemalari yotqiziqlarida mavjud. Tektonik jihatdan qaraganda Yonuvchi slaneslar asosan platformalarda, kamroq geosinklinal oblastlarda tarqalgan. Yer sharida Yonuvchi slaneslarning umumiy potentsial resurslari 450 trillion tonna deb baholanadi, shundan 431 trillion tonna AQShda, O’zbekistonda Yonuvchi slaneslar Boysun va Yakkabog’da topilgan. Eng yirik konlari Estoniya, Belorussiya, Rossiya (shimoli g’arbi), Ukraina (Boltish), Qozog’iston, AQSh (Kolorado, yuta, Vayoming), Kanada, Xitoy, Braziliya, Angliya va boshqa davlatlarda bor. Yonuvchi slaneslar dan sanoatda moy va gaz olishda qamda qattiq yoqilg’i sifatida, slanesli smolalardan kimyoviy xom ashyo (fenol, plastifikator, ixtiol va boshqalar olinadi), chiqindisi (kuli)dan qurilish materiali (tsement va boshqalar) sifatida foydalaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz